
Diash: “Real”ga qarshi kim tushishini hech kim bilmaydi. Bizda Uokerning o‘rniga etarlicha himoyachilar bor”
“Manchester Siti” himoyachisi Ruben Diash “Real Madrid”ga qarshi pley-off bahsidan avval Xosep Gvardiola bilan birga, matbuot anjumanida ishtirok etdi. Portugaliyalik himoyachi bo‘lajak bellashuv, sobiq jamoadoshi hisoblangan Kayl Uoker va “Siti”ning hozirgi holati haqida gapirdi.
"Men “Oltin to‘p”ni Rodri qo‘lga kiritganidan so‘ng “Real Madrid” tomonidan hurmatsizlik qilingani haqida bir soniya ham o‘ylamaganman. Men shunchaki xursand bo‘ldim va faxrlanib turdim.
Ertangi to‘qnashuvda himoyada qanchalik mustahkam bo‘lsak, o‘yinimiz shunchalik yaxshilanadi.
Shu bilan birga, men Erling Holand va Kilian Mbappe o‘rtasidagi qarama-qarshilikni his qilmayotganimni ta’kidlamoqchiman. Bu “Manchester Siti” va “Real Madrid” klublari o‘rtasidagi muhim bahs hisoblanadi. Ikkala jamoada ham yulduz futbolchilar etarlicha.
Kayl Uoker hammamiz ishonadigan futbolchilardan biri edi. Afsuski, hozirgi kunda esa u bizning safimizda emas. Demak, boshqa bir futbolchi etakchilikni o‘z zimmasiga olishi kerak. Albatta, bunday vazifani bajara oladigan etakchi futbolchilarimiz bor.
Hozirgi turnir jadvaliga nazar solsak, juda og‘irligini ko‘rishimiz mumkin. Men shunchaki bu jarayonning bir qismi bo‘lishni va jamoa bilan birga, harakat qilishni istayman.
Biz “qirollik klubi”ga qarshi g‘alaba qozonish uchun qanchalik yaxshi bo‘lishimiz kerakligini tushunamiz. O‘tgan mavsum ustunlik qilgan edik, lekin kerakli golni ura olmaganmiz. Ertangi bellashuvda esa bunday xatolarni qilmaslikka harakat qilamiz.
“Qaymoqranglilar”ning himoyadagi yo‘qotishlari tufayli bo‘shashimiz - eng katta xatodir. Biz ularning darajasiga chiqishimiz kerak, shunda balki bu holatdan foydalana olarmiz.
Shuni ta’kidlashim kerak, “Real”ga qarshi kim maydonga tushishini bilmaymiz, lekin Uokerning o‘rnini bosadigan variantlarimiz bor. Muhimi – jamoaviy harakat, biz raqib jamoaning alohida futbolchisiga e’tibor qaratmaymiz” – dedi "shaharliklar"ning asosiy himoyachilaridan biri.
Eslatib o‘tamiz, milliy terma jamoamiz yosh himoyachisi Abduqodir Husanov ertangi uchrashuv uchun qaydnomaga kiritilgan. “Manchester Siti” tarkibida Madridning “Real” klubiga qarshi debyut uchrashuvini o‘tkazishi mumkin.
Fikrlar