
Britaniyalik ekspert: Oybek Jo‘raev hurmatga loyiq, jangdagi natija uning qo‘lida emas...
Xabaringiz bor, Toshkent shahrida boks bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. 12 may kuni musobaqaning yarim final janglarida 9 nafar o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustalaridan 7 tasi final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
-54 kg vaznda ishtirok etayotgan Oybek Jo‘raev rossiyalik Dmitriy Dvaliga qarshi bahs olib bordi va 5:2 hisobida g‘alabaga erishdi. Oybek Jo‘raev hozirga qadar 4 jang o‘tkazib, unda qiyin raqiblar - Tamir Galanov (Serbiya - jahon chempionati sovrindori), Gabriel Eskobar (Ispaniya - Evropa chempioni) kabi raqiblar to‘sig‘idan muvaffaqiyatli o‘tdi, ammo ko‘pchilik boks muhlislari Jo‘raevning janglariga tanqidiy fikrlar bildirmoqda.
Aslida ushbu vaznda Mirazizbek Mirzahalilov musobaqada ishtirok etishi belgilangan va u dastlabki ro‘yxatga kiritilgan edi. Mirzahalilov bir yarim yil oldin, tanaffusda bo‘lgan vaqtida IBA'ning doping nazorat ro‘yxatidan tushib qolgani bois, u IBA tomonidan tasdiqdan o‘tmadi va qisqa muddatda Oybek Jo‘raev bilan almashtirilgandi.

Britaniyalik tahlilchi, jurnalist va murabbiy Teylor O'Higgins bevosita havaskor boks, o‘zbek boksini ham muntazam kuzatuvchisi hisoblanadi. Teylor Jo‘raevning jangiga o‘z munosabatini bildirib o‘tdi.
- Jo‘raev hurmatga loyiq! U Ahmadaliev, Mirzahalilov kabi bokschilar soyasida o‘z navbati kelishini sabr bilan kutib, qisqa muddatda tarkibga kirishiga to‘g‘ri keldi. U Mirzahalilovning ishtirok etmayotganida, yoki chorak finalda hakam Gabriel Eskobardan 2 ochko olib tashlagani uchun ayblanishi kerak emas. U yarim finalda rossiyalik kuchli raqibini mag‘lub etib, o‘z faoliyatidagi eng katta g‘alabalaridan birini qo‘lga kiritdi. Ba’zilar bu jang natijasidan norozi bo‘lishi mumkin, men esa bu bahs juda yaqin bo‘lganini va har ikkala tomonga ham ketishi mumkinligini aytmoqchiman. Jo‘raev 1-raundni, Dvali 3-raundni o‘z foydasiga hal qildi va jangning asosiy natijasi 2-raunddagi harakatlarga tayaniladigan bo‘lib qoldi. Bu raundda har ikkalasi ham omadli zarbalar yo‘lladi, Dvali asosan ko‘zga ko‘rinarli, Jo‘raev esa bosh va tanaga ochkoli aperkotlar.
Texnik va taktik ustunlik baholash mezonlarining bir qismi bo‘lib, teng jangda ochko berish kimning mahoratliroq harakat qilganiga bog‘liq. Jo‘raevning oyoq harakati va texnikasi bunda muhim rol o‘ynagan bo‘lardi, bokschiga etkazilgan zarar yagona omil emas. Final jangida barcha o‘zbek muhlislari uni jahon chempioni bo‘lish orzusi yo‘lida qo‘llab quvvatlaydi, degan umiddaman.

Jang natijasi hisoblarda qanday bo‘lishiga (hakamlar ishiga) bokschi javobgar emas. U yaxshi jang o‘tkazdi, jang so‘nggida raqibiga hurmat ko‘rsatdi. U nima uchun tanqid qilinayotganini esa tushuna olmadim...
Men odatda bokschini 2 ta vaziyatda ayblayman. A) agar u ringda nomaqbul harakatlar qilsa, b) huddi Latipov Jalolovga qarshi turnir boshidagi jangidagi kabi, imkoniyati bo‘lib turib g‘alaba uchun harakat qilmasa. Boshqa holatlar esa bokschining qo‘lida emas..., - deydi u SPORTS.uz sayti muhbiri bilan suhbatda.
Eslatib o‘tamiz, Oybek Jo‘raev 14 may kuni jahon chempionati final jangini yana bir qiyin raqib, qozog‘istonlik Mahmud Sabirxanga qarshi o‘tkazadi.
Jalol Axmedov suhbatlashdi
Fikrlar