
Dunyo gimnastikachilari Toshkentga keldi
Poytaxtimizda badiiy gimnastika bo‘yicha jahon kubogining uchinchi bosqichi boshlandi. Unda O‘zbekiston, Avstraliya, Avstriya, Armaniston, Belgiya, Bolgariya, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Germaniya, Frantsiya, Italiya, Vengriya, Hindiston, Niderlandiya, Polsha, Meksika, Ozarbayjon, Yaponiya, Filippin, Singapur, Suriya, Sloveniya, Turkiya, AQShdan kelgan va neytral maqomda ishtirok etuvchi AIN gimnastikachilar raqobatlashmoqda.
Nufuzli musobaqada “Parij-2024” Olimpiadasi chempioni, germaniyalik Darya Varfolomeev hamda guruh mashqlaridagi chempion – Xitoy terma jamoasi qatori O‘zbekiston sharafini Osiyo chempioni, Islom birdamlik o‘yinlari va jahon kubogi bosqichlari g‘olibi, terma jamoamiz etakchisi Taxmina Ikromova, shuningdek, qit’a miqyosidagi musobaqalar g‘olibasi Anastasiya Sarantseva yakkalik bahslarida, guruh mashqlarida esa Olimpiya o‘yinlari finalchilari: Mumtozabonu Isxoqzoda, Irodaxon Sodiqova, Evelina Atalyants, Amaliya Mamedova hamda Adelya Fayzulina va Maftuna Zoirovadan tashkil topgan terma jamoamiz himoya qiladi.
Musobaqaning faxriy mehmoni sifatida jahon va Evropa chempionatlari sovrindori, 2024 yilgi Olimpiada finalchisi, sloveniyalik Ekaterina Vedeneeva taklif etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Toshkent shahar hokimligi, Gimnastika federatsiyasi hamda “O‘zavtosanoat” AJ ko‘magida tashkil etilgan jahon kubogi uchinchi bosqichi boshlandi.
26 aprelda esa ko‘pkurash natijalariga ko‘ra, jahon kubogining ilk g‘olib va sovrindorlari aniqlanadi. 27 aprel – musobaqaning yakuniy kunida alohida yo‘nalishlar bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar aniqlanadi.
Ma’lumot o‘rnida: joriy yilgi jahon kubogining ilk bosqichi aprel boshida Bolgariyaning Sofiya shahrida o‘tkazilgan bo‘lib, unda Taxmina Ikromova bulavada kumush, ko‘pkurash va to‘p bilan chiqishda bronza medallarini qo‘lga kiritgan edi. Shuningdek, guruh mashqlarida terma jamoamiz 3 to‘p va 2 halqa dasturida kumush medalga sazovor bo‘lgan. Jahon kubogining ikkinchi bosqichi 16-19 aprel kunlari Ozarbayjonning Boku shahrida tashkil etilgan.
Fikrlar