
Dilshod Komilov: "Ilgari faoliyatimda bunday vaziyat bo‘lmagan"
Ikkinchi davrada “Lokomotiv”dan “Nasaf”ga taklif qilingan himoyachi Dilshod Komilov “Ajdarlar” bilan birga ilk bor mamlakat chempionligaga sazovor bo‘ldi.
U ikkinchi davrada “Nasaf” safida Superligada 12 ta uchrashuvda maydonga tushdi. Albatta, OChL 2 da ham qarshiliklar sharafini himoya qildi.
E’tiborlisi, Komilovning sobiq klubi “Lokomotiv” chempionat yakunida pro ligaga tushib ketdi. Dilshod esa u erdan ketdi va “Nasaf” bilan chempionlikni nishonladi.
- Dilshodbek, chempionlik bilan tabriklayman. Ikkinchi davrada "Nasaf"ga qo‘shildingiz va yarim yil ichida faoliyatingizda ilk bor chempionlikka erishdingiz. O‘shanda "Nasaf"ning taklifi siz uchun keyinchalik mana shunday muvaffaqiyat keltirishini hech o‘ylaganmidingiz?
- Tabrik uchun rahmat. “Nasaf”ga o‘tishim chempionlik keltirishini kutgandim. Ikkinchi davrada aynan mana shu niyat bilan qo‘shilgandim.
- "Nasaf" chempion bo‘lgach, qatorasiga mag‘lubiyatga uchradi. Jamoa nahotki, chempionlikdan keyin mas’uliyatni his qilmay qo‘ygan bo‘lsa?! Bu borada nima deya olasiz?
- Chempionlikdan keyingi o‘yinlar haqida nima deya olaman? To‘g‘ri, shundan keyin hamma uchrashuvda mag‘lubiyatga uchradik. Bu – futbol. G‘alaba va mag‘lubiyat har doim yonma-yon bo‘ladi. Qaysidir vaziyatlarda omadimiz etishmadi. Juda ko‘plab imkoniyatlar yaratib, golga aylantira olmadik. Yana qaysidir holatlarda charchoq sezilgandir. Chunki o‘yinlarimiz ketma-ket bo‘ldi, menimcha, har uch kunda o‘yinlar o‘ynadik. Shular sabab bo‘ldi, deb o‘ylayman. Biroq mas’uliyat haqida gap ketadigan bo‘lsa, hamma g‘alaba uchun chiqqandi, qo‘ldan kelganicha harakat qildi.
- Yangi mavsumda ham "Nasaf"da qolasizmi?
- “Nasaf” jamoasi bilan bir yillik shartnomam bor. Xudo xohlasa, keyingi yili ham “Nasaf” bilan birga bo‘lib, OChL Elitda munosib ishtirok etish niyatimiz bor.
- OChLning Qarshidagi oxirgi o‘yinida Ne’matovning o‘rnida darvozani qo‘riqladingiz va xatto bitta seyv ham amalga oshirdingiz. O‘shanda o‘zingiz ixtiyoringiz bilan darvozaga turdingizmi yoki...
- Darvozaga turishimga keladigan bo‘lsak, bu vaziyatdan kelib chiqib yuz berdi. Chunki zaxira qilish imkoni yo‘q edi. Kimdir darvozaga turishi kerak edi va men o‘z ixtiyorim bilan darvozaga turdim.
- Oldin ham faoliyatingizda shunday vaziyat bo‘lganmi yo bu birinchisimi? Darvozabonlikka ham qiziqib turasizmi?
- Ilgari faoliyatimda bunday vaziyat bo‘lmagan. Bu birinchisi. Lekin darvozaga qiziqishim bor. Mashg‘ulotlarda ba’zida darvozaga turib ko‘rganman.
Fikrlar