
"Buxoro" transferlarni amalga oshirsa ham, natijalar qoniqarsiz. Buning sababi nimada? - Ulug‘bek Baqoevdan javob
Superliganing 21-turidan o‘rin olgan “Buxoro” – “Navbahor” (0:3) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoev qatnashib, jurnalistlarning savollariga javob berdi. Bu haqda "Navbahor" klubi matbuot xizmati xabar berdi.
- Hisob hammasini aytib turibdi. Raqibga barcha jabhalarda mag‘lub bo‘ldik. Xatolarimizni tahlil qilib, keyingi o‘yinlarga yaxshiroq tayyorgarlik ko‘ramiz. Namanganliklarni esa g‘alaba tabriklayman.
- “Buxoro” oxirgi 5 daqiqada o‘z darvozasidan 2 ta to‘p o‘tkazib yubordi...
- Vaziyatni o‘nglash uchun oldinga chiqdik. Raqib safida kuchli ijrochilar bor va ular bizni jazolashdi. Bunaqasi futbolda bo‘lib turadi.
- Humoyunmirzo Iminov o‘zini ko‘rsata olmagani uchun almashtirildimi?
- Nafaqat Iminov, balki butun jamoa o‘z darajasida o‘ynay olmadi. Shu sababli o‘zgarishlarni amalga oshirdik.
- Birinchi davrada g‘alaba uchun jamoaga mahoratli futbolchilar etishmayapti, degan edingiz, ikkinchi davrada bir necha tajribali futbolchilarni tarkibga qo‘shib oldingiz. Ammo qoniqarsiz natijalar davom etmoqda. Buning sababi nimada?
- Reglament bo‘yicha 5 nafar futbolchini o‘z safimizga qo‘sha olardik. Imkoniyatimiz boricha yigitlarni chaqirdik. Tajribali o‘yinchilarning katta qismida shartnoma bor. Bir - ikki nafar tajribali futbolchilarni tarkibga jalb qila oldik, biroq maydonda 11 nafar o‘yinchi o‘ynaydi. Kelasi bahslarda yuqori daraja ko‘rsatib, g‘alaba qozonamiz, deb o‘ylaymiz.
- Jamoangizda Superligada jon saqlab qolish uchun imkoniyat bormi?
- Imkoniyat doimo bo‘ladi.
- Muxlislarga aytadigan so‘zlaringiz bormi?
- Shunday og‘ir damlarda bizni qo‘llab-quvvatlayotganliklari uchun ishqibozlarga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Imkoni boricha harakat qilyapmiz. Raqobatbardosh, medallar uchun kurashadigan jamoani qisqa vaqt ichida qurib bo‘lmaydi.
Fikrlar