
Bugun legionerlarimiz Superkubok uchun o‘ynaydi!
Bugun Belarus Superkubogi uchun bo‘ladigan bellashuvda ushbu mamlakatning ikki qudratli klubi – “Shatxyor” va BATE o‘zaro to‘qnash keladi. Muhim bellashuvda asosiy rollarni legionerlarimiz – Shahzodbek Ubaydullaev va Shahboz Umarov o‘ynashi kutilmoqda.
Belarus Superkubogi mamlakat chempioni va kubok egasi ishtirokida bo‘ladigan mavsumning dastlabki sovrini uchun bir o‘yindan iborat uchrashuvdir.
Shunday ekan, ikki futbolchimizdan biri yangi mavsumni yangi sovrin bilan boshlashi kutilmoqda. O‘tgan mavsumning so‘nggi uchrashuvi, oxirgi daqiqalarida “Shaxtyor” chempionlikni BATEdan tortib olgan bo‘lsa, borisovliklar mamlakat kubogini qo‘lga kiritgan edi.
Har ikki jamoa mavsumning ilk sovrini olish uchun jiddiy tayyorgarlik ko‘rdi. Hal qiluvchi to‘qnashuv ham shunga yarasha keskin va murosasiz ruhda o‘tadi.
BATE 2010 yildan beri o‘tkazib kelinayotgan Belarus Superkubogi rekordchisi hisoblanadi. Borisovliklar 2020 yilgacha uzluksiz o‘n marta superkubokning hal qiluvchi bahsida ishtirok etgan va etti marta sovrinni o‘ziniki qilgan. “Dinamo-Brest” ikki bor, “Gomel” bir marta superkubokni BATEdan tortib olgan.
Tarixi davomida ikkinchi marta Belarus chempioni bo‘lgan “Shaxtyor” Superkubok uchun uch bor maydonga tushib, hal qiluvchi bahslarning barchasini boy bergan. Soligorskliklarni ikki marta BATE va o‘tgan yili “Dinamo-Brest” armonda qoldirgan edi. “Dinamo-Brest” ketma-ket uch marta Superkubokni yutdi. Lekin bu gal kubok egasi o‘zgaradi.
Belarus futbol federatsiyasi 2021 yilgi mamlakat Superkubogi uchun bahs 2 mart kuni “Minsk” futbol klubi stadionida bo‘lib o‘tishini belgiladi.
Uchrashuvni Amin Kurgxeli boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqaradi.
Belarus Superkubogi bahsi oldidan mutaxassislarning aksariyati BATEning imkoniyatini yuqori baholamoqda. Chunki borisovliklarning soligorskliklar bilan o‘tgan yili chala qolgan hisob-kitobi bor. BATE oxirgi uchrashuvda chempionlikni qo‘ldan chiqargani va Jasur Yaxshiboev jamoasi tarixiy oltin medalga ega bo‘lganini yaxshi eslaymiz.
“Shaxtyor” Superkuboklarda qora an’anaga ega. Soligorskliklar hach qachon bu sovrinni ola bilmagan. Tarkib borasida ham ustunlik borisovliklar tomonida.
Shunga qaramay, Belarusning eng nufuzli nashri – “Pressbol” saytidagi so‘rovda ishtirok etayotgan muxlislarning 52 foizdan ortig‘i bu galgi bahsda “Shaxtyor”ning qo‘li baland kelishini taxmin qilmoqda.
Biz bo‘lajak uchrashuvda o‘zbek legionerlaridan o‘zlarini ko‘rsatishlarini kutiib qolamiz. Zero, Shahzod ham, Shahboz ham har qanday sovringa loyiq futbolchilardir.
Uchrashuv 2 mart kuni 21:00da boshlanishi kutilmoqda.
Fikrlar