Buyuk aktyor va sport yulduzi Chak Norrisning Niklos ismli o‘zbek ukasi haqida eshitganmisiz?

CHERY AUTO

O‘zbek karate olamida ajoyib murabbiy, ko‘plab yoshlarning ustozi, Shotokan krate-do etakchi instruktori, O‘zbekiston karate WKF  federatsiyasi vitse-prezidenti, “Azamat-Karim” klubi asoschisi,  karate bo‘yicha 7-DAN, chun-kuk-do bo‘yicha 5-DAN qora belbog‘ sohibi Xo‘jamqul Xo‘jaqulovning o‘z o‘rni bor. Buyuk aktyor, rejissyor, karate va kikboksing bo‘yicha etti karra jahon chempioni, 10-DAN qora belbog‘ sohibi Chak Norrisning shogirdi hisoblanadigan ushbu yurtdoshimizning faoliyati va karate qirollaridan biri bilan qay tarzda tanishgani hamda u bilan bog‘liq voqeyliklar qiziq ekanligi tabiiy... Biz ushbu omillarni inobatga olib, Xo‘jamqul aka bilan qisqacha muloqotda bo‘ldik.

Tecno

- Xo‘jamqul aka, sizni Chak Norrisni shogirdi, deb bilishadi?

- Albatta.

- Keling, ushbu buyuk sportchi va aktyor bilan tanishishingiz tarixi bilan o‘rtoqlashsangiz?

- 1995 yil Amerika Qo‘shma Shtatlarining Las-Vegas shahrida uning uslubi bo‘yicha jahon chempionati bo‘lgan. O‘shanda biz mazkur musobaqaga borganmiz. Turnirda qatnashish uchun avval, imtihondan o‘tish kerak bo‘lgan. 8 kishi borgan edik. Ular orasida men tanlovdan munosib o‘tganligim uchun musobaqada ishtirok etdim. Yakunda, 3-o‘rinni qo‘lga kiritgandim. Shu tariqa tanishganmiz. Keyin har yili turnirlarda ishtirok etadigan bo‘ldik. Ko‘plab, o‘zbekistonlik sportchilarni ushbu musobaqaga olib borganman. Ularning orasida 5 nafari bu yo‘nalishda qora belbog‘ sohibiga aylangan.

Bez nazvaniya (34)

- Uning uslubi qanday?

-
Chun-kuk-do sport turiga asos solgan va har yili bu bo‘yicha Chak Norris sovrini uchun jahon chempionati o‘tkaziladi.

- Lekin so‘ngi vaqtlarda ushbu turnirda o‘zbekistonliklar ishtirokiga oid ma’lumotlarni eshitmadik?

- To‘g‘ri, oxirgi marta 2014 yilda borib keldim. Bunga qadar bizning jamoamiz 9 marotaba bu turnirda ishtirok etgan. Shogirdlarim orasida chempionlar va sovrindorlar ham bo‘lgan. O‘zim ham 2008 yil chempion bo‘lganman. Qolaversa, ko‘p bora ikkinchi-uchinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritganman. Bu yil ham taklif qilishgan edi. Afsuski, koronavirus pandemiyasi tufayli barchasi barbod bo‘ldi. Umuman olganda mazkur turnirda o‘zbekistonliklarning katta o‘rni bor!

- Yon qo‘shni mamlakatlar jamoasi ham ushbu turnirda ishtirok etadimi?

- Yo‘q. Markaziy Osiyoda faqatgina O‘zbekiston jamoasi taklif etiladi.

- Umuman olganda, Chak Norris bilan munosabtalar ustoz-shogird ko‘rinishidami yoki yanada qadrdonlik rishtalari mavjudmi?

- Ochig‘i, o‘zining oilasi a’zosi sifatida ko‘radi. 97 yoshli onasi bor. Hali ham hayotlar. Umri uzoq bo‘lsin! Meni o‘zbek o‘g‘lim, deb ataydi. Niklos, deb ism ham qo‘yib olgan. Har yili turnir boshlanganda birinchi bo‘lib, Nik keldimi, deb so‘raydi. Agar borgan bo‘lsam, albatta, oldiga chaqirtiradi va qachondan beri xabar olmaysan, deya koyib ham qo‘yadilar. Chak Norrisni o‘zi ham ukasi sifatida ko‘radi. Bu shunchaki so‘zlar emas. Men bilan borgan insonlar yaxshi bilishadi va guvoh bo‘lishgan ham. Musobaqa mobaynida barchani tanishtirib, eng so‘ngida menga to‘xtalib, o‘zbek ukam, deb tilga olardi. Xullas, meni juda yaxshi ko‘rishadi. O‘z o‘rnida ularga ham hurmatim cheksiz.

- Adashmasam, siz ham ustozingiz kabi filmlarda sur’atga tushgandingiz. Yana takliflar bo‘layotgandir?

- Ha, “Taqdir zarbasi” kinosi hamda “Ho‘jamqul va uning shogirdlari”, “Shotokan ustasi” hujjatli filmida suratga tushganman. Undan keyin bir necha marotaba takliflar bo‘ldi. Biroq musobaqalar va boshqa sabablar tufayli ishtirok eta olmaganman.

- Shogirdingiz Valijon Shamshiev Chak Norrisning barcha filmlari rejissyori, ya’ni ukasi Aaron Norris bilan hamkorlikda kino suratga olish borasida kelishib olishgan ekan. Bu amalga oshadimi?

- Ular o‘zaro rejalar qilishgan edi. Bilmadim, balki amalga oshib ham qolar. Undan avval, ustoz Chakning o‘zi ham O‘zbekistonda kino olish imkoni bormi, deb so‘ragandi. Ehtimol, yaxshi niyatlar ijobat bo‘lib, bu borada ham yangiliklar bo‘lib qolishi mumkindir.

- Mazmunli suhbat uchun rahmat!

- Sizlarga ham o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!