
Dragan Cheran: "Paxtakor" bilan bunday muvaffaqiyatlarga erishaman, deb o‘ylamagandim"
“Paxtakor” uchun muhim figura bo‘lib kelgan va chempionatimizning eng yaxshi legioneri maqomini o‘zida saqlab yurgan Dragan Cheran yangi mavsumni endi boshqa klubda davom ettiradi.
Uning “Sherlar”ni tark etishi o‘ziga yarasha voqelik bo‘ldi. U o‘tgan mavsumning oxirgi turlarida jamoada ko‘rinmay qoldi va yakunda “Paxtakor”ni tark etdi. Dragan klubdan ketishi haqida Sports.uzga intervyu berdi. Faqat "Nasaf" haqidagi savolni ochiq qoldirdi.
- Dragan, siz “Paxtakor” bilan rasman xayrlashdingiz. O‘zingiz uchun qardrdon bo‘lib qolgan klubni tark etish og‘ir kechdimi?
- Ha, har qanday o‘zgarish og‘ir kechadi. Odamlarga, shaharga, jamoadagi yangi sheriklarga ko‘nikish oson bo‘lmaydi. Ayniqsa, bir erda uzoq vaqt qolib ketganingdan so‘ng bunisi qiyin bo‘larkan. Ammo ortga qaytayotganimdan juda ham xursandman. Chunki o‘zim tanish bo‘lgan muhitda bo‘laman.
- Ketishingiz nima bilan bog‘liq? Hammasi Shatskix bilan kelishmovchilikdan boshlanganmi?
- Klubning menga bo‘lgan ishonchsizligi, ustiga ustak “Paxtakor”ni umuman sevmaydigan kishilarga suyanishni his etish osonmas. Baxtga qarshi rahbariyat baribir mendan voz kechdi.
- Siz ketma-ket 6 yildan beri chempionatimizda to‘purar bo‘lib kelyapsiz. Bu yil nimalarga erishmoqchi bo‘lyapsiz?
- Men doimo, har yili o‘z jamoamga yordam berish uchun bor kuchimni berishga odatlanganman.
- O‘zingizni “Paxtakor”ni qahramonlaridan biri deb hisoblaysizmi?
- O‘zimni “Paxtakor” afsonasi yo qahramoni, deb o‘ylamayman. Shunchaki, men har doim o‘z ishimni bajarganman va bundan zavq olganman.
- “Paxtakor”ga kelgan paytingizda bu erdagi faoliyatingiz shunchalik muvaffaqiyatli bo‘lishi haqida o‘ylaganmidingiz?
- “Paxtakor” bilan birga bunday muvaffaqiyatlarga erishaman, deb sira o‘ylamagandim. Klubdagi dastlabki yarim yil qiyin kechgan. So‘ngra hammasi o‘z iziga tushdi va olti yil davomida jamoadagi ishlarimdan huzur oldim.
- “Paxtakor”ni sovrinsiz qolishida kim aybdor?
- Bu savol menga emas. Chunki klubda bu kabi savolga javob beradigan odamlar bor. Afsus, aksar hollarda barcha aybni o‘yinchilarga ag‘darib, o‘zlari suvdan quruq chiqishga harakat qiladiganlar topiladi. Lekin bunday bo‘lmasligi kerak. Har kim o‘z majburiyatlarini his etishi va xatolarini tan olmog‘i darkor.
- Oldingizda qanday takliflar bor?
- Yangi mavsum uchun xizmatimga qiziqish bildirgan jamoalar, murabbiylar etarli bo‘ldi va o‘sha odamlarning hammasiga rahmat aytmoqchiman. Ularning barchasini hurmat qilaman.
Fikrlar