
"Burgutlar" yarim final ostonasida turibdi yoxud O‘zbekiston Kubogi chorak finali oldidan
Ayni paytda mavsumning ikkinchi qismi boshlandi va milliy chempionat bahslaridan tashqari O‘zbekiston Kubogi musobaqasida ham kurash davom ettirilyapti. Jumladan, “Andijon” jamoasi Qarshidagi “Markaziy” stadionda “Qizilqum”ga qarshi chorak final doirasida maydonga tushadi.
Iyun oyida ushbu jamoalar chempionat doirasida Qarshida to‘qnash kelishgan va o‘shanda jangovar durang (3:3) qayd etilgani yodingizda bo‘lsa kerak. Endi ushbu klublarning yo‘llari O‘zbekiston Kubogi chorak finalida yana bir bor kesishmoqda. Ma’lumki, “Andijon” nimchorak finalda safarda “Olimpik”ni Rustam Turdimurodovning yagona goli evaziga mag‘lubiyatga uchratgan. “Qizilqum” esa Muborakda “Mash’al”ga qarshi bellashuvda qo‘shimcha vaqtlarda urilgan gollar evaziga g‘alaba qozonib chorak finalga yo‘l olgan.
Bu juftlikda g‘olib jamoa yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. “Andijon”ni O‘zbekiston Kubogi musobaqasida hozirgacha eng yaxshi natijasi chorak final bo‘lib turibdi. “Burgutlar” ushbu bosqichga bir necha bor etib kelishgan. Ammo hali yarim final yo‘llanmasiga ega bo‘lmagan, bu safar esa jamoa uchun bu borada juda yaxshi imkoniyat bor.
“Qizilqum” hamda “Andijon” klublari O‘zbekiston Kubogida shu paygacha to‘rt marotaba to‘qnash kelishgan. Barcha o‘yinlar gollarga boy tarzda kechgan. Jamoalar ilk bor O‘zbekiston Kubogida 2002 yili to‘qnashishgan. O‘shanda ham hozirgidek 1\4 final o‘yini bo‘lib, unda uchrashuvlar uy va safar tizimida o‘tgan. 2002 yilning 10 aprel sanasida Andijonda bo‘lib o‘tgan bellashuvda 1:4 hisobida raqibga imkoniyat boy berilgan. O‘sha yilning 1 may sanasida safardagi o‘yinda “Qizilqum” 5:0 hisobida g‘olib chiqqan.
Jamoalarning Kubokdagi keyingi o‘yini 2016 yilda yuz berdi. O‘shanda 1\8 final bosqichida ro‘baro kelganlar. Birinchi bellashuv 25 martda o‘tkazilgan va “Qizilqum” maydonidagi bahsda 2:2 natijasi kuzatilgan. 21 may sanasida esa Andijonda javob uchrashuvi o‘tkazilgan. Unda mezbonlar 3:1 hisobida ustunlikka erishib, keyingi bosqich masalasini hal qilgan.
Bu safar esa jamoalar Kubok musobaqasida uchinchi bor to‘qnash keladilar.
Eslatib o‘tamiz, “Qizilqum” – “Andijon” uchrashuvi bugun Qarshidagi “Markaziy” stadionda soat 20:00 da boshlanadi.
Fikrlar