
Denis Ivankov: Men "Paxtakor"ni tanlayman
O‘zbekiston milliy terma jamoasida darvozabonlar murabbiyi Denis Ivankov “Paxtakor” mashg‘ulotlarida ham ko‘rinish berdi.
Oxirgi paytlarda, Denis Aleksandrovich biror-bir klubda ham ishlash niyatida yurganini yashirmayotgandi va bu borada unga takliflar ham etarlicha bo‘layotgandi. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, mutaxassisning “Paxtakor” mashg‘ulotlarida paydo bo‘lgani uni klubning yangi a’zosiga aylanganligi haqidagi tushunchalarni oshirib yuborgani ham rost.
Avvaliga bu borada klub matbuot xizmati bilan bog‘langanimizda hali Ivankov rasmiy ravishda “Paxtakor”ning a’zosiga aylanmaganligini aytdi. Shundan keyin esa vaziyatga yanada oydinlik kiritish maqsadida Ivankovning o‘zi bilan bog‘landik.
- Bilasizmi, men hali “Paxtakor” klubida rasman ish boshlaganim yo‘q, - deya gap boshladi, Denis Aleksandrovich. - Aytishim mumkinki, meni bu erga jamoa bosh murabbiyi Shota Arveladzening o‘zi chaqirdi. Lekin yuqorida aytganimdek, hozircha rasmiy maqomda ishga kirishganim yo‘q. Shunchaki, “Paxtakor” darvozabonlar murabbiyining o‘rniga mashg‘ulotlarda qatnashib turibman. Sababi hamkasbim uyda karantinda bo‘lib turibdi. U o‘z ishiga qaytganidan keyingina ko‘p masalalarga oydinlik kiritiladi. Aniqrog‘i, mening “Paxtakor”da ishlashim yoki ishlamasligim ana o‘shanda hal bo‘ladi. Aynan mana shunday sababga ko‘ra men hozircha klub bilan shartnoma tuzmaganman. Shunday ekan, “Paxtakor”ning rasmiy a’zosi hisoblanmayman. Faqat Arveladzening iltimosiga binoan yordam berib turibman.
O‘zingiz guvohi bo‘lib turganingizdek, Ivankov katta futbolni sog‘inib qolganligi bilinib turibdi. Chunki u ham barcha qatori uch oysiz futboldan chetda yurdi va karantindan keyingi mashg‘ulotlar esa Ivankovga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatayotgani shubhasiz. O‘z navbatida ushbu murabbiy “Paxtakor” futbolchilarning ishga bo‘lgan munosabati xususida ham gapirdi.
- “Paxtakor”dagi tayyorgarlik jarayoni haqida nima deyishim mumkin? Barchasi Evropa standartlari asosida. Mashg‘ulotlar yuqori darajada o‘tyapti. O‘yinchilarning o‘zaro munosabatlari ham joyida. Biz barchamiz bir-birimizni yaxshi tushungan holda harakat qilishni boshlaganmiz. Kutilmagan ta’tildan so‘ng hammasi asta-sekin o‘z o‘rniga qaytmoqda. Karantin yuz bergani sababli hamma futbolni sog‘inib qolgandi. Endi esa hamma mashg‘ulotlarda o‘zining sevimli ishi bilan chin yurakdan shug‘ullanayotganini ko‘rish mumkin.
Umuman olganda, Denis Ivankovga takliflar etarli. Buni uning o‘zi ham tasdiqladi va o‘zaro muloqot jarayonida aynan qaysi klublarning taklifi uni qiziqtirayotganini so‘raganimizda shunday dedi:
- Takliflar bor, ammo men “Paxtakor” bilan hamkorlik qilishni xohlagan bo‘lardim.
Fikrlar