
Evropa klubi o‘zbek futbolchisiga “klient” qidiryapti!
BATE rahbariyati jamoa bosh murabbiyi Aleksandr Mixaylov bilan urishib qolgan hujumkor futbolchi Shahboz Umarovdan tezroq qutilishga harakat qilmoqda, deb xabar tarqatdi belaruslik jurnalist Nikolay Xodasevich.
Shahboz Umarov chempionlik uchun kurashayotgan BATEning eng kuchli futbolchisi va asosiy aktivi sifatida e’tirof etilgan. Borisovliklar o‘yini ochilib borayotgan o‘zbekistonlik legionerni yana yarim mavsum o‘ynatib, shu yoz qimmatroq narxga sotib yuborishni rejalashtirgan edi.
Biroq, mavsumoldi tayyorgarlik davrida kutilmagan mojaro yuzaga keldi. O‘rtoqlik uchrashuvlaridan birida asosiy jamoani qabul qilib olgan yangi bosh murabbiy Aleksandr Mixaylov maydonda chiroyli o‘ynashga harakat qilgan o‘zbek futbolchisini ikki bor haqorat qiladi.
Bunaqa muomalaga ko‘nikmagan hamyurtimiz indamay maydonni tark etadi. Keyinchalik qilmishi uchun bosh murabbiydan uzr so‘ragan Shahboz Umarov o‘rinbosarlar tarkibiga o‘tkazildi.
Shu pallada ishga futbolchining agentlari aralashadi. Belarus matbuotida tarqatilgan xabarga ko‘ra, Umarov manfaatini himoya qilayotgan mutaxassislar futbolchining o‘rinbosarlar safida to‘p tepishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Natijada Umarov mavsum boshlanganidan beri birorta bellashuv qaydnomasiga ham kiritilgani yo‘q. Klub rahbariyati eng qimmatbaho o‘yinchisining narxi tushib borayotganidan xavotirda. Belarusda o‘zbek futbolchisining maoshini ko‘taradigan klublar deyarli yo‘q. Kuchliroq ligalar vakillari esa, yarim yildan oshiqroq vaqt mobaynida maydonga tushmagan o‘yinchi uchun ko‘p ham xarajat qilavermaydi.
Nikolay Xodasevichning ma’lumot berishicha, BATE mutasaddilari o‘zbek futbolchisini keyinchalik sotib olish huquqi bilan ijaraga oladigan klub qidirmoqda. Har holda o‘ynamayotgan futbolchiga quruq maosh to‘lashdan uni ijaraga berib pul ishlagan ma’qulroq variant.
Borisovliklar Umarov aktividan pul ishlab olish fikridan qaytgani yo‘q. Byudjetda pul kam. BATEni Aleksandr Filippovichdan keyin boshqa legionerlar ham tark etishi haqida xabarlar ko‘payib borayotgani bejiz emas, - deb yozdi Nikolay Xodasevich.
Shahboz Umarov Belarus chempionatiga 2020 yilning boshida ko‘chib borgan. Dastlabki mavsumni “Energetik-BGU” safida o‘tkazgan hamyurtimiz 30 ta uchrashuvda to‘rtta gol va uchta assist qayd etdi. Uning o‘yini mutaxassislar tomonidan yuqori baholanib, mavsumning o‘rtasidayoq BATE Umarov bilan shartnoma imzoladi va yarim mavsum “Energetik-BGU”da qolishiga ruxsat berdi.
O‘tgan yili Shahboz borisovliklar tarkibida o‘zini ko‘rsatdi. Jamoaning haqiqiy etakchisiga aylangan hamyurtimiz 27 ta uchrashuvda raqiblar darvozasini olti marotaba ishg‘ol qilib, jamoadoshlariga sakkizta golli pas uzatdi.
Bu mavsumda esa, hamyurtimizga umuman imkon berilmaganini yuqorida aytdik.
Shunga qaramay, Belarus oliy ligasida o‘zbek futbol maktabi tarbiyalanuvchilari alohida qadrlanadi. Xususan, “Energetik-BGU” safida o‘ynayotgan Bobur Abduxoliqov 13 ta gol bilan chempionat to‘purarlari poygasida birinchi o‘rinda bormoqda. Shohruhbek Abdurahmonov, Abdulqodir Husanov va Abbosbek Jumaqulov jamoaning sovrinli o‘rinlar uchun kurashishiga katta hissa qo‘shyapti.
Yaqinda Belarus oliy ligasining yana bir vakili – “Belshina” o‘zbekistonlik hujumchi Vladislav Nurievni o‘z tarkibiga qo‘shib oldi.
Shomurodovni "Roma"dagi do‘sti bilan boshqa superklubda kutishyapti!
Shomurodovga raqobatni boy bergan hujumchi “Real”da Benzema o‘rnini egallaydi!
Fikrlar