
Dzyudochilarimiz Osiyo-Okeaniya musobaqasining ilk kunida 5 ta medalni qo‘lga kiritdi
Bishkek shahrida start olgan dzyudo bo‘yicha Osiyo-Okeaniya chempionatining ilk kuni o‘z yakuniga etdi. Quvonarlisi, terma jamoamiz ushbu kun doirasida 5 ta medal jamg‘ardi.
-66 kg vazn toifasida Sardor Nurillaev barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, o‘z unvonlari hisobiga qit’a chempionligini ham qo‘shib qo‘ydi. Qayd etish joiz, finalda unga 2015 yilgi jahon chempioni, "Rio-2016 Olimpiadasi" finalchisi janubiy koreyalik An Baul raqiblik qilgan edi. Bellashuvni hamyurtimiz o‘z foydasiga hal qildi.
-52 kg vazn toifasining finalida kechgan koreys-o‘zbek dzyudochilarining navbatdagi raqobatida Park Da Sol ustun keldi va hamyurtimiz Diyora Keldiyorova kumush medal bilan kifoyalandi.
Shuningdek, bronza medali uchun kurash olib borgan 4 nafar vakilimizdan 3 tasi o‘z bellashuvlarini muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Dastlab, Gulnur Muratbaeva (-48 kg), so‘ng Sita Qadamboeva (-52 kg) hamda Nilufar Ermagambetova (-57 kg) bronza medali uchun bahsda ustun keldi. Afsuski, Kemran Nurillaev (-60 kg) ushbu bosqichda qirg‘izistonlik raqibiga imkoniyatni boy berdi.
Fikrlar