Dzyudo. O‘smirlarimiz Osiyo chempionatiga yo‘l olishdi
11-14 sentyabr kunlari Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida dzyudo bo‘yicha Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi.
Qit’a birinchiligida yurtimiz sharafini himoya qiluvchi O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi musobaqa manziliga jo‘nab ketdi. Dzyudochilarimiz to‘liq tarkibda Osiyo chempionati medallari uchun tatamiga chiqishadi. Yaqinda Sofiyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida o‘zbekistonlik dzyudochilar yuqori darajani namoyish etishdi va endi ular chempionlik maqomini tasdiqlash uchun maksimal harakat qilishlari kerak bo‘ladi.
O‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati 11-12 sentyabr kunlari o‘tkaziladi va unda 21 davlatdan jami 196 nafar (111 o‘smir, 85 qiz) dzyudochi o‘z mahoratini namoyish etadi.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yili Koreya Respublikasining Mungyong shahrida o‘tgan kadetlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi 6 ta oltin, 4 ta kumush, 6 ta bronza medali bilan umumjamoasi hisobida 2-o‘rinni egallagandi. Mezbonlar bor yo‘g‘i 1 ta bronza ko‘pligi (6 ta oltin, 4 ta kumush, 7 ta bronza) evaziga birinchi bo‘lishgan edi.



Fikrlar