
Dragan Cheran nega kayfiyatsiz o‘ynagani, Derdiyokning ketishi, maoshlarning ochiqlanishi kabi mavzularda munosabat bildirdi
“Paxtakor” klubi hamon Superliga peshqadam bo‘lib turibdi. Kuni kecha “Andijon”ni qabul qildi va g‘alaba uchun birgina gol kifoya qildi.
Shu kuni klub to‘purari va asosiy hujumchisi Dragan Cheran ham to‘p surdi. Biroq oldingi uchrashuvlardan farqli o‘laroq “Andijon”ga qarshi o‘yinda Cheran negadir o‘ziga o‘xshamadi.
Maydonda qandaydir kayfiyatsizdek ko‘rindi. Sports.uz muxbiri u bilan bir qator masalalarda suhbatlashdi.
- Dragan, g‘alaba bilan tabriklayman. Ammo o‘yin chog‘ida negadir sizda ishtiyoq sezilmadi. Buning sababi nimada?
- Ikki kun davomida oshqozonimdagi virus bezovta qilib, og‘ridim. Ehtimol, shuning asoratidan bo‘lsa kerak. Uchrashuvni shu sababdan ham, dori ichish orqali o‘tkazishimga to‘g‘ri keldi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, o‘yinning qaysidir daqiqalarida menda kuch qolmagandek bo‘ldi. Demak, savolingiz o‘rinli, yuz ifodamdan ham nimadir joyida emasligini sezgansiz.
- O‘yin sizda qanday taassurot qoldirdi: yoqdimi yoki yoqmadimi?
- “Paxtakor” har bir o‘yinda barchasini nazorat qilishni xohlaydi va raqib darvozasi tomon tez-tez zarbalar yo‘llaydi. Gohida buni amalga oshirish qiyin kechadi, ba’zida esa aksincha, uchrashuvni juda engil o‘tkazamiz. Jamoa kerakli paytda himoyalanishni ham bilib, maydonning o‘ziga tegishli qismida o‘ynay oladi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ba’zida tomoshabinlarda “Paxtakor” yomon o‘ynayapti, degan taassurot uyg‘onadi.
- Eren Derdiyokning “Paxtakor”dan ketgani haqida munosabatingiz qanday?
- Bu uning tanlovi. Derdiyok rahbariyat bilan bir qancha masalalarda fikri bir joydan chiqmagani uchun ham, “Paxtakor”dan ketishga qaror qildi. Umuman aytganda, klubdan ketish o‘yinchilarning qismatiga bitilgan. Ko‘pincha, futbolchi o‘zi xohlamagan tarzda ham ish joyini o‘zgartirishga majbur bo‘ladi. Eren biz uchun yaxshi sherik, yaxshi do‘stga aylanib ulgurgandi.
- Nima deb o‘ylaysiz, Derdiyok klubga qay darajada foyda keltira oldi?
- Jarangdor ism, u shubhasiz klub tarkibidagi eng mashhur futbolchilardan biri sanalardi. Uning faoliyati a’lo darajada kechgani ham bizga foyda keltirgandi.
- Yaqinda “Paxtakor” o‘yinchilarining qancha haq olishlari haqida ro‘yxat chop etildi. Sizningcha, ro‘yxatdagi ko‘p sonli raqamlarni ommaga oshkor etilishi futbolchilarning o‘yiniga aks ta’sir o‘tkazadimi?
- Bu butun dunyodagi oddiy holat. Chunki jahondagi barcha klublar tarkiblaridagi futbolchilarning qancha maosh olishlari haqidagi ma’lumotlarni keng jamoatchilik e’tiboriga havola etib keladi. Shuning uchun bu masala borasida men qandaydir bir jiddiy muammoni ko‘rmayapman.
- Jamoadagilar Shota Arveladzeni sog‘inib qolishyaptimi?
- Bu – futbol. Murabbiylarning almashinuvi esa oddiy va normal holatga aylanib qolgan. Buni futbolchilar to‘g‘ri qabul qilishga ham ko‘nikib qolganlar. Shunisi aniqki, u buyuk murabbiy. Boya aytganimdek, murabbiylarning almashinuvi futboldagi odatiy holdan boshqa narsa emas. O‘yinchilar buni to‘g‘ri qabul qilishlari darkor.
- Negadir ko‘pchilik “Paxtakor”ni oldingi yillarga nisbatan joriy mavsumda kutilgan darajada kuchli o‘yin ko‘rsatmayapti, deb hisoblayapti. Bu kabi fikrlarga qo‘shilasizmi?
- Yo‘q, qo‘shilmayman! Musobaqa jadvaliga qarang hammasiga o‘zingiz amin bo‘lasiz...Biz asosiy tarkibning bir qancha futbolchilarini yo‘qotdik. Tabiiyki, bu hol umumiy manzaraga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmagan. Shunday bo‘lsa-da, “Paxtakor” joriy birinchilikda ham karvonboshilikni o‘z qo‘liga olgan. Asosiysi, biz shuncha yo‘qotishlarga qaramay, hamon yuqori darajada o‘yin ko‘rsatib kelyapmiz.
- Dragan, ayting-chi, sizda ham klubdan ketish haqida takliflar bo‘ldimi? Agar sir bo‘lmasa aynan qaysi jamoalar xizmatingizga qiziqish bildirishgan?
- Takliflar ko‘p bo‘ldi, ammo men O‘zbekistondagi eng yaxshi klubda to‘p suryapman. Bu erda meni hamma narsa to‘la-to‘kis qoniqtirmoqda.
- Yozgi tanaffus chog‘ida klubga yangi futbolchilar kerakmi? Sizningcha, aynan qaysi chiziqlarni kuchaytirish talab qilinadi?
-Bizga hammasidan ham ko‘ra, hujum chizig‘ini kuchaytirish talab qilinadi.
Fikrlar