
Evropa Ligasida "adashib" qolgan futbolchilardan tashkil topgan ramziy jamoa
Evropa Konferentsiyalar ligasi tashkil topgach, Evropa Ligasidagi ishtirok etadigan jamoalar soni kamaytirildi. Bu esa, turnir darajasini ko‘tarilishiga turtki bo‘ldi. Har qanday musobaqa unda qatnashayotgan sportchilarning darajasidan kelib chiqib baholanadi. SPORTS.uz joriy mavsumda Evropa ligasida to‘p surayotgan eng kuchli futbolchilardan tashkil topgan ramziy jamoani e’tiboringizga havola etadi.
Darvozabon — Kasper Shmeyxel ("Lester", Angliya)
Afsonaviy darvozabon Peter Shmeyxelning o‘g‘li allaqachon otasi singari mashhur bo‘lishga ulgurdi. U "Lester" bilan APL oltin medallariga ega chiqqach, omma e’tiboriga tushdi. Keyin, o‘z darajasini yo‘qotib qo‘ygani yo‘q. Ortda qolgan Evropa chempionatida Shmeyxel jamoasini yarim finalgacha etib kelishida katta rol ijro etdi.
O‘ng qanot himoyachisi — Jovanni di Lorentso ("Napoli", Italiya)
Italiya terma jamoasi safida Evropa chempionatini "yondirgan" o‘ng qanot himoyachisi ayni dam o‘z pozitsiyasida A Seriyaning tengsiz futbolchisi sanaladi. Luchano Spalleti "Napoli"ni Apennin yarimorolidagi eng kuchli jamoaga aylantirish maqsadida tarkibni to‘liq saqlab qolishni uddaladi. Jovanni uning jamoasidagi eng muhim figuralardan biri.
Markaziy himoyachi — Kurt Zuma ("Vest Xem", Angliya)
EChLning amaldagi g‘olibi hozir Londonning boshqa bir jamoasi bilan Evropa ligasida g‘alaba qozonish uchun asosiy da’vogardan biri bo‘lib turibdi. Angliyalik himoyachi "Chelsi" tarkibida 150 dan ortiq o‘yin o‘tkazgan. Hozir Ogbonna bilan birgalikda ajoyib tandem hosil qilgan xolda, yangi jamoasiga yordam berishda davom etmoqda.
Markaziy himoyachi — Kalidu Kulibali ("Napoli", Senegal)
So‘nggi 5 yil ichida Kalidu deyarli barcha grand klublar short-listidan o‘rin egallaganiga qaramay, yakunda Neapolda qolishni afzal ko‘rdi. Qahramonimiz o‘z tanlovidan hech qachon afsus chekmasligiga 100 foiz ishonchi komil. A Seriyaning yangi mavsumida oyning eng yaxshi futbolchisi, deb e’tirof etilgan himoyachi turnirning eng qimmat 10 futbolchisidan biri sanaladi.
Chap qanot himoyachisi — Emerson ("Lion", Italiya)
Ortga qolgan mavsumda Emerson ikkita katta forumda ishtirok etib, oltin medallarga ega chiqdi. Avvaliga, "Chelsi" bilan EChLda, keyin Italiya terma jamoasi bilan qit’a birinchiligida shohsupaga ko‘tarildi. 2021/22 yilgi mavsumni qanot himoyachisi ijara asosida "Lion" klubida o‘tkazmoqda.
Yarim himoyachilar — Deklan Rays — ("Vest Xem", Angliya)
22 yoshda bo‘lishiga qaramay, Deklan APLdagi eng qadri baland futbolchiga aylanib ulgurdi. "Manchester Yunayted" va "Chelsi" Rays uchun 80 million funt berishga tayyor, biroq "bolg‘achilar" o‘z etakchisini 100 "limon"dan kamiga qo‘yib yubormoqchi emas. London klubi yarim himoyachi bilan 2024 yilga qadar mo‘ljallangan shartnoma imzolagan. Katta ehtimol bilan, uning transferi 2023 yilda amalga oshishi mumkin.
Sergey Milinkovich-Savich — ("Latsio", Serbiya)
Ko‘plab mutaxassislar Sergey Rimda keragidan ortiq muddat qolib ketdi, deb hisoblamoqda, ammo hali unda grand jamoa libosini kiyish imkoniyati bor. Serb hali 26 yoshda. Hozir u "tiffozilar"ning olqishidan zavq olgancha, Evropa Ligasida g‘alaba qoznish haqida o‘ylamoqda.
Yuri Tilemans — ("Lester", Belgiya)
Bu pozitsiyada Fabian Ruis, Tomash Souchek yoki Mikel Merino bo‘lishi mumkin edi. Shunga qaramay, biz "tulkilar" a’zosini tanladik. Karerasidagi pasayishdan so‘ng, Yuri o‘z vaqtida Angliyaga tashrif buyurdi va o‘z "murabbiyi"ni topdi. 24 yoshga qadam qo‘ygan Tilemans allaqachon APLning eng kuchli yarim himoyachilari qatorida tilga olinmoqda.
Chap qanot vingeri — Lorentso Insine ("Napoli", Italiya)
Amaldagi Evropa chempioniga ortiqcha ta’rif berishning hojati yo‘q. U ortga qolgan qit’a birinchiligi davomida jamoasi g‘alabasi uchun eng katta hissa qo‘shgan 3 futbolchidan biri sifatida tarixga kirdi. Endi esa, Spalleti bilan birgalikda Neapol jamoasi tarixida yangi sahifa ochish uchun "jang" qilmoqda.
O‘ng qanot vingeri — Mikel Oyarsabal ("Real Sosedad", Ispaniya)
Jamoa hozir La Ligada peshqadamlardan biri. Mikel hisobidagi sermahsullik 6+1 ko‘rinishida. Ispaniya terma jamoasidagi ishlari ham a’lo darajada. U avvaliga Evropa chempionati yarim finalida, keyin Olimpiada va Millatlar ligasi finalida to‘p surdi. Joriy mavsum gol+pas tizimida ishlagan ochkolari allaqachon 30dan ortib ketdi. Bejizga, uni Pep Gvardiola o‘z jamoasida ko‘rishni orzu qilmayapti.
Markaziy hujumchi — Chiro Immobile ("Latsio", Italiya)
Forvard so‘nggi yillar davomida A Seriyaning eng yaxshi to‘purariga beriladigan sovringa jiddiy da’vogarlik qilyapti. 2020 yilda esa, "Oltin butsa" uchun kurashda ham g‘olib chiqdi. Uning "Latsio"dagi statistikasiga e’tibor qarating: 228 o‘yin, 157 gol va 44 assist! Shunchaki fantastika!
Alternativ tarkib: Antoni Lopesh ("Lion"), Rikardu Pereyra ("Lester"), Jeyson Denayer ("Lion"), Franchesko Acherbi ("Latsio"), Kayo Enrike ("Monako"), Fabian Ruis ("Napoli"), Tomash Souchek ("Vest Xem"), Florian Virts ("Bayer"), Vissam Ben Yedder ("Monako"), Viktor Osimxen ("Napoli"), Aleksandr Isak ("Real Sosedad").
Fikrlar