
"Cheju Yunayted" bilan shartnoma imzolagan Islom Kenjaboev hali ham uyda! U nega Janubiy Koreyaga ketmayapti? Futbolchi bilan suhbat
“Nasaf” klubi tarbiyalanuvchisi Islom Kenjaboevni legionerga aylanganidan xabaringiz bor-a? U 2020 yilning dekabr oyi oxirlarida Janubiy Koreyaning “Cheju Yunayted” klubi bilan shartnoma imzolagani haqida xabarlar chiqqandi.
Ushbu kelishuvga ham bir oydan o‘tdi, biroq hali-hanuz Kenjaboevning yangi klubiga qo‘shilgani borasida biror ma’lumot berilmadi. Ustiga-ustak yangi klubi ham Islomni rasman tanishtirgani yo‘q.
Ochig‘i, bunday jumboqli savollar bizni o‘ylantirib kelayotgandi. Vaholanki, biz Kenjaboevni Janubiy Koreyaga ketdi, deb yurgandik. Ammo keyin bilsak, u hali ham o‘z uyida, Navoiyda ekan. Shu zahotiyoq futbolchi bilan bog‘landik. “Nasaf”ning sobiq o‘yinchisiga aylangan Kenjaboev sports.uz muxbiriga vaziyat aslida qanday ekanligi haqida gapirdi.
- Islom, Janubiy Koreya klubi bilan shartnoma tuzganingizga ham bir oydan oshdi. Lekin siz hali ham u erga ketganingiz yo‘q. Nega cho‘zilib ketyapti?
- Hozirgi paytda koronavirus tufayli Janubiy Koreya yopiq davlat-ku. Shuning uchun u erga kirish va chiqish qiyin bo‘lyapti. Natijada vizani tayyorlash ham biroz qiyinroq kechyapti. Lekin bir necha kun oldin, Toshkentga borib vizaga hujjat topshirdim, elchixonaga kirib tibbiy ko‘rikdan o‘tdim. Agar 2 fevralda tayyor bo‘lsa, 3 fevraldayoq jo‘nab ketaman. Agar 3 fevraldan keyin chiqadigan bo‘lsa, 11-kungi reysga ham chipta bor.
- Bu borada yangi klubingiz bilan doimiy aloqada bo‘lib turibsizmi? Hozirgi holat bo‘yicha ularning munosabati qanday?
- Men emas, agentlarim gaplashib turishibdi. Yangi klubdagilar futbolkadagi raqamimni va yana bir-ikkita narsalarni so‘rab turishibdi. U erga borganimdan keyin meni rasman e’lon qilishadi.
- Demak, raqam tanladingizmi?
- Ha.
- Qaysi raqam?
- Borgandan keyin aytamiz-da. Buni baribir birinchi bo‘lib klubim e’lon qilishi kerak.
- Sport formangizni ushlab turish uchun “Nasaf” bilan birga shug‘ullanib turibsizmi yoki alohidami?
- Faqat uyda o‘zim mashg‘ulot qilib turibman, kuniga ikki mahaldan.
- Janubiy Koreyada Oleg Zoteev, Rustam Ashurmatov, Ikrom Aliboev, Jamshid Iskanderov singari futbolchilarimiz ham to‘p suryapti va adashmasam, ular o‘z jamoalariga ketishdi. Ular qatori sizni ham allaqachon Koreyaga ketgan, deb o‘ylayotgandik. Sizni faqat viza bilan bog‘liq holat ushlab turibdimi yoki yana boshqa muammo ham bormi?
- Men Koreyaga birinchi marta borishim. Ular esa borib-kelib yurgan futbolchilar. Hammasi tayyor, ularda. Men endi yangi jamoasiga o‘tdim va ilk bor Janubiy Koreyaga ketyapman.
- Aytmoqchimanki, o‘rtada turgan agentlaringiz hamma ishni puxta bajarishganmi?
- Ha, agentlarim yaxshi. Oleg Zoteevni Koreyaga ketishiga sababchi bo‘lgan agent, o‘z navbatida, menga ham agentlik qiladi. “Cheju Yunayted” bilan ikki yilga shartnoma tuzib bo‘lganman va shu yilning 1 yanvaridan kuchga kirgan.
- Kenjaboev sifatida “Nasaf”da tanildingiz. U erda barcha bosqichlarni bosib o‘tdingiz. Bu klub siz uchun qanday ahamiyat kasb etadi?
- “Nasaf”da mening o‘sishimga sababchi bo‘lgan har bir murabbiyning katta o‘rni bor. Klub akademiyasida Nurali Sultonov va boshqalar bilan ishlaganman. Keyin o‘rinbosarlar tarkibiga o‘tganman. U erda Rahmat aka degan murabbiy bo‘lardi. U kishi meni 15 yoshimda futbolda o‘ynatgan. Menga yordam ko‘rsatgan. Ikki yil davomida “Nasaf”ning o‘rinbosarlarida to‘p surdim va so‘ngra, asosiy tarkibga o‘tdim. Bosh jamoada o‘ynab ketishimga Ro‘ziqul Berdiev katta yordam ko‘rsatgan. Birinchi o‘yindanoq menga ishonch bildirgan, ayniqsa, Osiyo Chempionlar ligasidagi o‘yinda. Ammo haligacha O‘zbekiston chempionatida to‘liq o‘z o‘yinimni ko‘rsata olganim yo‘q.
- “Nasaf”ni tark etish rejangizda bormidi yoki barchasi kutilmaganda sodir bo‘ldimi?
- Aslida o‘tgan yili legionerga aylanmoqchi edim. Lekin “Nasaf” bilan shartnomam borligi uchun klubim katta pul so‘radi. Buning ustiga jarohat olib, ma’lum vaqt o‘ynay olmadim. O‘tgan yilning oxirlarida menga yana chetda to‘p surish uchun variant paydo bo‘ldi. Buni kutilmagan xabar bo‘ldi, deya olmayman. Legioner bo‘lishga tayyorlanib borayotgandim.
- O‘tgan yili sizga qaerdan taklif bo‘lgandi?
- Unda ham Janubiy Koreyadan edi, faqat boshqa klubidan.
- Sizga o‘zimizning chempionatdan ham aniq takliflar bo‘lgandir-a?
- Ha, etakchi jamoalaridan bo‘ldi. Lekin hech qanaqa muzokara bo‘lmagan. Faqat chetga ketmasam, takliflar haqida o‘ylab ko‘rishimni aytganman.
- Ro‘ziqul Berdievning u erga ketayotganingizga munosabati qanday bo‘ldi?
- To‘g‘risi, hali gaplashmadim. Koreyaga ketadigan kunim aniq bo‘lgach, albatta Ro‘ziqul aka Berdiev va jamoadoshlarim bilan xayrlashaman. Yaqinda uylanganman, shu sababli hozir Navoiydaman. Ro‘ziqul aka, agar chetdan taklif bo‘lsa, o‘zing bilasan, ammo chetga ketmasang, jamoada qolishingni istaymiz, deb aytdi. “Nasaf” moliyaviy tomondan ham qiynalib qolgandi. Qolaversa, oila qurdim. Shu bois, oilam ham yaxshi yashashi kerak-da.
- Koreyaga oilangiz bilan ketasizmi yoki bir o‘zingizmi?
- Dastlab o‘zim boraman, bir oydan keyin rafiqam ham boradi.
- “Nasaf”ni tark etish oldidan qanday aytadigan gaplaringiz bor?
- Avvalambor, futbolga kirib kelishimga asosiy sababchi bo‘lgan ota-onamga minnatdorlik bildiraman. Ikkita murabbiyim bor – Asror aka Pirnazarov va Hasan Safarovga ham rahmat aytib qolaman. “Nasaf” akademiyasida menga yordam ko‘rsatgan murabbiylardan ham minnatdorman. O‘rinbosarlar jamoasida Zafar Xolmurodov boshchiligidagi murabbiylarga, asosiy tarkibda esa, Ro‘ziqul Berdiev, Shuhrat Toshpo‘latov, umuman barcha murabbiylarga tashakkur bildiraman. Meni va jamoamizni qo‘llab-quvvatlagan jonkuyar muxlislarimizni ham unutmayman. Meni oilam “Nasaf” jamoasi bo‘ldi. Chunki ular bilan 9 yil birga bo‘ldim. Menga yordam bergan barcha-barchadan minnatdorman.
- Legionerga aylangach, endi nimani ko‘zlayapsiz?
- Niyatlarim katta, hammasi Xudodan. Janubiy Koreyada olti oy yoki bir yil to‘p surib, o‘zimni yaxshi tomonlama ko‘rsatgach, Evropaga ketish niyatim bor. Futbolchi sifatida yanada o‘sishga harakat qilaman.
Fikrlar