"Bunyodkor" himoyachisi: "Gol urmasam bo‘lmasdi"

  • 13 avgust, 2024, 22:52
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Bunyodkor” klubi uzoq kutilgan tanaffusdan so‘ng 15-turga kelib o‘zining ikkinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi. O‘z maydonida “Andijon”ga qarshi bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “Qaldirg‘ochlar” 2:0 hisobida ustunlikka erishdi.

Tecno

Ayniqsa, ikkinchi bo‘lim oxirlarida himoyachi Bobur Yo‘ldoshevning boshi bilan kiritgan goli “Bunyodkor”ning g‘alabasini mustahkamladi. U ikkinchi davrada jamoa safiga qo‘shildi va o‘zini ko‘rsatishni boshladi.

Ushbu o‘yinchi esa Sports.uz muxbirining bir qator savollarga javob qaytardi.

- Boburjon, avvalo, o‘yin haqida so‘ramoqchiman. “Bunyodkor” “Andijon”ga qarshi uchrashuvda yaxshi taassurot qoldirdi. Qanday fikrlar bildira olasiz?

- O‘yin haqida keladigan bo‘lsak, qiyin bo‘lishini bilgandik. Shunga yarasha tayyorgarlik ko‘rdik. Ko‘plab yangi kelgan futbolchilar bor. O‘yinimiz o‘yindan-o‘yinga yaxshilanib borishiga ishonaman.

- Nihoyat, siz ham gol urishga erishdingiz. Gol urishingizni o‘ylaganmidingiz?

- Nihoyat (kuladi). Hamma ham uchrashuvda gol urishni niyat qiladi. “Andijon” bilan uchrashuvda menda bir qator imkoniyatlar bo‘ldi. Gol urmasam bo‘lmasdi. Bu albatta, nasib. Gol urib jamoamning g‘alabasiga hissa qo‘shganimdan xursandman.

- “Andijon”ni kanchalik o‘rgangandinglar va raqib haqida nima deya olasiz?

- Hamma qatori bu raqibni ham o‘rganib chiqqandik. “Andijon” ko‘proq standart va qarshi hujumlarda xavfli ekanini bilardik. Ular bejizga jadvalning yuqori qismida turishgani yo‘q.

- “Bunyodkor”ni oldinda O‘zbekiston Kubogi chorak finalida “Paxtakor”ga qarshi muhim o‘yin kutmoqda. Bu borada maqsad qanday va nima kutyapsiz?

- Maqsad albatta qozonib keyingi bosqichga chiqish. Xudo xohlasa, jamoa bilan hamjihat bo‘lib g‘alaba qozonishga harakat qilamiz. Qolgani Xudodan.

- Oxirgi golingizni qachon va kimga urgandingiz, yodingizdami?

- Adashmasam, O‘zbekiston chempionatida “Qizilqum” tarkibida “Qo‘qon-1912” darvozasiga gol urganman.

- “Bunyodkor”ga moslashib bo‘ldingizmi? Jamoa oldingi mavqeini tiklashiga qancha vaqt kerak, deb o‘ylaysiz?

- Moslashib bo‘ldim. Boya aytganimdek, bir qator yangi kelgan futbolchilar bor. Ular ham jamoaga kirishib ketishdi. Jamoa mavqeini tiklashiga o‘z hissamizni qo‘shamiz.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!