
Doston Hamdamov Qozog‘istonga qarshi bahs oldidan: "Muxlislar uchun chiroyli o‘yin ko‘rsatib, g‘alabani taqdim etamiz"
O‘zbekiston milliy terma jamoasi Toshkentda yig‘in boshladi. Oldinda vakillarimizni Qozog‘iston hamda Rossiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlari kutib turibdi.
Ayni paytda terma jamoamiz bosh murabbiyi Srechko Katanets futbolchilar bilan birga 16 noyabr kuni Qozog‘iston terma jamoasiga qarshi uchrashuvga hozirlik ko‘rmoqda.
“Paxtakor” bilan chempionlikni qo‘lga kiritgan va ayni damda terma jamoa yig‘inida qatnashayotgan Doston Hamdamov bo‘lajak bahs oldidan ayrim savollarga javob qaytardi.
- Doston, avvalambor O‘zbekiston chempioni bo‘lganingiz bilan tabriklayman. Ayni paytda kayfiyat qanday?
- Chempionlik bilan barcha “Paxtakor” muxlislarini tabriklayman. Buni biz intizorlik bilan kutdik. Qo‘ldan kelganicha harakat qildik. Chempion bo‘lganimizni unutib, terma jamoamiz bilan birga kechadan boshlab Qozog‘iston bilan o‘yinga tayyorgarlikni boshlaganmiz.
- Qiyin mavsumdan keyin terma jamoa yig‘inida o‘zingizni qanday his qilyapsiz?
- Unchalik qiyin deb bo‘lmaydi. Murabbiylar tomonidan tezroq o‘zimizga kelishimiz uchun yaxshi mashg‘ulotlarni olib boryapmiz. Nasib qilsa, o‘yinda ham yaxshi harakat qilamiz.
- Bo‘lajak raqib haqida nima deya olasiz?
- Hozircha raqib xususida bir nima deya olmayman. Ammo shuni bilamanki, yaxshi o‘yin bo‘ladi. Ertadan raqibni o‘rganib, kuzatib boramiz.
- Ob-havo sovuq bo‘lsa, muxlislarning stadionga kelishiga ta’sir qiladimi?
- Iloji boricha barcha muxlislarimizni stadionga chorlab, bizni qo‘llab-quvvatlab turishlarini istaymiz. Xudo xohlasa, ular uchun chiroyli o‘yin va g‘alaba taqdim etamiz.
Fikrlar