Brunu Fernandesh - APLning 2020 yildagi eng yaxshi futbolchisi(mi?)

  • 3 yanvar, 2021, 10:00
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

2019/2020 yil mavsumining eng yaxshi futbolchisi Kevin De Bryuyne bo‘ldi. Bu Angliya futbol assotsiatsiyasi talqini bo‘yicha topshirilgan sovrin. Futbol yozuvchilari tomonidan ta’sis etilgan eng yaxshi futbolchi nominatsiyasi esa, Jordan Xendersonga nasib etdi. Har ikki futbolchining ushbu sovringa ega chiqishlari haqli ravishda yuz berdi.

Tecno

Belgiyalik yarim himoyachi APLda Anri rekordini takrorlab, 20 ta assist amalga oshirgan 2 futbolchining biriga aylandi. Sovringa ega chiqish uchun u rosmana individual mahorat namoyish etdi. Vaholanki, o‘tgan mavsum “Manchester Siti”ni qoniqtiradigan darajada o‘tmadi. Kevin o‘z ishini qilib, gollar yaratishda faol bo‘lgani bilan, qolgan 10 futbolchi va murabbiy taktikasi o‘z o‘rnida ishlamas ekan, natijalar bo‘lmaydi.

Xendersonning unvonini esa, nisbiy deb atagan bo‘lardim. Mana shu sovrinni uzoq yillik orzusi - APL chempionligiga erishgan “Liverpul”ning qaysidir futbolchisi olishi kerak edi. Tan olish kerakki, mersisaydliklarning g‘alabasida asosiy rol Yurgen Kloppga tegishli bo‘ldi. Bu g‘alabada na Saloh o‘zining gollari bilan, na Van Deyk mo‘’jizaviy himoyalanishi bilan ajralib turdi. Nemis “muhandisi” qurgan mashinaning har bir qismi o‘z vazifasini bexato bajarib, kutilgan natijani olib keldi. Xendo gol urish, assist amalga oshirish kabi hislatlar bilan maqtana olmaydi. Ammo ser Aleks Fergyusson jamoasida Roy Kinning o‘rni qanchalik yuqori ahamiyat kasb etgan bo‘lsa, bugungi “Liverpul”da uning roli ham beqiyos. Maydon markazidagi yakkakurashlarda eng yuqori ko‘rsatkichlar bilan mavsumni yakunlagan futbolchi ushbu sovringa haqli edi. 

Xo‘sh, kalendar yili hisobi - 2020 yil yakunlari bo‘yicha APLda kim eng zo‘r? Brunu Fernandesh!

https___reddevilarmada.com_wp-content_uploads_getty-images_2018_08_1227994863

Aslida, Fernandeshni 2019/2020 mavsumining-da eng yaxshi futbolchisi, deb atovchilar topildi. Ularning fikrlarini erga urishga hech kimning haqqi ham, asosi ham yo‘q edi. Portugaliyalik yarim himoyachi o‘zi o‘tkazgan o‘yinlar sonidan ham ko‘proq gollarda ishtirok etdi va jamoasiga Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini olib berdi. Unga raqobatchi sifatida esa, Muhammad Salohni ko‘rsatishimiz mumkin. Qolgan futbolchilarning hech biri yilni bir tekisda o‘tkaza olmadi. 

Siz hujumdagi faollikni nima bilan o‘lchaysiz? Ko‘pchilikning javobi gollar va assistlar soniga taqalishi turgan gap. Chunki, bu ko‘zga ko‘rinuvchi, real natijalar. Xo‘sh, o‘sha ko‘rsatkichlar nimani ko‘rsatadi? 2020 yil mobaynida Saloh 32 ta golda qatnashdi (23 ta gol, 9 ta assist). Portugaliyalik xavbekda gol+pas tizimi bo‘yicha 31 ochko mavjud. Ammo u misrlik raqibidan bir oy kam vaqt davomida ushbu natijaga erishgan: bu 4 ta o‘yin - 350 daqiqa kamroq o‘yin, deganidir (Saloh yanvar oyida shuncha vaqt maydonda harakat qilgan). Shundan kelib chiqqan holda, gollardagi ishtirok darajasini 90 daqiqa nisbatida oladigan bo‘lsak, Muhammad Saloh 1.07, Brunu Fernandesh esa 1.20 ko‘rsatkichiga ega. 

“The Best” so‘nggi uchligidagina bundan yaxshiroq natijalar mavjud, xolos. "Top-5" chempionatlaridagi ilk yilidayoq, dunyo yulduzlari bilan elkama-elka kurasha olayotgan futbolchini e’tirof etish joiz. Salohning ham ilk mavsumi juda ajoyib chiqqan va alqovlarga ko‘mib tashlangan edi. Brununi yilning eng yaxshilari uchun da’vogarlar orasida kam tilga oldik. Sababi, uning ijobiy statistikalari jamoasiga aqalli bitta titul ham olib bermadi. 

Bruno-Fernandes-Manchester-United-9

Goldan golning farqi bo‘ladi, to‘g‘rimi? Salohning darvozani ishg‘ol qilishdagi mehnatiga nisbatan hurmatni saqlagan holda, Fernandesh o‘z to‘plarini ancha qiyin kiritishini e’tirof etish joiz. Ha, o‘tgan mavsum urilgan gollarning 8 tasi penaltidan ijro etildi (2 tasini o‘zi ishlagan). Muhammad Saloh ham jamoasining asosiy penaltichisi hisoblanadi. Unda ham bir qator 11 metrlik zarbalar bo‘lgan. Demak, bu jihat bahona bo‘la olmaydi. Pozitsiya jihatidan oladigan bo‘lsak, Saloh - hujumchi, Fernandesh esa yarim himoyachi. Ya’ni, portugaliyalik gollarini ancha orqaroqdan “pishitib” keladi. Shuningdek, u hujum uchligini juda ko‘p marotaba golli vaziyatga chiqarib yuborishi bilan ham benazir. Shu davrgacha portugaliyalik MYuda 74 ta xavfli vaziyat yaratdi. Bu borada Kevin De Bryuyne va Jek Grilishdagina undan yaxshiroq ko‘rsatkich mavjud. Ammo ularning maydondagi daqiqalari salmog‘i ham Brununikidan farq qiladi.

Tan olish kerakki, “Manchester Yunayted” hozirda “Bavariya”, “Barselona” va “Yuventus” darajasida emas. Ammo bugun u APL taxti uchun “Liverpul” bilan katta kurash boshlagan. Chempionlar Ligasidagi omadsizlik uchun “mankunianlar”ning har bir a’zosi kabi u ham javob berishi lozim. Shuning uchun, uni Evropaning eng kuchlilari qatorida deb da’vo qilishdan o‘zimizni tiydik. Albatta, bu nomlar qatorida tilga olinish uchun yillar davomida barqaror o‘yinlar namoyish etish talab qilinadi. Mana endi barchasi Fernandesh atrofida ijobiy hal bo‘layotganga o‘xshamoqda: Marsyalning super noaniqligi yo‘qoldi, Reshford Brununing paslariga “labbay” deb javob bermoqda, Pogba ham o‘zini baxtiyor his eta boshlagandek, Grinvud esa tobora o‘sib boryapti. Fernandesh kabi omadli debyutni Ronalduda ham ko‘rmaymiz. Uni Kantonaga qiyoslash o‘rinliroq bo‘lsa kerak. Ha, Van Persi va Ibragimovich ham yaxshi start olgandi. Ammo bu butun jamoaga g‘alaba ruhini bag‘ishlashga etarli bo‘lmagan. 

Biz Angliyaning tarixiy “qirollari” yana chempionlik uchun kurashga kirishganidan xursandmiz. Boshqa jamoalar safida ham shu kabi katta burilish yasay olgan futbolchilarni payqasak, albatta, ular haqida ham to‘xtalib o‘tamiz. Bugun 2020 yilda APLning eng yaxshi futbolchisi Brunu Fernandesh bo‘lganining sabablarini tushuntirib berishga harakat qildik. Bu borada har kimda har xil qarashlar mavjudligi esa o‘ta pozitiv holat.

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!