
Denisov Bundesliganing kuchli klubiga o‘tishi mumkin edi... Yoxud barbod bo‘lgan transfer tarixi
Frankfurtning "Ayntraxt" jamoasi aktsioneri Kozim Aripov saytimizga bergan eksklyuziv intervyusida nega o‘zbek futbolchilari Evropaning kuchli chempionatlarida o‘zini ko‘rsata olmasligi haqidagi savoliga javob berdi.
-Men ham shu paytgacha bu narsaga tushuna olmayman. Balki nimadir etishmasa kerak-da...
Masalan Eldor Shomurodov o‘ynayapti (kuchli beshlik chempionatida), dastlab u yaxshi o‘ynayotgan edi, hozir esa zaxiraga o‘tqizib qo‘yishdi. Agar uni tushirishsa, o‘ynab ketadi shu bola. Men shu narsani hech tushunib etolmayman.
Bundan tashqari bizda Vitaliy Denisov degan bola bo‘lardi, juda yaxshi o‘ynardi, ruhan ham, jismonan ham kuchli edi. Men uni astoydil “Ayntraxt”ga olib ketaman deganman, o‘sha paytda bizda aynan uning pozitsiyasida o‘yinchi etishmasdi. Men uning dadasi bilan ham ko‘rishganman, gaplashganman. Dadasi jon dili bilan rozi bo‘lgan, ammo agent futbolchining transferi uchun juda katta narx belgilagan va shu tariqa biz kelisha olmaganmiz. U paytda Denisov “Lokomotiv”da (Moskva) o‘ynardi.
O‘shanda Denisov varianti “Ayntraxt”dagi barchaga ma’qul kelgan edi. Biroq uning transferi uchun 20 million evro so‘rashdi. U paytda Denisovning narxi 20 million turmas edi. Shu tariqa ushbu transfer barbod bo‘lgan. Men “Paxtakor”dan hech bo‘lmasa mana shu yigit “Ayntraxt”da o‘ynaydi deb orzu qilganman.
Kozim Aripov bilan uyushtirilgan intervyuning to‘liq variantini ushbu havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Fikrlar