
Evropa Chempionlar ligasi: Prevyu
Bugun tunda yil davomida futbol ko‘rmaydigan insonlar ham televizor qarshisiga o‘tiradi. Ularga ashaddiy futbol muxlislari jamoalarning darajasini qanchalik tushuntirishga urunmasin, o‘yin shiddatli kechmagan taqdirda, ularga final ham tatimaydi. Final qarama-qarshiligi oldidan esa bemalol ularga ham qiziqarli futbolni va’da bera olamiz. Chunki, ikkala tomon ham hujumni yaxshi ko‘radigan, himoyada esa biroz oqsaydigan klublar hisoblanadi. Nega futbolga qiziqmaydiganlar haqida gapirmoqdamiz? Sababi, ushbu sport turiga o‘rta darajada qiziquvchi muxlislar ham ushbu bellashuv darajasini his qilib turishibdi. Bugungi kunimizni rejalashtirar ekanmiz, albatta unda futbol ko‘rish bandi kiritiladi. Mana shunday katta voqea oldida turibmiz.
Ayni davrdagi pandemiya bilan bog‘liq vaziyat yana ko‘p yillar davomida eslanishi aniq. Ushbu qiyin sharoitda EChLda kim chempion bo‘lganligi esa yanada qiziqarli savolga aylanadi. Mana shu jihat ham final mavqeyini oshirib yuboradi.
Bugun g‘olib jamoa trebl nishonlashini ham unutmasligimiz kerak. Myunxenliklar 2013 yilda bu ishni uddalagan. Tunda yoki PSJ trebl qayd etgan kam sonli klublar safiga qo‘shiladi yoki “Bavariya” trebllar soni bo‘yicha “Barselona”ga etib oladi.
PSJ
Nosir al-Xelayfining naqadar xursandligini uning quyidagi so‘zlari ko‘rsatib turibdi: “Agar PSJ chempion bo‘lsa, “BeIN SPORTS” kanali bir yilga tekinga efirga ketadi”. U jamoani shu darajaga olib chiqish uchun 1,3 mlrd evro sarflagani haqidagi xabarlar chiqdi. Ammo bu faqat xarid qilingan futbolchilarning summasidir. Qatarlik ishbilarmon klubni sotib olib, uning infratuzilmasini grand klub darajasiga olib chiqquncha ozmuncha mehnat va xarajat qilgani yo‘q.
Tuxelga esa shunchaki respekt. Birinchi mavsum u qadar ko‘ngildagidek chiqmagach, uning ketishi haqidagi gaplar chiqa boshladi. U esa jimgina o‘z ishini bajarib, barcha turnirlarda stabil o‘ynay oladigan jamoa yaratdi. Ushbu mavsum hisobidan barcha milliy titullar qo‘lga kiritildi. Endi ular oldida qolganlaridan 180 gradusga farq qiluvchi o‘yin, sinov kutib turibdi.
Parijliklar o‘z tarixida birinchi bor finalga etib kelguncha katta jamoalarni mag‘lub etishiga to‘g‘ri keldi. Guruh bosqichida “Real”ga hech qanday imkon qoldirilmadi. Nimchorak finalda “Borussiya” va chorak finalda “Atalanta” iroda evaziga taslim etilganini yaxshi eslaymiz. Final ostonasida “Leyptsig” kutilmaganda jiddiy qarshiliksiz taslim bo‘ldi.
Evrokuboklardagi uchrashuvlar tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Parij klubining ustunligini ko‘ramiz. 8 ta bellashuvning barchasi guruh bosqichida va 5 ta bahs PSJ foydasiga hal bo‘lgan.
Taxminiy tarkib: Navas, Kerer, Tago Silva, Kimpembe, Bernat, Errera, Markinos, Paredes, Di Mariya, Neymar, Mbappe.
“Bavariya”
Myunxenliklarning fantastik mavsumi haqidagi gaplar har tarafdan jarang sochmoqda. Keling, biz ularning zaif tomonini izlashga harakat qilib ko‘ramiz. Zero shundoq ham ularni alqovchi maqolalarni yil bo‘yi o‘qib keldik. Avvalo, “Bavariya” kabi finallarda ko‘p mag‘lub bo‘lgan jamoa evrokuboklar tarixida bo‘lmasa kerak. Har gal ularga nimadir xalaqit berib qolishining guvohi bo‘lamiz. So‘nggi ikki final misolida barchasini yodga olishga urinamiz. 2012 yilda Roberto Di Matteoni bosh murabbiy qilib tayinlashga majbur bo‘lib qolgan “Chelsi” finalda ularga raqiblik qildi. Muammoli London klubini “Bavariya” finalda yanchib tashlashiga ko‘pchilik ishongandi. Ammo ular "Barselona”ni tasodifan engmaganligini ko‘rsata oldi. E’tibor bering, uchrashuv mobaynida deyarli hujum qilmagan “Chelsi” uchrashuv yakunlanishi arafasida qo‘lga kiritgan birinchi burchak zarbasidan gol urib ketdi. Bungacha myunxenliklar 17 marta korner amalga oshirib ulgurgandi. O‘zi nemis mashinasiga burchakdan gol urish ancha oson, shekilli. 1999 yilgi finalda ham o‘yin yakunidagi 2 ta burchak uzatmasi barchasini hal qilib qo‘ygandi.
2013 yilda esa jarohatlangan Messisi bilan o‘ynashga majbur bo‘lgan “Barselona”ni ikki o‘yin hisobidan er tishlatgan Xaynkes shogirdlari finalda hamyurtlari “Borussiya”ga qarshi bahs olib borishi lozim edi. Barcha “qizillar”ning oson g‘alabasini taxmin qilib turgan paytda uchrashuv taqdiri Robben gol urmaguncha mavhum qolayotgan edi.
Yana bir jihatga e’tiboringizni qaratgan bo‘lardim. Agar Flik “Bavariya”ni so‘nggi daqiqalarda gol o‘tkazib yuborishga tayyorlamasa, ish pachava. O‘yin yakunlanishi arafasidagi gollar jamoaga doim qattiq ta’sir qilib kelgan.
Demakki, EChL finali ularga doim qiyinchilik tug‘dira olgan.
Biz “Bavariya”ning final imkoniyatlarini pasga tushirmoqchi emasmiz. Final qanchalik intrigaga boy o‘tsa, biz shuncha xursand bo‘lamiz.
Taxminiy tarkib: Noyer, Kimmix, Boateng, Alaba, Devis, Goretska, Tyaago Alkantara, Perishich, Myuller, Gnabri, Levandovski.
So‘roq ostida: Boateng, Pavar.
Murabbiylar
Tomas Tuxel: “Ular yaxshi tezlik olgan. Bu jamoada g‘alabaga chanqoq yoshlar va tajribaga boy futbolchilar qorishmasini ko‘rishingiz mumkin. Ammo bizda ham ushbu turnirni yutishga muvaffaq bo‘lgan Navas, Di Mariya va Neymar kabi futbolchilar bor. Ammo “Bavariya”da finallarda o‘ynash tajribasi mavjud. Ayni mana shu ularga kichik ustunlik berishi mumkin”.
Xans-Diter Flik: “Biz doimgidek o‘zimizning eng yaxshi futbolimizni namoyish etishni xohlaymiz. Agar biz o‘z imkoniyatlarimiz darajasida harakat qila olsakgina, ushbu o‘yinda g‘olib chiqamiz. Ular EChL joriy mavsumida atigi 5 ta gol o‘tkazib yuborgan yagona jamoa. Bu ularning orqa chizig‘i hujumdagilardan kam emasligini ko‘rsatadi. Bizda ushbu uchrashuv uchun aniq rejalar bor va ularni bahsga tatbiq eta olamiz, deb o‘ylayman”.
Xulosa o‘rnida
Biz mavsum davomida “Bavariya” uslubini qisman o‘rganishga muvaffaq bo‘ldik. Ular doimo markazda kuchli pressing uyushtirib, raqibni qanotlarda o‘ynashga majbur etadi. Ya’ni, markaz orqali kirib borib, myunxenliklar darvozasini ishg‘ol qilish holatlari juda kam uchramoqda. Markazda siquvga uchragan hujum majburiy tartibda qanotga ko‘char ekan bu erda uni Kimmix va Devis kabi yosh va tezkor futbolchilar qarshi oladi. Ko‘pchilik jamoalarning u qadar tezkor bo‘lmagan vingerlari bu masalada o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishmoqda. Hatto tajribali Messi qay ahvolga tushganini ko‘rdik. Ammo PSJning ustunligi shundan iboratki, o‘ng qanotda himoyadagi Devisdan tezlikda qolishmaydigan Mbappe o‘ynaydi. Aynan mana shu ularga katta muammo tug‘dirishi mumkin. Markaziy himoyasi u qadar mukammal bo‘lmagan “Bavariya”ga Ikardi yaxshigina qarshilik ko‘rsata oladi.
Nominal mehmonlar hujumi haqida esa nimdir deyishga ojizmiz. Bu hujum shu qadar bexato ishlamoqdaki, ularning ushbu uchrashuvda gol urmasligi mumkin emasdek tuyulmoqda. FIFA tomonidan “The Best”ning qayta tiklanishi - uning Levandovskiga topshirilishi, demakdir.
Eng so‘nggi xulosani berish vaqti keldi. Yuqoridagi barcha faktorlarga qaramay, “Bavariya” - favorit. PSJ esa bu kabi fikrlar noto‘g‘riligini Daniele Orsatoning xushtagi chalingach isbotlashi mumkin.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar