
Davron Fayziev: "Balki yomon o‘ynab turib natijaga erishish kerakmikin, bilmay qoldim"
“Qo‘qon-1912” – AGMK (0:0) o‘rtasidagi o‘yindan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida qo‘qonliklar bosh murabbiyi Davron Fayziev qatnashdi.
- Nima deyishim mumkin? Hozir biror fikr bildirishda asabiy holatimda qiyinroq. O‘yin shiddatli, juda qiziqarli bo‘ldi. O‘yinni gollar bezab bermadi. Tan olish kerak, uchrashuvning oxirgi 10 daqiqasida AGMK jamoasi zaxira o‘yinchilarining hisobiga tempni ushlab turishdi. Bizda zaxira o‘rindig‘imiz torligi uchun qiyinchilikka duch keldik. Hozirgi kunda har bir ochko bizga oltinga teng bo‘lyapti. Yaratilgan vaziyatlardan foydalanish kerak. Murabbiy sifatida bor tajribamni ishga solib futbolchilarga ko‘rsatma beryapman. Maydonda nimadir etishmayapti. Bu bizning qatorasiga ettinchi duranggimiz bo‘ldi. 7 ta durang o‘ynagandan ko‘ra 4 ta g‘alaba qozonib, 3 ta yutqazish yoki buni aksi bo‘lsa ham mayli edi, shunda ochkolarimiz ko‘proq bo‘lishi mumkin edi. Bu – futbol, unda har xil holatlarga tayyor turish kerak. Bugun Yosovich bilan Toshmirzaev sariq kartochkalari 4 ta etgani uchun o‘yinni o‘tkazib yuborishdi. Tarkib tuzishda yoki zaxiradan futbolchilarni chiqarishga qiynaldik. Bugun yigitlar har bir jamoa bilan futbol o‘ynash mumkinligini yana isbotlashdi. Muxlislarga yoqadigan o‘yin ko‘rsatyapmiz. Balki yomon o‘ynab turib natijaga erishish kerakmikin, bilmay qoldim. Bugun golli imkoniyatlarimiz AGMKga nisbatan ko‘proq bo‘ldi. Adolatli natija deb hisoblayman.
- 4 nafar etakchi safga qaytsa, qiyinchilikdan chiqib ketish mumkinmi?
- Merzlyakov hali to‘liq tayyor emas. Bilol bilan Yosovich keyingi uchrashuvda maydonga tushishadi. Normatov bilan Xojimirzaev jarohatda. Ular yaqin ikki turda bizga yordam bera olmaydilar. Murod Komilov esa yoshlar terma jamoasidan bugun qaytib keldi. Yoshlar mana shunday o‘yinlar orqali o‘sishga erishadi. Yoshlar shu kabi uchrashuvlardan foydalanishlari kerak.
- Jamoa xavfli “zona”ga tushib qoldi. Ochko olish kerak bo‘lgan o‘yinda Andrey Sidorovni oldinga qo‘ysangiz bo‘lmasmidi?
- AGMKga qarshi himoyachini o‘yindan olib tavakkalchilikka qo‘l urish og‘ir bo‘lardi. AGMK 4-3-3 taktikasida o‘ynayotgandi. Shuning uchun tavakkal qilib bo‘lmasdi. Birinchi o‘rinda darvozamizni quruq saqlab qoldik. Xavfli “zona”ga kelsak, to‘g‘ri jamoamiz shu erda turibdi. Oldimizda o‘yinlarimiz bor. Umid qilamanki, barchamiz birgalikda bu vaziyatdan chiqib ketamiz. Har turda klublar o‘rinlari almashib turibdi. Kimdir ochko yo‘qotyapti, kimdir to‘playapti. Baribir chempionat o‘ziga yarasha qiziq o‘tyapti. Qo‘rqqan o‘rmonga bormaydi. Bizda eng asosiysi, ahil oilamiz bor.
- Bugun yosh futbolchi zaxiradan maydonga tushib Superligada debyutida ishtirok etdi. Bu haqida fikringiz?
- Javohir Sidiqov endi jarohatidan qutulib chiqdi. O‘zini biroz noqulay his qilayotgani uchun tavakkalchilikka qo‘l urdim. Aziz yomon bola emas. Mashg‘ulotlarda yaxshi harakat qilyapti. Baribir birinchi o‘yinida hayajon va bosim bo‘ldi. Bundan keyin ham yoshlarga e’tibor berishga harakat qilamiz.
Fikrlar