"Bu to‘g‘ri qaror bo‘ldi" - Osiyo chempioni "Andijon"da nimalarni maqsad qilmoqda?

  • 27 yanvar, 22:32
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Iqtidorli futbolchi, Osiyo chempioni – Abubakir Ashurov kuni kecha “Andijon” bilan shartnoma imzoladi. Endi u yangi mavsumda “Burgutlar” sharafini himoya qiladi. Ayni paytda jamoa bilan Antaliya yig‘inida ishtirok etayotgan himoyachi bir qator savollarga javob qaytardi.

Tecno

- Abubakir, avvalo muxlislar uchun o‘zingiz haqingizda to‘xtalib o‘tsangiz. Aytaylik, futbolga kirib kelishingiz qanday kechgan, kim sababchi bo‘lgan?

- Yoshligimdan sportga qiziqishim juda yuqori bo‘lgan. Shu sababli 9 yoshimdan Toshkent shahar 144-umumiy maktab stadionida futbol sari ilk qadamimni tashlaganman. Albatta, ota-onam bunga rozilik berishgan. Birinchi murabbiyi Sherzod Narzullaev. Bizda hamon doimiy muloqot bor. Ustozim hamisha menga ishonardi va shu bois mendan ko‘prog‘ini xohlardi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ko‘p holatlarda meni o‘zimdan katta bo‘lganlar bilan shug‘ullantirardi. Bu esa menga tezroq o‘sishimda turtki bo‘lgan. O‘shanda jamoamizni nomi “Istiqlol” edi va yoshlarning shahar chempionatida qatnashganmiz. “Bunyodkor” akademiyasi bilan o‘yindan so‘ng murabbiy meni aynan “Bunyodkor” akademiyasiga taklif qildi. U erda deyarli bir oy mashg‘ulot o‘tkazdim. Ammo o‘zim xohlagandek jamoa bilan kirishib keta olmadim. Natijada murabbiyimga ortiq u erga bormoqchi emasligimni aytdim. Keyinroq biz “Paxtakor” akademiyasiga qarshi o‘ynadik. Dmitriy An shogirdlariga qarshi uchrashuvda Behruz Asqarov, Abbos Fayzullaev, Otabek Boymurodov kabi futbolchilar bor edi. O‘yindan keyin An meni yoniga chaqirdi. Murabbiyim bilan gaplashgach, meni o‘z jamoasida ko‘rishni xohlayotganini aytdi. Natijada “Paxtakor” akademiyasiga yo‘l oldim. Ota-onam ham xursand bo‘lgan. Shu tariqa, 2019 yil yakunlanib borayotgan bir vaqtda meni “Paxtakor” yoshlar jamoasi mashg‘ulotiga chaqirishdi. Birinchi rasmiy shartnomam 2020 yilning yanvarida bo‘lgan va shu yili men “Paxtakor” yoshlar jamoasiga butkul o‘tdim. 2021 yilning boshida Piter Xyuistra boshchiligidagi “Paxtakor”ning asosiy jamoasiga karshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushdik. Shundan so‘ng meni asosiy jamoa mashg‘ulotiga jalb etishdi. Ammo elkamdan olgan jarohat yana o‘z so‘zini aytdi. Jamoadagi shifokor menga elkamni operatsiya qilishni aytdi. Shu bois 6 oyni operatsiya hamda operatsiyadan keyingi tiklanishga sarfladim. Yilning so‘ngida yana asosiy jamoaga jalb qilishdi va men shu yili o‘z debyutimni amalga oshirdim. Shu tariqa, 2022 yildan boshlab muntazam U-21 yoshlar jamoasida to‘p surdim. 2023 yilda U20 Osiyo va jahon chempionatidan so‘ng meni “Turon” taklif qildi va men u erda 11 ta o‘yinda asosiy tarkibda o‘ynashga erishdim.

- Siz 2023 yili yoshlar terma jamoamiz safida Osiyo chempioni bo‘ldingiz. Bu hozirgacha hayotingizning eng yorqin lahzalari ekaniga shubha yo‘q. Qanday xotiralar qolgan?

- Biz Osiyo chempionatiga juda puxta tayyorgarlik ko‘rdik. Maqsadimiz chempionlik edi. Allohga shukr, vatanimiz, ota-onamiz oldida yuzimiz yorug‘ bo‘ldi. Har bir uchrashuv esda qolarli o‘tdi. Lekin final uchrashuvi va Yurtboshimizning shaxsan o‘zlari o‘yinga kelib qo‘llab-quvvatlashlari bizga yanada motivatsiya bo‘ldi. Stadion to‘la muxlis oldida to‘p tepish boshqacha xissiyot beradi. Chempionlikdan so‘ng maydonda Prezidentimiz bilan ko‘rishish, oltin medal va birgalikda ko‘targan Osiyo Kubogimiz bu katta tarixlardan biri bo‘ldi, deb o‘ylayman.

- Jahon chempionatida ham ishtirok etgansiz. Bu endi mutlaqo boshqa daraja. Uning salobati qanday edi va xayajoningizni qanday enga olgansiz?

- U 20 jahon chempionati bu boshqa daraja. U erda faqat kuchlilar yig‘ilgan. Afsuski, biz o‘zimiz xohlagan natijaga erisha olmadik. Biroq bu turnir ham biz uchun saboq bo‘ldi, deya olaman. Maydonda borimizni berib, harakat qildik. Ammo biroz omad kelmadi. Hayajon bo‘ldi va bu o‘yinning boshida yuz beradigan tabiiy holat desa ham bo‘ladi. Sizning sherigingizga to‘g‘ri pasingiz, raqibdan to‘pni olib qo‘yishingiz o‘zingizga bo‘lgan ishonchni tezda oshiradi va hayajon yo‘qoladi.

- "Andijon" - siz uchun faoliyatingizda yangi chaqiruv. "Burgutlar" a’zosiga aylanishingizda kim katta turtki bo‘ldi?

- Bu mavzuning ham o‘ziga yarasha sabablari bor. “Paxtakor” jamoasida men kutganimdek o‘ynab keta olmadim. Menga katta ishonch ham bo‘lmadi. Lekin hammasi yaxshilikka. Aytganimdek, vodiy jamoasida to‘p surishga ulgurdim. Lekin “Andijon” bu katta jamoa. O‘z muxlislariga ega va ular har o‘yinda jamoani ajoyib darajada qo‘llab-quvvatlashdan charchashmaydi. Bu erga agentim bilan maslahatlashgan holda keldim va bu to‘g‘ri qaror bo‘ldi.

- Jamoa bilan Antaliya yig‘inidasiz va dastlabki taassurotlaringiz qanday?

- Taassurotlar juda a’lo. Dastlab Tojikistonda yig‘in o‘tkazdik. Jamoa meni juda yaxshi kutib oldi va bu menga jamoaga kirishib ketishimda katta yordam bo‘ldi. Hozirda Antaliyada yig‘in o‘tkazyapmiz. Barchasi reja asosida kechmoqda. Hamma bilan aka-uka, do‘st bo‘lib oldim.

- Odatda, klubga keladigan yosh iqtidorlar uchun "Andijon" o‘ziga xos tramplin bo‘ladi. Siz bu imkoniyatdan qanday foydalanmoqchisiz?

- Albatta, har bir futbolchining maqsadi Top 5 klublarida to‘p surish. Mening ham maqsadim shu. “Andijon”da yanada o‘sishni, ochilmagan jihatlarimni ochishni istayman. Buning uchun jamoada hamma narsa etarli. Shunchaki, ishonch va mehnat qilish lozim.

- “Andijon”ning bir bo‘lagi sifatida o‘zingizni ko‘rsatishga tayyormisiz?

- Ha, albatta. Biz bir jamoamiz. Hammaning bu erda o‘z o‘rni bor. Bu yil yanada yorqinroq o‘yin ko‘rsatishga va “Andijon” muxlislarini xursand qilishga harakat qilamiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!