
"Bunyodkor" bosh murabbiyi "So‘g‘diyona"ga qarshi bahsdan keyingi matbuot anjumanida: AGMKni OChL yo‘llanmasi bilan tabriklayman
O‘zbekiston Superligasi 5-turidan o‘rin olgan "Bunyodkor" - "So‘g‘diyona" uchrashuvi 2:2 hisobidagi durang bilan yakunlandi. O‘yindan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar bosh murabbiyi Shuhrat Maqsudov ishtirok etdi.
"Avvalo, OChL saralashi doirasidagi o‘yinda AGMK tomonidan qo‘lga kiritilgan ajoyib g‘alaba bilan barchani tabriklayman. Kecha do‘stim, Mirjalol bilan ham gaplashdik va uni qutladim. Bu barchamiz uchun juda quvonchli xabar.
O‘yinga keladigan bo‘lsak, hammangiz ko‘rdingiz. O‘yin qiyin o‘tishi oldindan ma’lum edi. "So‘g‘diyona" o‘z-o‘zidan bunday natijalarga erishmayapti.
Birinchi bo‘limda o‘yinimiz u qadar yaxshi o‘tmadi. Futbolchilar ancha kuchli harakat qilayotgan bo‘lsa ham, o‘yin chiqmadi. Ikkinchi taymda esa, barchasi bizning nazoratimizda bo‘ldi.
Barchangizga ma’lumki, mavsum avvalida 6 ta asosiy futbolchimiz bizni tark etdi. Ha, ularning o‘rnini to‘ldirish qiyin bo‘lmoqda. Ammo barchasi sekin-asta iziga tushib ketadi. Jamoamizga hozirda homiylik masalasida yaxshi yordam bo‘lmoqda. Davralar oralig‘ida holatni yaxshilashga harakat qilamiz.
Darvozabonda bir nechta xatolar bo‘layotgani tushunarli. Bu - futbol: barcha narsa bo‘lishi mumkin. Bu borada ishlayapmiz.
Norxonov bosh bilan yaxshi o‘ynashini bilardik. Ozgina kontsentratsiyani boy berib qo‘ydik. Shuning uchun, Shohruzni himoyachilar qo‘yib yubordi va gol o‘tkazib yubordik", - dedi Maqsudov.
Fikrlar