
Diyor Imomxo‘jaev: "Legionerimizda Osiyo klublariga ko‘rinish uchun yana 5 ta imkoniyat bor"
OChL 1-turida Tojikistonning "Istiqlol" klubi Qatarning "Al-Rayyan" jamoasiga qarshi maydonga tushib, 2:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. E’tiborlisi, tojikistonliklar tarkibida harakat qilayotgan legionerimiz gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Diyor Imomxo‘jaev o‘z "Telegram" kanali orqali bu futbolchimiz haqida qiziqarli ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi:
"Chempionlar ligasida gol urgan Muhammad Isaev faoliyati ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lsa kerak. Chunki u bir qadam ortga va ikki qadam oldinga tashlayotgan kam sonli futbolchilarimizdan biri.
Isaev "Guliston" jamoasi orqali futbolga kirib kelgan. 1994 yilda tug‘ilgan futbolchi keyinroq Olmaliq, Bekobod qilib yurdi. O‘tgan mavsum ijara asosida "Andijon"da ozgina o‘ynadi va keyinroq "Metallurg" orqali Dushanbening "Istiqlol" klubiga yo‘l oldi.
Tojikiston chempionati biznikidan kuchsiz. Ammo "Istiqlol" futbolchilarimizni yanada kattaroq maydonga olib chiqishga qodir. O‘tgan mavsum qo‘shnilarimiz Chempionlar ligasida hammaning og‘ziga tushdi. Buning natijasida o‘zimizning klublar "Istiqlol" futbolchilariga ko‘z tikishni boshladi. Muhammad Isaev esa shu yoshida "Nasaf", "Paxtakor" yoki boshqa bayroqdor klubning asosiy tarkibiga joylashishi qiyin. U Osiyoga o‘zini "Istiqlol" orqali ko‘rsatishga rozi bo‘ldi. Uning qarorini olqishlash mumkin. Chunki ligamizning o‘rtamiyona futbolchisi kecha Qatar klubi darvozasiga yo‘l topdi. Unda aytaylik, Osiyo klublariga ko‘rinish uchun yana 5 ta imkoniyat bor. Biz "Istiqlol"ga ham, futbolchimizga ham omad tilaymiz".
Fikrlar