Derbida gollar shousini ko‘ramizmi yoxud "Bunyodkor" raqibini engish yo‘lini topa olmagan. Bu safarchi?

  • 21 oktabr, 2023, 01:12
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Chempionatimizning 22-turida Toshkent derbisi bor. Bu safar “Olimpik” o‘z maydonida “Bunyodkor”ni qabul qiladi. Derbi o‘z nomi bilan derbi. Shu sababdan “Olimpik” – “Bunyodkor” to‘qnashuviga e’tibor katta. Ikkala jamoaning yo‘nalishi bir-biriga o‘xshaydi. Chunki “Olimpik”dan tashqari “Bunyodkor” ham iqtidorli yoshlarga katta e’tibor qaratib kelmoqda. Ha, “Olimpik”dan farqli o‘laroq “Bunyodkor” legionerlarning xizmatidan foydalanadi. Shunga qaramay, baribir “Qaldirg‘ochlar” o‘z akademiyasidan etishib chiqayotgan tarbiyalanuvchilariga katta ahamiyat qaratib kelishi hech kimga sir emas.

Tecno

bunyodkor2_10

Yana bir gap: “Bunyodkor” klubi bosh murabbiyi sifatida ishlab kelayotgan Aleksandr Krestinin “Olimpik” klubi va uning ustozi Timur Kapadzeni yaxshi biladi. U yurtimizda ish boshlashidan avval ham Kapadze jamoasi haqida yaxshi tasavvurga ega bo‘lib kelgan. Balki rossiyalik mutaxassisning bo‘lajak raqibga qarshi tayyorlab qo‘ygan syurprizi bordir?

Tan olish lozimki, Krestinin hali “Bunyodkor”da o‘zining o‘yin uslubini qurishga ulgurgani yo‘q. Buni qayd etilayotgan natijalardan bilsa bo‘ladi. O‘z o‘rnida “Olimpik” ham bu yilgi mavsumda negadir o‘tgan yilgidek barqarorligini namoyish eta olmayapti. Solishtirish uchun aytamizki, “Bunyodkor” 21 ta o‘yinda 7 g‘alaba, 6 durang va 8 mag‘lubiyat qayd etib, 27 ochko bilan 8-pog‘onada. “Olimpik” esa 19 ta bellashuvda 5 tadan g‘alaba va durang, shuningdek, 9 ta o‘yinda imkoniyatni boy bergan holda 20 ochko jamg‘arib musobaqa jadvalida 11-o‘rinni egallab turibdi. Shuni ham unutmaslik kerakki, Kapadze jamoasida qoldirilgan o‘yinlar bor.

kapadze2_1

“Olimpik” – “Bunyodkor” tarixi o‘tgan yildan boshlandi. Jamoalarning ilk to‘qnashuvida kutilmagan natija qayd etilgani ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak. 2022 yilning 30 aprel sanasida “Bunyodkor” o‘z uyida debyutant “Olimpik”dan 1:5 hisobida engilgandi. Ikkinchi davradagi bahsda kuchlar teng kelgan – 1:1. Bu yil birinchi davradagi to‘qnashuvda ham yana 1:1 natijasi kuzatildi. To‘plar nisbati 7\3 “Olimpik” foydasiga.  

E’tibor bergan bo‘lsangiz, “Bunyodkor” hali “Olimpik”ning kuragini erga tekkiza olmagan. Krestinin va uning jamoasi “Olimpik”ni mag‘lub etish yo‘lini topa olarmikin? Jamoalarning salohiyati yuqori, faqat ularga barqarorlik etishmayapti. “Olimpik” ham, “Bunyodkor” ham ochiq futbol ko‘rsatishdan qo‘rqishmaydi. Balki gollarga boy o‘yinni ko‘rsak ham ajablanmaymiz.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!