
"Bu ikkisi bo‘lmasa "Paxtakor"ni tasavvur qilish qiyin, jamoada qolsam natijalarni yaxshilashga ishonchim komil" yoxud uning klubdan ketgisi kelmayapti!
“Paxtakor”da Cherandan tashqari serbiyalik yana bir legioner – Boyan Matichni ham to‘p surganini zukko o‘quvchilarga eslatish shart bo‘lmasa kerak.
Bu hujumchi “Sherlar” safiga yozda qo‘shilgan bo‘lib, o‘shanda klub u bilan mavsum oxiriga qadar shartnoma imzolagandi. Matich “Paxtakor” tarkibida Superliga doirasida 12 ta uchrashuvda maydonga tushdi va 2 marta gol urdi.
Albatta, uning gol urish bo‘yicha samaradorligi u qadar yaxshi chiqmadi. Boyan Dragan bilan birga Serbiyaga ketgan va qishki tanaffusdan foydalanib hordiq chiqarmoqda. Tabiiyki, futbolchining keyingi rejasi qandayligini bilishga qiziqdik va shu maqsadda Sports.uz muxbiri “Paxtakor”ning legioneriga bir qator savollar bilan murojaat qildi.
- Boyan, “Paxtakor”dagi yarim yillik faoliyatingizni qanday baholaysiz? Chempionlikka erishish siz uchun qoniqarli bo‘ldimi?
- Ha, men uchun mavsum juda omadli yakun topdi deb hisoblayman. Albatta, chempionat a’lo darajada tugadi. O‘zim to‘p surayotgan klub uchun bor kuchimni berdim, yaxshi o‘ynashga harakat qildim. Bundan qoniqish hosil qildim deb ayta olaman. Chempionlik unvonini qo‘lga kiritganimiz xursand qildi. Afsuski, Kubokni qo‘lga kirita olmadik. Vaholanki, mavsumni oltin dubl bilan yakunlash juda ajoyib ish bo‘lardi.
- “Paxtakor”da o‘z o‘rnimni topdim, deb hisoblaysizmi? Gollaringiz kamligi nima bilan bog‘liq?
- Hujumchi sifatida har doim gollarga tashnaman. O‘ylaymanki, etarli darajada gollar kirita olmaganim men uchun kamlik qildi. Agar hammasi kutganimdek chiqqanida men uchun ideal ko‘rinish hosil qilgan bo‘lardi. Albatta, gapingizda jon bor. Mavsum o‘rtasiga kelib yangi jamoadoshlarim bilan darhol til topisha olishda qiynalganim ham natijalarimga o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmadi. Yangi sheriklar va murabbiyning talablariga ko‘nikma hosil qilish uchun vaqt kerak bo‘ladi. Agar yangi mavsumda ham “Paxtakor”da qoladigan bo‘lsam, natijalar yanada yaxshi ko‘rinish hosil qila olishiga ishonchim komil. Harqalay, yarim mavsum davomida sheriklarim va murabbiyni ancha tushuna boshladim.
- Shartnomangiz tugadi. “Paxtakor” sizga yangi bitim taklif qildimi yoki klubni tark ketasizmi?
- Ha, shartnomam nihoyasiga etgan. Endi hammasi klub rahbariyatiga bog‘liq bo‘lib, ular menga yangi shartnoma taklif qiladimi yoki yo‘qmi, buni yaqin orada bilib olaman. Men mana shunday a’lo darajadagi klub uchun o‘ynaganimdan baxtiyorman. Bu erda o‘zimni xuddi uydagidek his qildim. Shunday bo‘lishida sheriklarim katta rol o‘ynadilar. O‘zbekiston men uchun xuddi ikkinchi vatanimdek bo‘lib qoldi. Shunday tuyg‘uni his qilishimda ko‘maklashgan jamoadoshlarimdan minnatdorman.
- Murabbiy sizga to‘liq ishonch bildirdi, deb o‘ylaysizmi?
- O‘ylaymanki, hammasi bilan a’lo darajada chiqishib keta oldim. O‘tgan to‘rt oylik vaqt davomida murabbiydan ko‘p narsani o‘rgandim.
- Agar jamoada Cheran bo‘lmaganida o‘zimni ko‘rsatish uchun imkoniyat ko‘proq bo‘lardi, deb hisoblaysizmi?
- O‘ylaymanki, Dragan Cheran Anzur Ismoilov bilan birga kollektivning haqiqiy yuragiga aylana olishgan. Agar bu ikkisi bo‘lmasa, “Paxtakor”ni tasavvur qilish qiyin. Dragan menga katta yordam berdi. Agar keyinchalik ham u bilan “Paxtakor”da birga qolsam, ajoyib ish bo‘lardi. Cheran “Paxtakor”da ekan, navbatdagi mavsum ham zo‘r chiqishiga ishonchim komil.
- Chempionatimiz saviyasi sizda qanday taassurot qoldirdi?
- O‘zbekistonda futbol yuqori darajada bo‘lib, O‘FAdagilar buni puxta qilish uchun ko‘p harakat qilishyapti. Sizlarda futbolni tez o‘ynashadi, ijrochilar esa texnik jihatidan yaxshi salohiyatga egalar. O‘ylaymanki, agar men ham O‘zbekistonda qoladigan bo‘lsam, o‘yinimni yanada yuqori darajaga olib chiqa olaman.
- Kubok finalidagi mag‘lubiyatni qanday qabul qildingiz?
- Mag‘lubiyatga uchrash juda alamli bo‘ldi. Vaholanki, o‘yin tizgini qo‘limizda edi. Tayyor sovrinni boy berganimiz alam qilmasdan qolmadi.
- Sir bo‘lmasa, oldingizda qanday takliflar bor?
- Men buni izohlab o‘tirishni istamagan bo‘lardim. “Paxtakor”da o‘zimni yaxshi his qildim. Yuqorida aytganimdek, bundan keyin ham klubda qolishni xohlayman. Klubda hamma narsa bor. Yaqin kunlarda shartnoma bilan bog‘liq masala qanday hal bo‘lishini kutib qolamiz.
Fikrlar