Bugun Superligada so‘nggi tur. Syurprizlar ko‘ramizmi?

  • 30 noyabr, 2024, 00:07
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun Superliga rasman yakuniga etadi. Odatda chempiontning oxirgi tur o‘yinlari bir kunda va bir vaqtda boshlanadi. Bu safar ham xuddi shunday: barcha 7 ta juftlik 30 noyabr kuni soat 15:00 da start oladi. Bugun barcha klublarning turnir jadvalida qaysi o‘rinni egallashi va mavsumni qanday yakunlashi aniqlanadi. Xo‘sh, oxirgi turda syurprizlar ko‘ramizmi?

Tecno

15:00. “Lokomotiv” – “Neftchi”

“Lokomotiv” uchun har qachongidan ko‘ra muhim o‘yin. “Temiryo‘lchilar” “Neftchi”ni yutishi kerak. Lekin jamoa baribir Superligada qolish uchun pley-offda o‘ynaydi. Bundan boshqa yo‘li yo‘q. Ammo “Loko”ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri pro ligaga tushib ketish xavfi ham yo‘q emas. Bu shunday holatda sodir bo‘lishi mumkinki, uning uchun “Metallurg” Qarshida “Nasaf”ni yutishi, “Lokomotiv” esa “Neftchi”ga yutqazib qo‘yishi kerak. Aynan ushbu stsenariyda “Temiryo‘lchilar” ligani tark etadi. Biroq “Loko” aslo bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun ham farg‘onaliklarni engishga bor kuchini safrlaydi. Mabodo, “Metallurg” yutqazsa “Lokomotiv” har qanday natija qayd etsa ham pley-offda o‘ynaydi. “Neftchi” uchinchi o‘rin uchun oxirigacha kurashadi. Bu juda qiziq bahsga aylanadi.

15:00. “Nasaf” – “Metallurg”

Chempionlik qo‘lga kiritilgach, “Nasaf”ning natijalari keskin pasayib ketdi. Chempionatda ham, OChLda ham Ro‘ziqul Berdiev jamoasi mag‘lubiyatga uchrab kelmoqda. “Ajdarlar” hech bo‘lmaganda mavsumning so‘nggi o‘yinida o‘z maydonida muxlislarini g‘alaba bilan quvontirib qo‘ymoqchi. Lekin aslida g‘alaba “Nasaf”dan ko‘ra “Metallurg”ga juda zarur. Bu bekobodliklar uchun hayot-mamot jangiga aylanadi. 20 ochko bilan oxirgi o‘rinda borayotgan ushbu jamoa qanday bo‘lmasin 3 ochkoni qo‘lga kiritishi va “Lokomotiv”ni ochko yo‘qotishiga umid qilmoqda. Aynan shunday stsenariy yuz bersagina jamoa pley-offga ilashib qolishi mumkin. Aks holda “Metallurg”ni kelasi yili pro ligada ko‘ramiz.

15:00. “Surxon” – “Olimpik”

“Surxon” qanday natija qayd etsa ham 7-o‘rindan pastga tushib ketmaydi va yuqoriga ham chiqib ketmaydi. “Olimpik” esa g‘alaba uchun kurashishdan boshqa chorasi yo‘q. Denis Korostichenko jamoasi imkoni qadar Superligada to‘g‘ridan-to‘g‘ri jon saqlab qolish uchun harakat qilmoqda. Garchi natija va ehtiyotkorlik birinchi o‘rinda bo‘lsa-da, katta ehtimol bilan bu to‘qnashuvda ochiq futbol ko‘radigandekmiz.

15:00. “Bunyodkor” – “Paxtakor”

Mavsumni medallarsiz yakunlashi aniq bo‘lib ulgurgan “Paxtakor” oxirgi turda Toshkent derbisida “Bunyodkor”ga qarshi maydonga tushadi. “Qaldirg‘ochlar” ligada to‘g‘ridan-to‘g‘ri qolishi uchun yaxshi imkoniyatga ega va barchasi o‘z qo‘lida.

15:00. “Dinamo” – “So‘g‘diyona”

Ivan Boshkovich jamoasi uchun hal qiluvchi o‘yin. Oxirgi turda shunday vaziyat bo‘lishi mumkinki, “So‘g‘diyona” ikkinchi o‘rin bilan chempionatni tugatishi yoki medalsiz qolib ketishi ham mumkin. Har qanday holatda ham jizzaxliklar Samarqanddan uch ochko bilan qaytish uchun bor imkoniyatini ishga soladi. Vadim Abramov jamoasini engish oson emas, albatta. “Dinamo” ham oxirgi turda o‘z ishqibozlarini g‘alaba bilan xursand qilgan holda mavsumni yakunlamoqchi. Juda qiziqarli uchrashuv bo‘ladi.

15:00. “Navbahor” – “Andijon”

Bu ikki klub va ular ishtirokida o‘tadigan vodiy derbisiga ortiqcha anons shart emas. Oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Kubogidagi dramani hali hech kim unutgani yo‘q va bu o‘zbek futboli tarixidagi eng zo‘r final bo‘lib qoladi. Endi ushbu klublar chempionatning oxirgi turida Namanganda yana bir bor ro‘baro keladilar. “Navbahor”da chempionatni hatto ikkinchi o‘rinda yakunlash imkoniyati mavjud. Xuddi Kubok finalidek ularda yana bosim ko‘proqqa o‘xshayapti.

15:00. OKMK – “Qizilqum”

Turnir jadvalida ikkinchi o‘rinni egallab turgan OKMK qanday bo‘lmasin egallab turgan o‘rnini saqlab qolmoqchi va ular bu yo‘lda o‘z uyida “Qizilqum”ni engishi shart. Agar Mirjalol Qosimov jamoasi ochko yo‘qotsa kumush medaldan mosuvo bo‘lishi hech gap emas. “Qizilqum” mavsum davomida turlicha taassurot qoldirib keldi. Qosimov jamoasida imkoniyat ko‘proq.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!