Chempionatimizdagi hujumchilarda asosiy muammo nimadaligini bilasizmi? Norchaevda-chi? Yaqin o‘tmishning taniqli futbolchilaridan biri xulosasini aytdi

  • 13 may, 2022, 12:23
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Sir emaski, futbolimizdagi asosiy kamchiliklarimizdan biri zo‘r hujumchilarning etishmasligi bilan bog‘liq. Ha, bizda endi Eldor Shomurodov bor. Lekin birgina u bilan maqtanavermasdan yana yangi Shomurodovlarga ega bo‘lishimiz kerakmi?

Tecno

Hozir Superligamizga qarang, kimni zo‘r, to‘purar hujumchi deya ayta olamiz? Murabbiylar uchun eng ko‘p bosh og‘rig‘i bo‘layotgan muammo ham aslida malakali hujumchilarga ega bo‘la olmayotganidir.

Oldin chempionatimizda qanday futbolchilar o‘ynardi-a? Oldingi chiziq vakillari har safar boshqalarga o‘rnak bo‘lishardi.

Misol uchun Zafar Xolmurodovni hamma yaxshi biladi, o‘yinlarini eslashadi. Hozirda “Nasaf” yoshlarini boshqarayotgan ushbu murabbiy Sports.uz muxbiriga hujumchlarimiz va ularga nima etishmayotgani xususida gapirdi.

- Biz o‘ynagan davrlarda zo‘r hujumchilar chiqqan, - deya so‘zini boshladi, Xolmurodov. - Hozir nimaga bunday hujumchilarimiz yo‘q? Buning uchun ular o‘z ustida ko‘proq individual tomondan ishlashlari kerak. To‘p bilan emas, to‘psiz ham ishlashni bilishlari hozirda juda muhim. Masalan, to‘psiz kim qanday ochilishni biladi? Bizda hujumchilarimiz har safar vaziyatlarda bir xil ochilishadi. Hujumchi yugurib ketaversa, ortidan himoyachilar ham yugurishadi. Bunday paytda ularni to‘psiz ham aldashlari mumkin. Buni imkonini topsa bo‘ladi. Ayniqsa, hujumchilarni texnikasi zo‘r bo‘lishi kerak. Oleg Shatskix, Baxtiyor Hamidullaev, Shuhrat Mirxoldirshaev, Anvar Soliev, Anvar Berdiev, Umid Isoqov, Ravshan Bozorov, Zayniddin Tojiev singari futbolchilardan turgan joyidan himoyachilardan tezkorlik bilan o‘tib ketish qobilyatlari bo‘lardi. Golni his qilish xususiyatlari zo‘r edi, qanday pozitsiya tanlashni ham bilishardi. Hozir hujumchilar energiyasini ko‘proq yo‘qotyapti. Oqibatda himoyachilardan o‘tib ketishda qiynalishyapti, charchab qolishyapti. Hujumchilar aqlli bo‘lishi va shu bilan to‘p bilan, to‘psiz va qaerga ochilishni o‘zlashtirishlari shart. Ayniqsa, o‘z ustida individual jihatdan ko‘p ishlashlari talab qilinadi. Darvozalarga ko‘proq zarba berishsa, ularda golni his qilish qobiliyati yaxshi shakllanadi. Mashg‘ulotda bajarsangiz o‘yinda amalga oshira olasiz. Lekin o‘sha narsani mashg‘ulotda qilmadingizmi, unda o‘yinda ham o‘xshamaydi. Masalan, himoyachi bilan birga-bir qolgan vaziyatda hujumchilarimiz deyarli bir xil holatda aldashga harakat qilishadi. O‘z ustida ishlashmaydi. Mashg‘ulotda qiyin bo‘lsa, o‘yinda shuncha oson bo‘laveradi. Jamoa bilan oddiy bir yarim soatlik mashg‘ulotda bitta hujumchiga necha marta to‘p keladi va u darvozaga qancha zarba yo‘lla oladi? Agar individual ishlasa o‘zi xohlagandek to‘p bilan ishlab, darvozaga tepishi mumkin. Buni foydasi ko‘p. Hujumchilarda jarima maydoni ichiga kirganda sovuqqonlik bo‘lishi lozim. Ammo bizda mana shunday xislatlari yo‘q. To‘pga keraksiz yuguraversa ham charchab qolishadi. Oqibatda to‘p unga kelgan mahalda himoyachining energiyasi hujumchinikidan ko‘proq bo‘lgani sababli o‘tib keta olmay qoladi. Bitta mashqni takror va takror bajaraversa keyin shuni yaxshi o‘zlashtirib oladi. Golli vaziyatlarda pozitsiyani to‘g‘ri tanlay olishi muhim sanaladi.

aa zafar

Superligamizdagi hujumchilar orasida “Navbahor”ning legioner hujumchisi bor ekan, Marushich degan. U kuchga to‘lgan. O‘zimizda Xusayn Norchaev bor. Uni o‘ng oyog‘i yaxshi ishlamaydi. Individual tarzda shu kamchiligi ustida ishlashi kerak. Gol urish hissiyoti bor, biroq o‘z ustida yana ko‘proq ishlashi lozim. O‘yin paytida o‘ng oyoqda tepadigan vaziyat bo‘lib qolishi mumkin, shunda pand berib qoladi. To‘g‘ri, O‘zbekiston futbolida hujumchilar muammosi bo‘lyapti. Boya aytganimdek, ular o‘z ustida tinmasdan ishlamasa bo‘lmaydi. Ilgari har bir jamoada 8-9 nafardan zo‘r iqtidorli o‘yinchilari bo‘lardi. Endi esa hujumchi muammosi yuzaga kelgan.

aaa norchaev

Zaxirada qolib ketayotgan hujumchini o‘yin amaliyoti bo‘lmasa, xohlaysizmi-yo‘qmi, uni o‘yin darajasi yuqori bo‘lmaydi. Shomurodov “Rostov”da asosiy tarkibda o‘ynadi. O‘sha paytda to‘purarlikni va etakchilikni his qila oldi. Murabbiy ishonch bildirib tarkibda qo‘ysa, borgan sari o‘yini ochilib ketaveradi. Natijada ishonch paydo bo‘ladi. Bu eng muhimi. Eldorni tezkorligi, chap va o‘ng oyoqda zarba berishlari zo‘r. Agar u boshqa klubga borsa o‘ynaydigan jamoada bo‘lsa, albatta o‘ynab keta oladi. Driblingi ham, bosh bilan harakati ham yaxshi. Xullas, Eldor Shomurodovda har tomonlama yaxshi xususiyatlari bor. Bilasizmi, uni 2005 yoki 2006 yili “Mash’al” o‘rinbosarlarida ko‘rganimda, bir tanishimga shu bolani kelajagi bor deb aytgandim. O‘sha paytdayoq iqtidori borligi sezilib turardi. Bizda mana shunday hujumchilarimiz ko‘payishi kerak. O‘zimizdagi futbolchilar Eldorga va Evropani boshqa hujumchilariga qarab intilishi juda zarur. Har bir hujumchini o‘z muxlisi bo‘ladi. Chunki hujumchi ko‘zga tezroq tashlanadi. Barchasiga omad tilayman, - deydi Zafar Xolmurodov.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!