"Chaqilmas yong‘oq" - "So‘g‘diyona" haqida hali yana yozamiz...

  • 2 iyun, 2022, 01:04
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superligada yuzaga kelgan tanaffusdan foydalangan holda chempionatimiz ishtirokchilarining hozirga qadar bosib o‘tgan yo‘li xususida so‘z yuritmoqdamiz. Kecha musobaqa peshqadami bo‘lib turgan Olmaliqning AGMK klubiga to‘xtalgandik. Bugun esa Jizzaxning “So‘g‘diyona” jamoasi bizning e’tiborimizda. Anglab turgan bo‘lsangiz, bu safar ham turnir jadvalidan kelib chiqqan holda ish tutdik. Chunki AGMKdan keyin 2-o‘rinda “So‘g‘diyona” klubi boryapti-da!

Tecno

Ulug‘bek Baqoev jamoasi ham xuddi Mirjalol Qosimov boshqarayotgan klub singari 10 ta o‘yin o‘tkazib 6 ta g‘alaba, 2 ta durang va 2 ta mag‘ubiyat qayd etgan. Faqat to‘plar nisbatiga ko‘ra jizzaxliklar hozircha ikkinchi pog‘onada. 18 ta gol urib, 10 ta to‘p o‘tkazib yuborgan. Klub shu kungacha barcha uchrashuvlarini to‘liq o‘tkazib keldi. Faqat 11-turga kelib “Paxtakor”ga qarshi Jizzaxdagi o‘tishi kerak bo‘lgan bellashuv qoldirildi.

sugdiyona1_3

AGMK bilan “So‘g‘diyona” bir-biriga jiddiy raqiblar, desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak. O‘tgan mavsumda ikkinchi o‘rin uchun kurash ikkala jamoa o‘rtasida kechgan bo‘lib, oxirgi turda “So‘g‘diyona” Olmaliqda yutib ketgandi. Buni qarangki, hozir ham ushbu klublar sovrinlar uchun kurashishda davom etmoqdalar va 1- va 2-o‘rinni bo‘lishib turishibdi. Ammo 7-turda AGMK bilan “So‘g‘diyona” jamoalari Olmaliqda to‘qnash kelishdi. Juda qiziqarli va gollarga boy kechgan bellashuvda bu safar maydon egalarining qo‘li baland keldi – 3:2. Qizig‘i shundaki, bungacha Baqoev jamoasi joriy mavsumda hali mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgandi. AGMK ushbu raqibining mag‘lubiyatsiz seriyasiga chek qo‘ygan klubga aylandi.

Bu yil “So‘g‘diyona” klubi yangi sahifa ochadi. Gap shundaki, o‘tgan yilgi muvaffaqiyatidan so‘ng, jamoa bu yil tarixida ilk bor OFK Kubogi guruh bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Shu sababdan Baqoev va uning jamoasi uchun 2022 yil yanada muhim sanaladi. “So‘g‘diyona”ning OFK Kubogidagi ishtirokiga ham ko‘p vaqt qolgani yo‘q. Chempionatimizdagi dadil o‘yinlaridan bilish mumkinki, xalqaro maydonda ham yurtimiz sharafini munosib himoya qila oladi.

so‘g‘diyon

Endi bevosita Superligadagi qatnashuviga to‘xtaladigan bo‘lsak, jizzaxliklar chempionatni yaxshi boshlashdi. Birin-ketin raqiblaridan ochkolarni tortib, muxlislarini xursand qilayotgandi. Yuqorida aytganimizdek, 7-turga kelib AGMK tomonidan “So‘g‘diyona” to‘xtatib qolindi. Aftidan, o‘sha mag‘lubiyat jizzaxliklarga ruhiy zarba bergan ko‘rinadi, navbatdagi turda ikkinchi bor maydonni ochkosiz tark etishiga majbur bo‘ldi. Albatta, raqib ham jiddiy bo‘lib, qarshisida “Nasaf” turgandi. Taqvimga binoan ular birin-ketin AGMK va “Nasaf” bilan o‘yinlarga duch kelib qoldi. Shunday qilib, “Nasaf” “So‘g‘diyona” maydonida 1:2 hisobida ustun keldi. Lekin ketma-ket uchinchi mag‘lubiyatga Baqoev aslo rozi bo‘lmasdi. Shuning uchun keyingi turda “Surxon” darvozasiga 4 ta gol urdi. Natijada 2:4 hisobida g‘alaba qozondi. 10-turda esa “Qo‘qon-1912”ni qabul qilib javobsiz uchta gol urishga erishishdi.

“So‘g‘diyona” AGMK bilan birga hozirgacha Superligada eng ko‘p gol urgan jamoalar bo‘lib turishibdi. Raqiblar darvozasiga 18 marta to‘p kiritishdi. Bu borada Ulug‘bek Baqoev jamoasida ham sermahsullik bor. Har holda ilgari to‘purar hujumchi bo‘lgani bois uning klubida ham hujumchilar ancha faol. Natijada bosh murabbiyning ishongan shogirdlaridan biri – Shoxruz Norxonov chempionatimizda eng yaxshi to‘purar bo‘lib turibdi. Hozirgacha uning hisobida 6 ta gol bor. Tabiiyki, “So‘g‘diyona”ning g‘alabalarida ushbu hujumchining ham roli katta bo‘lyapti. 10 ta o‘yinda 6 ta gol yaxshi ko‘rsatkich-a? Oxirgi uchta uchrashuvdan beri maydonni golsiz tark etmayapti.

so‘g‘diyona2

“So‘g‘diyona” kurashuvchan jamoa. Baqoev o‘tgan yilgi tarkibini deyarli saqlab qoldi. Yangi kuchlar sifatida Marat Bikmaev, Artyom Filiposyan, Doniyor Abdumannopov va legioner o‘yinchilar qo‘shildi. Klub natija uchun qanday o‘ynash kerakligini juda yaxshi biladi. Ulug‘bek Baqoev qaysar murabbiy va jamoasining xarakteri ham o‘ziga o‘xshaydi. Shu bilan birga ularga chaqilmas yong‘oq degan ta’rifni bersak ham yarashaveradi. Hech bo‘lmaganda o‘tgan yilgi natijasini takrorlash niyatida. Qo‘shimchasiga yuqorida aytganimizdek, OFK Kubogi musobaqasi ham turibdi. Demak, "So‘g‘diyona" haqida hali yana yozamiz...

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!