
"Endi imkon qolmagan, xohish bor, lekin..." - "Dinamo" legioneri taqdirga tan berdi...mi?
Hozirgi kunda samarqandlik muxlislarga og‘ir. O‘tgan yili “Dinamo”ning Superligaga qaytganini xursandchilik bilan qarshi olgandilar. Endi esa bir yil o‘tar-o‘tmas bechora ishqibozlar sevimli jamoasining pro ligaga ravona bo‘layotganidan qattiq iztirobdalar.
To‘g‘ri, chempionat tugashiga yana 4 ta tur qoldi. “Dinamo” esa allaqachon o‘ziga-o‘zi “hukm” o‘qib bo‘lgandek. Chunki turnir jadvalida ular 9 ochko bilan oxirgi o‘rinda qolib ketdi. 13-pog‘onadagi “Qo‘qon-1912”da esa 18 ochko bor. Endi xulosa o‘zingizdan!
“Dinamo”dagilar birinchi davradan keyin ham tarkibni yanada kuchaytirib, qiyin vaziyatdan chiqib ketish uchun harakatga tushib qolgandilar. Erkin Boydullaev, Marat Bikmaev kabi gruziyalik legioner Elguja Grigalashvilini ham “Navbahor”dan “Dinamo”ga o‘tishga ko‘ndirishdi. Rosti, yozgi selektsiyada tajribali ushbu futbolchining chempionlik uchun kurashayotgan “Navbahor”ni tark etib, Superligada qolish uchun kurashayotgan “Dinamo” tarkibiga qo‘shilishini hech kim kutmagandi. Xo‘sh, legioner o‘yinchi Samarqanddagi faoliyati haqida nimalar deydi?
- “Dinamo” mavsumni juda bo‘sh va omadsiz o‘tkazyapti. Natijalar ham shunga yarasha qoniqarsiz. Vaholanki, yozgi selektsiyada tarkibda sizdan tashqari Marat Bikmaev, Erkin Boydullaev, Shoxruh Mahmudxojiev kabi futbolchilar taklif qilingandi. Shunda ham natijalar salbiy...
- Ammo bu - futbol. Unda esa yutish mumkin bo‘lgan narsalarni qo‘lga kiritishga intilmoq kerak. Bundan boshqacha bo‘lishi mumkin emas.
- Deyarli barcha “Dinamo”da Superligada qolish uchun imkoniyat qolmagani haqida gapirimshmoqda. Bizningcha ham “Dinamo” endi jon saqlab qola olmasa kerak. Bu fikrga qo‘shilasizmi yoki yo‘qmi?
- Yo‘q, endi imkon qolmagan. Hech qanday!
- “Dinamo”da moliyaviy tomondan holat qanday? Bu borada muammo bormi?
- Hech qanday. Moliyaviy masalada muammolar yo‘q.
- Ikkinchi davra boshlarida bosh murabbiylikka kelgan Vadim Abramov ham natija ko‘rsata olmayapti. U kelgach, jamoa o‘yinida qandaydir o‘zgarish sezildimi?
- O‘yinimiz omadli chiqyapti, deya olmagan bo‘lardim. Shuning uchun ham...
- “Navbahor”da hammasi yaxshi edi. “Dinamo”ga ko‘chib o‘tib xato qildim deb o‘ylaysizmi? Bunday yo‘l tutishingizga nima sabab bo‘lgandi?
- Hech qanday sabab yo‘q. Shunchaki, ketishni xohladim. Albatta, jamoaga yordam bermoqchi edim, iloji bo‘lmadi.
- Qoniqarsiz o‘yin va natijalardan so‘ng “Dinamo” futbolchilarida kayfiyat ham, xohish ham shunga yarashami?
- Deyarli har bir o‘yinni boy berayotganimizdan keyin ahvol qanaqasiga yaxshi bo‘lsin?! Xohish bor, lekin bizda hammasi omadsiz ketyapti.
Ha, Grigalashvili ham ko‘rinishidan taqdirga tan bergan ko‘rinadi. Ammo ko‘ryapmizki, legioner “Dinamo” tarkibida har bir uchrashuvda deyarli to‘liq o‘ynab, jamoasi uchun kurashyapti. Biroq natija o‘xshamaganidan keyin u ham nima qilsin?! Grigalashvili ikkinchi davradan “Dinamo” safida to‘liq o‘ynab kelyapti. Lekin hozircha u faqat bitta gol urdi xolos.
U chempionatimizda “Qizilqum”, AGMK, “Navbahor” singari klublarda to‘p surdi. Biroq hech birida “Dinamo”dagichalik omadsizlikka yuz tutmagandi. Futbolda esa hamma narsa bo‘lishi mumkinligini shundan ham bilish mumkin.
Fikrlar