
CAFA kumush medali, legionerga aylanishi, 14-chempionlik va MTJning yaponiyalik murabbiyi haqida "Sevinch" klubi etakchisi Maftuna Shoyimova bilan intervyu
SPORTS.uz intervyu ruknidan o‘rin olgan suhbatlarni davom ettiradi. Bizning bu galgi suhbatdoshimiz O‘zbekiston ayollar terma jamoasi va "Sevinch" klubi a’zosi Maftuna Shoyimova.
Iste’dodli futbolchimiz yaqindagina bo‘lib o‘tgan CAFA turniri, legionerga aylanishi, yana chempionlik poygasiga qaytish va oyliklar masalasida fikr bildirdi.
-Assalomu alaykum, Maftuna. Va nihoyat, siz bilan suhbatlashib turganimdan hursandman.
Assalomu alaykum. Men ham hursand bo‘ldim.
- Eng avvalo, CAFA turniri haqida suhbatlashsak. Musobaqa sizda qanday taassurot qoldirdi?
CAFA menga juda yoqdi. Men o‘zi mini-futbolga ko‘proq qiziqaman. Ayniqsa, kuchli jamoalarga qarshi maydonga tushish juda zavqli. Ulardan o‘zimizga kerakli xulosalarni olamiz. Masalan, Eron bilan 2:2 hisobida tugagan bahs menga juda yoqdi. Qolaversa, tashkilotchilik juda a’lo darajada. Aeroportda bizni gullar bilan kutib olishdi. U erdagi turar-joyimiz ham havas qilishga arzigulik edi.
- Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, musobaqada juda yaxshi ishtirok etdingiz. Ammo Eronga qarshi bahs turnir natijasiga katta ta’sir ko‘rsatdi.
To‘g‘ri, birinchi o‘yin Eron bilan bo‘lganligi uchun 2:5 hisobida mag‘lub bo‘ldik. Lekin keyingi uchrashuvda raqibni juda sinchkovlik bilan kuzatdik va durang (2:2) natija qayd etdik. Xatolar ustida ishlashga va qo‘ldan kelgancha g‘alaba qozonishga harakat qildik. Ha, yana doimiy futzalda mashg‘ulot olib borsak, biz ham o‘sishga erishsak bo‘ladi.
- Ko‘pchilik bilamaydiki, chempionatmizda futbolda ham futzalda ham shu qizlar to‘p tepadi. Agar sizda imkon bo‘lsa, qay birini tanlagan bo‘lar edingiz?
Men futzalni tanlagan bo‘lar edim. Chunki menga yuqorida aytganimdek, futzal ko‘proq yoqadi.
- "Sevinch" klubi 13 marta chempionlikka erishgan. So‘nggi vaqtlarda esa biroz oqsamoqda. Bu faqat moliyaviy tarafga bog‘liqmi?
Shunaqa desam ham bo‘ladi. Klubimiz homiysi bilan suhbatlashdik. Kelayotgan mavsumdan barchasi yaxshi bo‘lishini aytdi. Kutamiz, o‘ylaymanki, hammasi o‘z holiga qaytar.
- "Sevinch" klubi qizlari 6 oydan buyon maosh olmayotgani haqida gap-so‘zlar quloqqa chalinmoqda. Bu rostmi?
Yo‘q, aslo unday emas. Har doim oyligimiz o‘z vaqtida qo‘limizga etib keladi. Klubda biz o‘ynaymiz va unda ahvol qanday ekanini juda yaxshi bilamiz, qolganlar gapiraveradi.
- Vladislav Nikolaevich yana klubga bosh murabbiy etib tayinlandi. Bundan barcha xursand bo‘lsa kerak.
Albatta! Murabbiyimizning qaytib kelgani juda yaxshi bo‘ldi. Men ularga ishonaman, biz yana chempionlik poygasiga qaytamiz.
- Turmushga chiqishingiz kerak bo‘lsa va futbolni tark etishingizga to‘g‘ri kelsa, qanday yo‘l tutasiz?
Bilasizmi, men uchun 1-o‘rinda oilam turadi. Agar turmushga chiqsam va turmush o‘rtog‘im futbolni tark etishimni so‘rasa, albatta tark etaman.
- Bugun ayollar futboliga ham legionerlik begona emas. Sizga ham taklif bilan chiqishdimi?
Legioner terma jamoa uchun katta foyda olib keladi. Ya’ni, boshqa chempionat, yangi murabbiy va futbolchilar bilan tanishuv juda qiziqarli. Men ham legioner bo‘lishni juda xohlayman, lekin ba’zi muammolar bor. Bu uchun hozircha "Sevinch" klubidaman.
- Terma jamoa mashg‘ulotlaridan ko‘nglingiz to‘ldimi? Biror o‘zgarish qilish kerak deb o‘ylaysizmi?
Terma jamoa murabbiylari va qizlar bilan juda yaxshi yig‘in bo‘ldi. Shuningdek, yangi murabbiy bilan mashg‘ulot olib boryapmiz. Hozir bir-birimizni o‘rganmoqdamiz va o‘zgarish shart emas deb o‘ylayman.
-Samimiy suhbat uchun rahmat, Maftuna. Oldindagi musobaqalarda omad yor bo‘lsin!
- Rahmat. G‘alaba qozonishga qo‘ldan kelgancha harakat qilamiz.
Dilnoza Mustafoqulova suhbatlashdi
Fikrlar