
"Buxoro" bosh direktori: "Bir-ikki kun ichida Norxonov masalasini hal qilamiz"
“Buxoro” klubi ikkinchi davraga tayyorgarlikni Tojikistonda olib borayotganidan xabaringiz bo‘lsa kerak.
Birinchi davrada natijalar kutilganidek bo‘lmadi. Shu bois selektsiya masalasida ham jamoada o‘zgarishlar bor. Sports.uz jurnalisti Tojikistonda “Buxoro” bosh direktori O‘tkir Qodirov bilan uchrashib, klubdagi o‘zgarishlar haqida suhbatlashdi.
- Avvalo, “Buxoro” jamoasining yozgi tayyorgarligi haqida to‘xtalib o‘tsangiz.
- Ha, biz jamoamizga yaxshi sharoitlarni yaratib berish maqsadida Tojikistonda yig‘in tashkil qildik. Jamoamiz a’zolari ham bu erdagi sharoit va imkoniyatlardan mamnunlar. Maqsadimiz ikkinchi davraga puxta tayyorgarlik ko‘rish. Kuni kecha “Xo‘jand” jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvida o‘ynadik. Bosh murabbiyimiz Ulug‘bek Baqoev o‘rtoqlik o‘yinlari orqali futbolchilarning imkoniyatlarini ko‘rib olyapti va ularning harakatlari ma’qul kelyapti. Hozirda hammasi yaxshi, reja bo‘yicha davom etyapti.
- Tarkibga yangi o‘yinchilar ham qo‘shilmoqda. Shu sababli selektsiya borasida ham ma’lumot bersangiz.
- Selektsiya ishlarini ham olib boryapmiz. Bir qator futbolchilar bilan muzokaralar davom etyapti. Hozirda “Paxtakor”dan va “Nasaf”dan taklif qilingan o‘yinchilar bilan shartnomalar imzolandi. Shuningdek, ikki nafar xorvatiyalik legionerlar ham kelgan. Ular ham endi “Buxoro” sharafini himoya qiladilar, biz legionerlar bilan ham shartnoma tuzdik. “Metallurg”dan Asilek Qayumov yig‘inimizda qatnashyapti. Uning harakatlari ham murabbiylarga ma’qul tushyapti. Qolaversa, tajribali hujumchi Shoxruz Norxonov bilan ham muzokara olib boryapmiz.
- Ha, Norxonovni jamoa yig‘inida ko‘rib turibman. “Navbahor”dan uni taklif qilish va muzokara qiyin kechmayaptimi?
- Yo‘q, Baqoev o‘zi shug‘ullanyapti. Bir-ikki kun ichida Norxonov masalasini ham hal qilamiz. U bizga kerak, umid qilamanki, jamoamizni kuchaytira oladi.
- Shuningdek, Humoyunmirzo Iminov bo‘yicha klubni “Paxtakor”dan qarzdorligi bor edi...
- Yo‘q, Iminov bo‘yicha muammo qolmagan. Biz uning uchun “Paxtakor”ga to‘lanishi kerak bo‘lgan mablag‘ni o‘tkazib berganmiz. Bu borada muammo yo‘q.
- Ikkinchi davradan nima kutyapsiz?
- Muxlislarimiz oldida yuzimiz yorug‘ bo‘lishini istaymiz va buning uchun bor kuch hamda imkoniyatimizni ishga solamiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar