
Eldor Shomurodov “Real” yoki “Barsa”da o‘ynashiga ishonaman!
Xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar sahifalarida O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodovning “Jenoa”dan “Roma”ga o‘tgani haqidagi xabarlar keng muhokama qilinmoqda.
Aslida A Seriyadagi debyut mavsumini muvaffaqiyatli o‘tkazgan legionerimiz transferi haqidagi xabarlar qishki transferlar davridan beri davom ettib kelayapti. Eldorga avvaliga “Yuventus”, keyinchalik mavsum oxirlashi bilan “Milan” va “Roma” qiziqayotgani haqida ko‘p xabarlar chiqdi. Ayniqsa, “Roma”ni qabul qilib olgan Joze Mourinoning o‘zbek futbolchisi bilan shaxsan tanish ekani va Rim klubi xo‘jayinlaridan uni olib kelishni so‘ragani haqidagi ma’lumotlar hech kimni befarq qoldirgani yo‘q.
Rossiyaning “Match TV” kanali tarqatgan xabarga qaraganda, Shomurodovning “Roma” transferi jami 20 million evroga tushgan. Dastlab, rimliklar 2,5 million evro evaziga Shomurodovni mavsum oxirigacha ijaraga oladi. Hujumchining transfer huquqi 15 million evroni tashkil qiladi va keyinchalik boshqa jamoaga o‘tsa, genuyaliklar bo‘lajak transferdan ham ulush oladi. “Roma”ning kelasi mavsum yakunlariga ko‘ra, Evropa Chempionlar ligasiga yo‘llanma olishi klubga Shomurodov transferini amalga oshirish majburiyatini yuklaydi.
Biz uchun ahamiyatli tomoni, Shomurodovning “Roma”ga transferi bo‘yicha o‘z fikrini bildirgan mashhur futbolchimiz Odil Ahmedov Eldorning Rim klubidan ham qudratliroq jamoalarda to‘p tepishiga ishonch bildirmoqda.
- Bu zo‘r yangilik bo‘ldi va men Eldor uchun xursandman. Men “Roma”dagi faoliyati ham muuvafaqiyatli kechishi va futbolchi sifatida o‘sishda davom etishiga umid qilaman. Bundan tashqari, hali kelajakda Madridning “Real” yoki Kataloniyaning “Barselona” kabi klublarida o‘ynashga qodirligiga ham ishonaman. Buning uchun Shomurodovda barcha imkoniyat bor.
Bu O‘zbekiston uchun katta yangilikdir va u mamlakatda futbolni yanada ommalashtirishga xizmat qiladi.Eldor bu borada yaxshi namuna bo‘lyapti.
Shuningdek, Joze Mourino qo‘l ostida Genrix Mxitaryan va Eldor Shomurodov tandemining nimalarga qodirligini kuzatish ham qiziq. Ularning Italiya chempionatida yorqinroq porlashiga tilakdoshman. Eng muhimi, mavsum jarohatsiz o‘tsin. Omad va muvaffaqiyat ularni qamrab olsin, - dedi Odil Ahmedov.
Ta’kidlash joizki, Eldor Shomurodov o‘tgan yili kuzda “Rostov”dan “Jenoa”ga ko‘chib o‘tganida genuyaliklar bu transfer uchun 7,5 million evro sarflagan edi. Bir mavsum o‘zining o‘yinchi sifatida ustunliklarini namoyish etaolgan o‘zbek legioneri qisqa fursatda jamoasiga moliyaviy tomondan yaxshigina daromad keltirdi.
Aslida “Jenoa” bosh murabbiyi Davide Ballardini o‘tgan mavsumda sakkizta gol urgan o‘zbek hujumchisidan yangi mavsumda asosiy to‘purar sifatida foydalanmoqchi edi. Hatto, italiyalik tajribali mutaxassis klub rahbariyatidan Eldor Shomurodovni transfer qilish fikridan qaytishni so‘ragan. Biroq, voqealar rivoji klub xo‘jayinlarining fikri murabbiynikidan farq qilganini ko‘rsatmoqda.
Nima bo‘lgan taqdirda ham, o‘zbek futboli uchun Eldor Shomurodovning A Seriyada qolish uchun kurashadigan jamoadan Evrokubok yo‘llanmalariga da’vogar klubga o‘tishi haqiqiy muvaffaqiyat sanaladi.
Biz esa, Eldor Shomurodovga borgan joyida o‘zini ko‘rsata olishini, yangi marralarni zabt etishini tilab qolamiz.
Fikrlar
Лекин одил ўша пулларини футболимиз ривожи учун ёш авлодларни ўқитиб тарбия қилайтгани ҳам тахсинга сазавор.