Bu yigitni hozir hech kim eslamaydi!
Ayrim suratlar bor. Ularga tikilib turib, yodingizdan ko‘tarilgan xotiralarni esga soladi. Mana yuqoridagi suratga tiklar ekanmiz, ajib tarixni o‘z ichiga olgan futbolchining hayot yo‘li e’tiborimizni tortadi. Bugun «Manchester Yunayted» jamoasida Ronaldudan-da foydaliroq bo‘lishi taxmin qilingan 2002 yildagi JCh g‘olibi Klebersonni yodga olamiz!

2003 yilning yozida «qizil iblislar» ikkita futbolchini o‘z tarkibiga qo‘shib oldi. Ulardan biri Portugaliyadan kelgan «ko‘cha futboli»ining hidi ufurib turgan Ronaldu bo‘lsa, ikkinchisi Yaponiya va Janubiy Koreyadagi mundialda g‘alaba qozongan 23 yoshli Kleberson. Ushbu futbolchilarning kelajagini ko‘plab ingliz nashrlari bir xil bashorat qiladi. Portugaliyalik o‘spirin uchun klub «Sporting»ga 12 million funt to‘lab berdi. Ushbu transferga Krishning «Manchester Yunayted»ga qarshi ajoyib uchrashuv o‘tkazgani asosiy sabab desak, adashmagan bo‘lamiz. Boz ustiga, shaxsan ser Aleksning o‘zi Ronaldu bilan qiziqib qolgani ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Krish haqida hech kim hech qanday ma’lumotga ega emas. U kurashlarga boy ingliz futbolida qanday naf keltirishi ham noma’lum. Kleberson esa, «qizil iblislar» safida qariya Roy Kinning o‘rnini egallashi aniqdek tuyulgan edi o‘shanda…
Ser Aleks o‘zining avtobiografiyasi aks etgan kitobda Klebersonni alohida xotirlab o‘tgani tahsinga sazovor. Afsuski, Fergi qahramonimizni o‘zining omadsiz transferlari (Veron, Bosnich, Jemba-Jembe) qatoriga qo‘shadi.
«Biz uni 2002 yildagi mundialda ko‘rsatgan fantastik o‘yinlaridan so‘ng, tarkibga qo‘shib oldik. O‘sha paytlari Roy Kinning o‘rnini egallashga qodir yarim himoyachi izlayotgan edik. Kelberson juda iqtidorli edi, ammo uni sotib olishga biroz shoshilganimizni kech angladik. Gap shundaki, u 16 yoshli qizga uylangan edi. U Angliyaga o‘zi bilan birgalikda butun oilasini olib keldi. U mavsum oldi yig‘inlar chog‘ida ham ularni Portugaliyagacha olib keldi. U xuddi bizning qoidalarimizni atayin buzayotgandek edi. U yoqimtoy yigit edi, biroq unga targ‘ib va intizom etishmadi. Hatto, ingliz tilini o‘zlashtirishni ham uddalay olgani yo‘q. Jismonan baquvvat va texnikasi kuchli bo‘lishiga qaramay, maydon tashqarisidagi qiliqlari uchun uni klubda olib qolmadik. U o‘zini qo‘lga olish shart bo‘lgan vaziyatni boy berdi».
Fergyussonning avtobiografiyasi nashr qilingach, braziliyalik jurnalistlar Klebersondan intervyu olishga qaror qilishdi. Jahon chempioni o‘z fikrlarini yarim hazil, yarim alam bilan so‘zlab berdi:

«Aslida, barchasiga Ronaldino sababchi. Gap shundaki, mundialdan so‘ng, u menga ikkimiz «Manchester Yunayted»ga o‘tishimizni aytdi. To‘g‘risi, xursand bo‘ldim. Roni bilan yaqin do‘stmiz. Birgalikda Angliyada to‘p surishga kelishib oldik. Men uning so‘zlariga ishonib, «qizil iblislar» bilan muzokaralar o‘tkazdim. U ham Angliyaga ko‘chib o‘tishga yaqin edi. So‘nggi kunlarga kelib esa, u quyoshli Ispaniyaga yo‘l oldi. Men Angliyada qoldim. Biz o‘sha voqea haqida hali-hamon turli hazillarni aytib bir-birmizni kuldiramiz».

Kleberson bilan suhbatlashgan jurnalist uning Ronaldu bilan qanday aloqada bo‘lgani haqida savol berdi. Braziliyalik futbolchi esa, bu savolga kulgili voqeani yodga olish orqali javob berdi.
«Men, Forlan va Forchun yosh Krishtianuning asabiga tegishni xush ko‘rar edik. Bunga ishonish mushkul, biroq u negadir boshqa futbolchilar haqida iliq fikrlarni tinglashni yoqtirmas edi. Ayniqsa, Luish Figuning har jabhada kuchli ekanligini sira tan olmas edi. Ba’zan, bu mavzu ochilsa, asabiylashib ketar, darrov qovog‘i uyilib qolar edi. Biz esa, rosa kulardik. To‘g‘risi, uning bu qadar egosi kuchli ekanligi bizga juda kulgili tuyular edi».

Suratdagi bu yigitlarni kelajakda turli xil taqdirlar kutib turgan edi. Madeyradan kelgan ozg‘ingina yigitcha futbol tarixidagi eng ko‘p gol kiritgan futbolchiga aylanadi. Kleberson esa, ikki yildan so‘ng, atigi 2 million evro evaziga «Beshiktosh»ga sotib yuboriladi. Braziliyalik futbolchi Turkiyada ham aytarli o‘zini ko‘rsata olgani yo‘q. Shartnomasi yakunlangach, ortga Braziliyaga qaytib ketdi. Keyinroq, MLSdan kelib tushgan taklifni qabul qildi va okeanortiga yo‘l oldi. 36 yoshda AQShning quyi divizonlaridan birida butsalarini mixga ilib yubordi. Aslida, unga taqdir Ronaldu, Ronaldo, Ronaldino singari afsonalar bilan birga to‘p surish imkoniyatini taqdim etgan edi. U esa, faqat Kleberson bo‘la oldi, xolos. Doimo kuchli bo‘lishga intilganlarning barchasi «afsona»ga aylandi. U esa, faqat Ronaldu bilan birga tushgan suratlari orqali muxlislar yodida qoldi.



Fikrlar