EChL. PSJ o‘sha dahshatli “Kamp Nou”ga safar qiladi (prevyu)

  • 16 fevral, 2021, 12:39
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugundan UEFA Chempionlar Ligasi nimchorak final uchrashuvlari boshlanishidan xabardorsiz. Tungi soat 01:00 da ushbu bosqich doirasidagi dastlabki 2 ta o‘yin bo‘lib o‘tadi. Ularning birida “Barselona” “Kamp Nou”da PSJni qabul qiladi… Esladingiz-a?! Ha, o‘sha davrdan buyon ikki klubda ko‘p narsa o‘zgardi. “Remontada” qahramoni Neymar bugun Parij klubi futbolchisi hisoblanadi. Har ikkala o‘yinda ham gol urishning uddasidan chiqqan Edinson Kavani bugun frantsuzlar bilan birga emas. “Barsa” futbolda aqlga sig‘mas darajadagi mo‘’jizalar bo‘lishi mumkinligini isbotlab berdi. Ammo kelgusida o‘zi mana shunday mo‘’jizalar qurboniga aylanib ketdi. 

Tecno

PSJda o‘sha o‘yinni boy bergan futbolchilarning aksariyati qolmagan. Bugun Maurisio Pochettino klub murabbiyligida ilk marotaba Chempionlar Ligasi bahsini o‘tkazadi. Aksariyat futbolchilar “Kamp Nou”dagi “qo‘rqinchli tush”dan keyin jamoa tarkibiga qo‘shib olingan. Ammo bu ularni ushbu maydon bosimidan halos eta olmaydi. Baribir, hammaning xayolida o‘sha uchrashuv: mehmonlar qanchalik xotirjam bo‘lishga intilmasin, eski yaralarning asorati bilinib turadi. 

Bugun mana shunday katta o‘yin atrofida suhbat quramiz. 

“Barselona”

So‘nggi turda “Yuventus”ga boy berilgan uchrashuvni istisno etganda, kataloniyaliklar guruh bosqichini ideal tarzda o‘tkazdi. La Liga doirasida u qadar barqaror bo‘lmagan jamoaning Chempionlar Ligasida bu qadar stabil o‘ynayotganidan ko‘pchilik ajablanishni ham boshlagan edi. So‘nggi turda Ronalduning penaltilari “blaugranas”ni peshqadamlik unvonidan mahrum etdi. Ueston MakKennining goliga imkon bermagan taqdirda, kataloniyaliklar 1-o‘rinni saqlab qolgan va nimchorak finalda nisbatan osonroq raqibga duch kelgan bo‘lardi. Mana endi bir mag‘lubiyat ortidan klubga PSJ ro‘baro‘ kelmoqda. 

Ronald Kuman shogirdlarida kayfiyat juda yaxshi, deb bo‘lmaydi. Boisi, ular so‘nggi o‘yinni 5:1 hisobidagi g‘alaba bilan yakunlagan bo‘lsa-da, undan avval, Qirol kubogi doirasida “Sevilya”ga 0:2 hisobida mag‘lub bo‘lgan. Bu bugungi “Barsa”ning butun mavsum davomidagi holatiga tutilgan ko‘zguning kichik bir namunasi, xolos. Niderlandiyalik mutaxassis jamoada barqarorlikni shakllantira olmayapti. G‘alaba qozongan o‘yinlariga e’tibor qaratsak, u qadar jiddiy raqiblarni ko‘rmaymiz. Ispaniya Superkubogining boy berilishi esa, muxlislarning fig‘onini rosmana falakka chiqardi. 

Primerada ahvol juda chatoq. “Atletiko”dan bitta ko‘p o‘yin o‘tkazgan “Barselona” Madrid klubidan 8 ochko ortda bormoqda. Hozirda ular 3-o‘rinda. Kataloniyaliklardan bitta ortiqcha o‘yin o‘tkazgan “Real” 3 ochkolik farqni yuzaga keltirgan. “Blankos” ham azaliy raqibiga qo‘shilib, “matraschilar”ni quvish bilan ovora. Messi vanihoyat, to‘purarlar poygasiga qaytdi. “Alaves”ga urilgan 5 ta golning 2 tasi aynan unga tegishli edi. Argentinalikning kuchli o‘yini gollargagina bog‘liq emasligi aytilardi. Ammo bu mavsumda Leo assistlar salmog‘ida ham kamomadni ko‘rsatmoqda. Shunda ham, 6 karra “Oltin to‘p” sohibi do‘sti Luis Suares bilan birgalikda Ispaniya La Ligasining eng sermahsul futbolchisi bo‘lib turibdi. 

Jamoa tarkibi mavzusida “Barsa” muxlislarini biroz xursand qila olamiz. Miralem Pyanich va Serjino Dest jarohatdan forig‘ bo‘lib, klub mashg‘ulotlariga qo‘shilib ulgurgan. Endi to‘kis baxt uchun Jerar Pike, Ansu Fati, Filippe Koutino va Serxi Robertoning jarohatdan tuzalishini kutish kerak. Albatta, PSJga qarshi o‘yingacha ular lazaretdan chiqmaydi. Ammo bilasizki, Evropa Chempionlar Ligasi pley-off bahslari 2 ta o‘yindan iborat bo‘ladi. Shuningdek, Kuman Ronald Arauxo va Martin Breytueyt xizmatlaridan ham foydalana olmaydi. Bu qadar ojiz himoya bilan “Barsa” PSJ “uchar”larini ushlab qola olarmikan?!

Taxminiy tarkib: Ter Shtegen, Alba, Langle, Mingesa, Dest, Buskets, De Yong, Pedri, Dembele, Grizmann, Messi

EuUqpCTWQAIamtV

PSJ

UEFA Chempionlar Ligasi guruh bosqichiga qur’a tashlangan paytdayoq, PSJ joy olgan “H” guruhi katta intriga taqdim etishi haqida taxmin qilingandi. Amalda ham, barchasi xuddi shunday ko‘rinish oldi. Parijliklarga ushbu bosqich doirasida “Manchester Yunayted”, “RB Leyptsig” va “Istanbul” Bashakshexir raqiblik qildi. Ha, turk klubi guruhdan chiqish uchun juda oz imkoniyatlarga ega edi. Ammo qolgan jamoalarning masalasi so‘nggi turdagina hal etildi. “Manchester Yunayted” endi ishtirokini Evropa Ligasida davom ettirishga majbur bo‘ladi. Parij klubi esa “Leyptsig”ni o‘zaro o‘yinlar natijasi evaziga taslim etdi. 

Guruhni birinchi o‘rinda yakunlash nimchorak finalda osonroq raqibga duch kelish bilan mukofotlanardi. Ammo PSJga guruh bosqichi g‘oliblarining hech biri bahs olib borishni xohlamagan raqib - “Barselona” to‘g‘ri keldi. 

Frantsiya birinchi divizioni joriy mavsum so‘nggi yillardagiga solishtirganda ancha qiziqarli bo‘lmoqda. Bu “Park de Prens” egalarining kuchsizlanishi bilan bevosita bog‘liq. 

“Monako” bilan joriy hafta yakunida o‘yin o‘tkazadigan PSJ juda tig‘iz va qiyin taqvim bilan kurashishga majbur. Frantsuz grandi, odatda, bu kabi muammolarga duch kelmasdi. Monakoliklarni mag‘lub eta olgan taqdirda, u ortidagilar bilan farqni yiriklashtirishi va peshqadam “Lill”ni ortda qoldirishi ham mumkin. 

Maurisio Pochettino muhim o‘yin oldidan juda jiddiy yo‘qotishlarga uchradi. Dunyo futboli muxlislari orziqib kutgan uchrashuvning asosiy intrigasi yo‘qqa chiqdi. Neymar “Kamp Nou” maydonida ko‘rinish bermaydi. Shuningdek, Anxel Di Mariya ham klubiga yordam bera olmaydi. Demakki, barchasi Mbappening qo‘lida qolmoqda. Xuan Bernat va Timoti Pembele anchadan buyon jarohat bilan kurashyapti. Marko Veratti, Rafinya va Kolin Dagbaning bahsdagi ishtiroklari so‘roq ostida bo‘lib turibdi. 

Taxminiy tarkib: Navas, Kurzava, Kimpembe, Markinos, Florentsi, Guye, Paredes, Veratti, Kin, Mbappe, Ikardi. 

EuSSp0HXIAEEDpv

Murabbiylar

Ronald Kuman: “Biz o‘yinga kuchli ishtiyoq bilan tayyorgarlik ko‘rdik. Uzoq vaqt davomida o‘zimizni mana shu bahsga tayyorlab keldik. Sababi, PSJ kuchli jamoa. O‘yin qiziqarli bo‘lishi tayin: biz o‘sishga erishmoqdamiz va parijliklarda shakllangan, sifatli jamoa bor. Futbol muxlislarini 2 ta fantastik uchrashuv kutib turibdi. 

Pikening ahvoli yaxshi. U 4-5 kundan beri jamoa bilan birgalikda mashg‘ulot o‘tkazmoqda. Ammo men uning sog‘lig‘i bilan tavakkal qilishni xohlamayman. Vaziyatni so‘nggi daqiqagacha kuzatishni ma’qul ko‘raman. 

Barcha murabbiylar muhim o‘yinlarga har bir futbolchisining tayyor bo‘lishini xohlaydi. Arauxo, Fati, Koutino, Roberto: bular bizning jarohatlanganlar. Siz futbolda shu kabi yo‘qotishlar bilan doimiy kurashishga majbursiz va boshqa futbolchilar bu kemtiklarni to‘ldirishga tayyor. Har bir jamoaning yutuq va kamchiliklari bo‘ladi. O‘ylaymizki, bahs mobaynida biz vaziyatlarimizdan unumli foydalana olamiz". 

image

Maurisio Pochettino: “PSJ o‘tgan mavsumda EChL finaliga chiqqaniini inobatga olsak, bizda har qanday holatda ham, chempionlik uchun imkoniyat bor. Joriy mavsumda avgustdagi final uchun qasos olish va klub muxlislarining 50 yillik orzusini ushaltirish imkoniyatiga egamiz. Barchasiga bosqichma-bosqich erishib kelingan va bundan keyin ham shu yo‘lda davom etamiz. Maqsadimiz yo‘lida ilk raqib - “Barselona”. 

Men kataloniyaliklarning qayta qurilishini jiddiy tarzda kuzatdim. Londondagi uyimda yurgan kezlarimda, Ronald Kuman jamoaga nimalar berayotganini o‘rganishga harakat qilgandim. Tabiiyki, jamoa boshqa darajaga ko‘tarilmoqda. Jamoaga kelgan ilk kundanoq, u faqat g‘alaba uchun harakat qilyapti va buning uchun qo‘lidan kelgan barchasini qilmoqda. 7 oylik hamkorlik jamoaning butunlay boshqacha holatda ekanligini anglatadi. Ular bir-birlarini yaxshi bilib olgan. 

Men “Barsa” tarkibida yangi davr boshlashga qodir juda ko‘plab yosh iste’dodlarni ko‘ryapman. Ularning maqsadlari biznikiga o‘xshab ketadi. 

Ha, “Barselona”dek jamoani engish uchun aniq rejalar bo‘lishi kerak. Ammo men doimgidek futbolchilarning individual mahoratiga va ko‘rsatmalarni to‘g‘ri bajarishiga ishonaman. Ular o‘yinni hal qiluvchi asosiy kuchdir”. 

EuSBsTaXUAAMxYb

Xulosa o‘rnida 

Yuqorida aytib o‘tganimdek, “remontada”dan so‘ng, juda ko‘p narsalar o‘zgarib ketgan va ushbu bahsni eslashga asoslar juda kam. PSJ Barselonaga bir qator etakchilarisiz bormoqda. Bu qaysidir ma’noda imkoniyatlarni tenglashtiradi. Sababi, “ko‘k-anorranglilar” butun mavsumni mana shu kabi yo‘qotishlar bilan o‘tkazmoqda. Pikening jarohati ortidan mudofaa markazi akademiya yoshlariga qolib ketgan. Biroq, Kumanning so‘zlari Jerarning maydonga tushishiga umid berdi. Jamoa kelajagi sifatida qaraladigan Ansu Fativa Koutino ham anchadan buyon tiklanish jarayonida. 

Bu jamoalar o‘rtasida yuqori taktik kurash va yopiq o‘yinni kutish imkonsiz. Sababi, ikkala tomon ham hujumi bilangina maqtana oladi. Demakki, o‘yin tomoshabopligi borasida bizda muammo bo‘lmaydi. Bundan ayniqsa, neytral futbol muxlislari yutishi aniq. 

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
kenjebaev
16/02/2021 12:58
Расмлар жуда катта эмасми?