
Denisov Sergeevga qarshi turolmadi!
Rossiya Milliy futbol ligasidagi joyini saqlab qolish uchun kurashayotgan “Tom” o‘z maydonida musobaqa peshqadami “Krilya Sovetov” futbolchilarini qabul qildi.
Mezbon jamoa sardori Vitaliy Denisov shu kuni sobiq jamoasiga qarshi to‘p tepdi. Uchrashuvda turnirda turli maqsadlar sari kurashayotgan jamoalar o‘zaro to‘qnash kelgan bo‘lsa-da, bahs keskin va murosasiz ruhda o‘tdi.
Birinchi bo‘lim o‘rtalarida mezbonlar o‘z jarima maydonchasida raqib futbolchisiga nisbatan o‘yin qoidasini buzdi. Ivan Sergeev 11-metrlik belgidan aniq zarba bilan hisobni ochdi. Keyinroq, Vitaliy Denisov raqib hujumini qaytarish chog‘ida qo‘pollik ishlatgani uchun 43-daqiqada hakam tomonidan ogohlantirildi.
O‘yinning ikkinchi yarmida “Tom” futbolchilari hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘lgandi. 64-daqiqada Richlord Ennin aniq zarba bilan peshqadam jamoa darvozaboni Ivan Lomaevni ojiz qoldirdi.
Biroq, 76-daqiqaga kelib, Vitaliy Denisov boshchiligidagi himoyachilar Ivan Sergeevni to‘xtatib qola olmadi va liga to‘purari ikkinchi golini kiritib, “Krilya Sovetov” g‘alabasini ta’minladi. O‘yin oxirida Egor Golenkov mezbonlar darvozasiga uchinchi golni ham urdi.
“Tom” 29 ta uchrashuvda 21 ochko to‘plagan holda, 21-pog‘onada qolmoqda.
Fikrlar