"Bu erga kelib fikrim o‘zgardi" yoxud "Andijon"ning may oyidagi eng yaxshi futbolchisi kimligini bilasizmi?

  • 3 iyun, 2022, 23:30
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Andijon” jamoasi bugun kunning ikkinchi yarmida “Yangier”ga qarshi o‘yin uchun o‘z manziliga etib keldi. Kechki payt futbolchilar Viktor Kumikov boshchiligida mashg‘ulotlarni o‘tkazishdi.

Tecno

Klub matbuot xizmati o‘z an’anasiga ko‘ra, har bir o‘yindan keyin eng yaxshi futbolchiga ovoz berish jarayonini o‘tkazib kelmoqda. May oyida jami 4 ta o‘yin tashkil etilgan bo‘lib, mazkur bellashuvlardan so‘ng muxlislar o‘rtasida so‘rovnoma davom ettirildi. Odatga ko‘ra, ularning umumiy yig‘indisini hisobladik va oyning eng yaxshi futbolchisi nomi ma’lum bo‘ldi: bu – Shahboz Erkinov!

Garchi “Zomin”ga qarshi bahsda jarohati sababli maydonga tusha olmagan bo‘lsa-da, bungacha o‘tkazilgan uchta o‘yindayoq oyning eng yaxshi futbolchisiga aylanish uchun etarli ovozlarni to‘plab qo‘ygan ekan. U hammasi bo‘lib 1584 ta ovozga ega bo‘ldi. Bu borada kuchli beshtalik quyidagi ko‘rinishda:

1. Shahboz Erkinov - 1584

2. Farhod Sohibjonov - 1166

3. Vladimir Bubanya - 994

4. Ildar Mamatkazin - 793

5. Goran Miloyko – 561

ashox3

Bugun “Yangier”dagi maydonda mashg‘ulot boshlanishidan oldin jamoa bosh murabbiyi Viktor Kumikov oyning eng yaxshi futbolchisi uchun tayyorlangan maxsus statuetkani Erkinovga topshirdi.   

Shundan so‘ng, laureat sohibi o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

- Oyning eng yaxshi futbolchisi bo‘lganingiz bilan tabriklayman. O‘tgan oydagi natijalar borasida nima deya olasiz?

- Eng asosiysi, omadli keldi. Omadga yarasha o‘zimiz ham harakat qildik. Qolaversa, Xudo ham barakasini berdi. Muxlislarga alohida rahmat. Ishqibozlarimiz – bizning yarim kuchimiz. Menga ovoz bergan muxlislarga ham minnatdorchilik bildiraman. Bu erda kim eng yaxshisi bo‘lgani emas, muhimi, jamoaning yutug‘idir. Yutaversak, bosqichma-bosqich oldimizga qo‘yilgan vazifaga erishamiz. Shaxsan menga “Andijon”ning g‘alabasi juda muhim. Bu erga vazifani bajarish uchun kelganmiz. Bunaqangi muxlislarga Superligada albatta jamoa bo‘lishi shart-da!

shoxf

- May oyida gollar urdingiz va golli paslarni ham amalga oshirdingiz. Shulardan kelib chiqib, eng yaxshi futbolchi bo‘lishingizni o‘ylaganmidingiz?

- Kutmaganman desam ham bo‘lmaydi. Mening ishim shunaqa-ku. Hujumchining vazifasi gol urish, jamoasiga foyda keltirish. Biz “Andijon”ga yordam berish uchun kelganmiz. Xudoga shukr, yuzimiz yorug‘ bo‘lyapti. Ammo har doim siz o‘ylagan narsa o‘xshayvermaydi. May oyida o‘xshadi. Xudo nasib qilsa, yil davomida barcha o‘ylaganlarimiz o‘xshasin deyman.

- Doimiy ravishda elitada to‘p surgan futbolchi sifatida ilk bor pro ligada o‘ynayapsiz va daraja qanday?

- Oldinlari faqat televizorda ko‘rardim va eshitardim. Ammo o‘zimda his qilib ko‘rmagandim. To‘g‘risi, pro liganing saviyasini ancha past deb o‘ylardim. Biroq o‘zim bu erga kelib o‘ynab ko‘rganimdan keyin fikrim o‘zgardi. To‘g‘ri, Superliga mavqeida emas. Biroq men o‘ylaganchalik past emas ekan. O‘yinlar juda qiyin o‘tyapti. Ayniqsa, raqobatchilar bilan o‘ynaganda oson emas. Maksimal darajada ikki barobar kuch ishlatishga to‘g‘ri keldi. 4 ta o‘yinda 10 ochko oldik.

ashox2

- Futbolchilik faoliyatingiz mobaynida mana shunday shaxsiy sovrinlarga ega bo‘lganmisiz yoki bu birinchisi bo‘ldimi?

- Yana qaerda o‘tkaziladi? Boshqa klublarda oyning eng yaxshi futbolchisi uchun so‘rovnoma o‘tkazilmasa ham kerak. Superligada oy laureatlari o‘tkaziladi. “Andijon”da muxlislar o‘rtasida ovoz berish jarayoni yo‘lga qo‘yilgan. Boshqa jamoalarda ko‘rmaganman. Ilgari Krasnitskiy klubiga a’zo bo‘lganman, 100 ta gol urib. 2016 yili “Nasaf”da edim, o‘shanda adashmasam 100-golimni safarda “Qo‘qon-1912”ga urganman. Darvoqe, “Navbahor”da o‘ynaganimda 2014 yoki 2015 yili muxlislar menga mavsumning eng yaxshi futbolchisi degan alohida sovg‘a berishgandi.

- Eng yaxshi o‘yinchi bo‘lgach, bunday e’tibor sizga qanday mas’uliyat yuklaydi?

- Bu meni xursand qiladi. Harakatlarimiz zoe ketmayotgani, muxlislarning e’tirofi, bularning barchasi bizga kuch beradi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!