Bozorovning bozori chaqqon, Berdievda yana yangi "topilmalar" bor!

  • 4 aprel, 2021, 15:09
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Kecha “Nasaf” jamoasi “Turon”ni tor-mor keltirib, joriy chempionatdagi ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi. “Ajdarlar” bungacha kimlar bilan o‘ynaganini eslang. Avvaliga O‘zbekiston Superkubogida “Paxtakor”ga yutqazdi. Superliganing dastlabki turida yana “Paxtakor” bilan o‘ynadi. Dramatik tarzda kechgan bahsda “Nasaf” 2:0 hisobidagi g‘alabasini yakunda 2:3 ga aylantirib qo‘ydi. Keyin AGMK va “Navbahor” bilan murosa ko‘chasini tanladi.

Tecno

Ha, “Nasaf”ning raqiblari ancha jiddiy edi. Uchta turda bir mag‘lubiyat va ikki durang qayd etgan qarshiliklarni to‘rtinchi turda “Turon” bilan uchrashuv kutib turgandi. Uchrashuv menda shunday taassurot qoldirdiki, “Nasaf” oldingi o‘yinlardan to‘planib qolgan bor alamini “Turon” bilan bellashuvda chiqarib yuborgandek tuyuldi. Superliga debyutanti qarshilik ko‘rsatishga urindi, faqat birinchi golga qadar. Shundan so‘ng, “Nasaf” “Turon”ni “sochib” yubordi. Bunday o‘yindan keyin “Nasaf” baribir “Nasaf”ligicha qolaveradi, degan fikrlar xayollarimizda bong urmoqda. Vaholanki, o‘tgan yili syurpriz ko‘rsatib, ikkinchi o‘rinni olgan Ro‘ziqul Berdiev jamoasi yangi mavsum uchun qishki yig‘inda qanday muammolarga duch kelganini barcha biladi.

nasaf_2

Murabbiy etarli darajada qo‘llab-quvvatlanmadi, tarkibdagi etakchilar ketib qolishdi. Ularning o‘rni yangi o‘yinchilar bilan to‘ldirilmadi. Faqat Marko Stanoevich katta qiyinchiliklar bilan ortga qaytarildi. Berdiev yana odatdagidek, tarbiyalanuvchilariga e’tibor qaratishga majbur. Uning salohiyati haqida gapirish endi ortiqcha, axir Ro‘ziqul Sa’dullaevich allaqachon qanday murabbiyligini isbotlab bo‘lgan. Faqat shunga yarasha unga etarlicha dalda bo‘lmadilar. Hattoki, yaqingacha ham uning klub bosh menejeri Sergey Kucherenko bilan munosabati u qadar yaxshi emasligi haqida eshitib keldik. Ammo bular qanchalik rostligi bizga qorong‘u. Biroq shuni aytishimiz mumkinki, klubdagi mavjud vaziyat yuzasidan janob Kucherenko bilan suhbatlashish istagimiz borligini o‘ziga yanvar oyidan beri bildirib kelamiz. Negadir shundan beri tutqich bermay kelyapti. Mayli, nima bo‘lganda ham Berdiev qiyin vaziyatda jamoani tashlab ketmadi va o‘zi uchun to‘g‘ri, deb bilgan yo‘nalish bo‘yicha ishini davom ettiryapti. Lekin ishoning, uning o‘rnida boshqasi bo‘lganida allaqachon klubni tashlab ketgan bo‘lardi. Qaytanga, murabbiy yangidan-yangi yoshlarni etishtirishni davom ettiryapti. Shunchaki, har qanday murabbiy ham qilayotgan mehnatiga yarasha munosib qo‘llab-quvvatlov, e’tibor bo‘lmasa achinadi-da! Balki endi klubda sharoitlar yaxshilanib, e’tibor ortgandir, har xolda shunga umid qilamiz.

berdiev1_1

Endi Oybek Bozorov haqida. Uning qanchalik potentsiali yuqoriligini bungacha ham ko‘rsatib bo‘lgan. U faqat o‘sishda davom etyapti. Shuning uchun Oybekning o‘yinlari yangilik emas, balki rivojlanishga harakat qilyapti, desak to‘g‘riroq bo‘ladi. Voqealar rivoji shuni ko‘rsatyaptiki, “Nasaf”da yana bir kelajagi porloq iste’dod egasi hammaning e’tiborini tortmoqda. Bugungi kunga kelib Bozorovning bozori chaqqon, desak ayni haqiqat. Uning o‘yinlarini xorijlik skautlar kuzatib borishyapti. Yaqinda Chexiyaning “Slaviya” klubi unga qiziqib qolganligi haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Oybekni o‘z safida ko‘rishni istayotgan yana bir talay xorij jamoalari bor. Bu borada “Nasaf” klubiga rasmiy taklif bilan chiqayotganlari bo‘lsa ham ajablanmaymiz. Hozircha futbolchining klub bilan shartnomasi bor. Ro‘ziqul Berdiev aytganidek, Bozorov jamoaga kerak. Lekin keyinchalik katta ehtimol bilan faoliyatini legioner sifatida xorijda davom ettirishini taxmin qilish mumkin. Oybekka allaqachon Osiyo klublaridan chorlovlar bor, ammo futbolchining tanloviga ham ko‘p narsa bog‘liq.

bozorov2

“Nasaf”ni tark etgan etakchilarning bugungi faoliyati qanday kechyapti, degan savol ham bor. Sharof Muhitdinov “Paxtakor”da o‘ynab turibdi. Bobur Abduxoliqov Ukrainaning “Rux “ safiga qo‘shilgan, ammo hali asosiy tarkibga kira olgani yo‘q. Yoshlar jamoasida o‘ynab, gol urib turibdi. Islom Kenjaboev esa Janubiy Koreyaga ketdiyu, biroq hali maydonda ko‘rinish bergani yo‘q. Endi xorijga ketish navbati Oybek Bozorovga kelganga o‘xshaydi. Faqat etti o‘lchab bir kesishi kerak. Shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘yilmasligi ham muhim. Uning chetga ketishi qachon amalga oshishini hozircha bilmaymiz. Balki bu mavsum uning uchun “Nasaf”da oxirgisi bo‘lishi mumkin.

bozorov1

Yozgi transfer oynasi ochilgan mahalda Bozorov borasida muhim yangiliklar paydo bo‘lishi ham ehtimol. Hammasi uning uchun “Nasaf”ga qanday taklif tushishiga bog‘liq. Tabiiyki, futbolchi masalasida klub ham qulay taklif bo‘lsa, ko‘rib chiqishi mumkin. Ro‘ziqul Berdievda esa yana yangi “topilmalar” bor, ishonavering. Ushbu mavsumda odatdagidek murabbiy “Nasaf”da iqtidorlarni kashf qiladi. U erda tizim mana shunday, har yili yangidan-yangi iste’dodlar ulg‘ayib boraveradi. Jamoaning o‘yini va tarkibiga qarang, oddiy o‘zimizni qora ko‘zlar, hali nomi chiqmagan yoshlar. Berdiev esa ana shunday yoshlardan qanday jamoa qurayotganini ko‘rsatib beryapti. Hozirgi sharoitda shunchalik, agar tarkibda yanada mahoratli o‘yinchilar jamlanganida bemalol chempionlikka...Mayli, xayollarga berilmaylikda, hozirgi real vaziyatga tik boqaylik.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Shaymardonov Nurbek Nasimovich
04/04/2021 15:53
Boshiga aytibsiz. 3 laga uyinga ham Nasaf bir bosh ustin uynadi uni ham tan olish kerak. shunchaki fudbolga Galaba bilan Maglubiyat yonma yon yuradi. Omad ham. Hozirgi kunga uyin taraflama ochiqchasiga tan olish kerak Nasaf bir bosh ustin Uzbek klublarini ichiga. Ruziqul aka esa shunchaki super. Uzbekistonga Nasafday kamiga. 5 klub bulsa aniq. Jahon chempionati bizga ormon bulmasdi.
&
Sash
04/04/2021 15:30
Bu maqoladan fitnani hidi kelyapdi. Kucharinkoni bilmayman lekin begona u. Ruziqul aka Qashqadaryo fahri. Pul uchunmas or uchun yurubbdi u odam. Hamma narsani sanlaga uhshab pulga chaqqanda davno ketardi. Oz qoldi qurilayotgan zavod bitsa avvalgi holatiga qaytadi inshaallah. Yana 1 ta gap Nasaf ga hakamlani yordami kerakmas. Ruziqul aka Alloh sizdan rozi bulsin.