
Dushan Miyich: "Maydonda yaxshi ko‘rinar ekanman, bunda meni emas, Abramovni maqtashlari kerak"
Superligaga qaytgan Samarqandning “Dinamo” klubi yangi mavsum uchun tarkibini yanada mustahkamlamoqda. Serbiyalik legioner Dushan Miyich bilan shartnoma uzaytirildi.
U jamoaga o‘tgan yilning yozida kelgandi va “Dinamo”ning Superligaga qaytishiga yordam berdi. Pro ligada 10 ta, O‘zbekiston Kubogida esa 3 ta uchrashuvda maydonga tushdi.
Markaziy himoyachi yaxshi taassurot qoldirgani sababli bosh murabbiy Vadim Abramov uni bu yilgi mavsum uchun ham saqlab qoldi.
- Dushan, siz “Dinamo” klubiga 2023 yilning yoz faslida qo‘shilgandingiz va klubni Superligaga qaytishiga yordam berdingiz. Bu boradagi taassurotlaringiz qanday?
- Salom, men “Dinamo”ga do‘stimning taklifiga binoan keldim. Armanistonda o‘tgan a’lo darajadagi mavsumdan keyin o‘zimni yangi ligada sinab ko‘rish istagi tug‘ildi. Faoliyatimda yangi qadam tashlash uchun ajoyib imkoniyat ko‘rdim va shunga jazm qildim. Dastlabki taassurotlar - qoyilmaqom klub, atrofingda esa Superliga maqomiga har tomonlama mos tushadigan insonlar!!! Jamoa oldiga qo‘yilgan asosiy vazifani bajarganimizdan xursand bo‘ldim. Shuningdek, menga xuddi klub kabi Samarqand shahri ham juda yoqib qoldi. Umuman olganda, butun O‘zbekistondagi vaziyat menda iliq taassurot qoldirmoqda.
- Legioner bo‘lsangizda pro ligada o‘ynashga rozi bo‘lgandingiz. O‘shanda bu siz uchun tavakkal qarormidi?
- “Dinamo”ga ko‘chib o‘tishim men uchun tavakkalona qadam bo‘lmagan. Yuqorida qayd etib o‘tganimdek, faoliyatimda o‘sish qilishim uchun menga yangi chorlov kerak edi.
- “Dinamo” bilan shartnomangizni uzaytirdingiz. Endi yangi maqsadlar qanday?
- “Dinamo” bilan tuzgan shartnomamni uzaytirdim. Chunki bizning maqsadimiz - maydonda juda yaxshi jamoa ekanligimizni imkon qadar yaxshi sur’atda ko‘rsatib qo‘yishdan iborat. Superliga maqomiga mos ekanligimizni namoyish etishdan o‘zimizni yanada dadil his qilamiz.
- Bizning chempionatda serbiyalik o‘yinchilar talaygina. Ularning orasida siz uchun eng yaqinlari kimlar?
- Bu erda bizning o‘yinchilarimiz anchagina. Kubok doirasida Dragan Cheran va Marko Stanoevichga qarshi maydonga tushdim. Aytish kerakki, shu ikkala futbolchi menga boshqalardan ko‘ra yaqinroq.
- Ilgari “Dinamo” ustozi Vadim Abramov haqida bilarmidingiz yoki shu erga kelib bildingizmi? Qanday fikrdasiz?
- Ilgari murabbiy Abramov bilan tanish emasdim. Lekin uning o‘zbek futbolida afsona hisoblanishidan xabarim bor edi. Abramovning o‘z vaqtida O‘zbekiston milliy terma jamoasini yaxshi boshqarganini ham bilardim. U - a’lo darajadagi mutaxassis va o‘z ishing ustasi. Abramov futbolchi sifatida o‘sishimga yordam ko‘rsatishda davom etmoqda, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Murabbiy menga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatmoqda. Shu bois maydonda yanada yaxshi ko‘rinar ekanman, bunda meni emas, murabbiyimizni maqtashlari kerak. Abramov - zo‘r murabbiy va ajoyib inson!
- Samarqandliklar tarkibida 44-raqamda o‘ynayapsiz. Bu siz uchun nimani anglatadi?
- “Dinamo”ga kelgan paytimda qabul qilib olgan 44-raqam men uchun alohida ahamiyatga ega emas, ammo uni Superligada ham saqlab qolishga qaror qildim.
- Superligani kuzatgandirsiz. Sizga hammadan ko‘ra ko‘proq nimasi yoqdi?
- Ha men oldingi yillarda Superliga doirasida o‘tkazilgan uchrashuvlarni tomosha qilganman. Qolaversa, mening bu ligada o‘ynaydigan yurtdosh do‘stlarim talaygina edi. Superligada futbol yuqori saviyada, stadionlar ham talabga javob beradi, ayniqsa, ishqibozlar menda katta taassurot qoldiradi. Umuman olganda, Superliga har tomonlama talabga javob beradi. O‘z navbatida biz ham yuqori sifatli o‘yin namoyish etishga harakat qilamiz va yaxshi natija qayd etish uchun barcha ishni amalga oshirish niyatimiz bor.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar