
"Bosimsiz o‘yin bo‘lmayapti, Superliga darajasidagi bahsga aylanib ketdi, menga boshqacha va’dalar berilgandi, lekin..." yoxud "Turon" futbolchisi yana nimalarni aytdi?
Pro ligada qatnashayotgan “Turon” jamoasi navbatdagi tur doirasida o‘z uyida “Andijon”ga 1:2 hisobida yutqazib qo‘yganidan xabaringiz bor.
“Turon” bu yil tarkibiga bir qator Superligada o‘ynagan o‘yinchilarni qo‘shib olganini bilasiz. Jumladan, iste’dodli himoyachi Xushnud Avilov ham joriy mavsumdan boshlab “Turon” sharafini himoya qilyapti.
Kuni kecha ushbu himoyachi Sports.uz muxbirining bir qator savollariga javob qaytardi.
- “Turon” o‘z uyida muhim uchrashuvda “Andijon”ga yutqazib qo‘ydi. Dastlab ushbu uchrashuv haqida to‘xtalib o‘tsangiz?
- Derbi o‘z nomi bilan derbiga xos bo‘ldi. O‘yin shiddatli kechdi. Ammo omad “Andijon” tarafida bo‘ldi. Stadiondagi muhit ham ajoyib edi. Bu xuddi Superliga darajasidagi o‘yinga aylanib ketdi. Olti ochkolik o‘yin edi, bizga omad etishmadi. “Andijon”ni g‘alaba bilan tabriklaymiz. Kim kuchli bo‘lsa, o‘sha yutadi.
- Jamoa oxirgi soniyada ikkinchi golni o‘tkazib yubordi. O‘sha holatda “Turon”ga nima bo‘lgandi?
- “Andijon”ni o‘rganib chiqqanimizda standartlari xavfli ekanini ko‘rgandik. 3-4 kun mobaynida raqib jamoaning o‘yinlarini tahlil qildik. Ammo oxirgi daqiqalarda bizga diqqat-e’tibor etishmadi va shuning uchun gol o‘tkazib yubordik. Boya aytganimdek, omad “Andijon” klubi tarafida bo‘ldi.
- “Turon” ikkinchi mag‘lubiyatini qabul qilib oldi. Jamoaning ishtiroki natijalariga mos deb ayta olasizmi?
- Pro ligada kuchli yoki kuchsiz jamoaning o‘zi yo‘q. Masalan, pastki pog‘onalardagi jamoa ham yuqoridagi klubni yutib qo‘yishi mumkin. Hozirgi holatda qaysidir jamoada katta ustunlik bor deb ayta olmayman. Mavsum yaqinda boshlandi, hali uzoq davom etadi. Boshida uchta o‘yinda uchta yutdik va ishonchimiz ortdi. “Buxoro” bilan uchrashuvda nimagadir o‘yinimiz qovushmadi. Shundan keyin yutqazishni boshladik. Ammo yuqori o‘rinlardagi jamoalarning ochkolari o‘rtasida katta farq yo‘q. “Mash’al”, “Andijon”, “Buxoro” kabi jamoalarning oldida ham jiddiy uchrashuvlar turibdi. Misol uchun “Aral”ni borib yutib kelamiz, deya oldindan aytish amrimahol. Birinchi davradan so‘ng, kimning qandayligi bilinadi. Nafaqat “Turon”, balki barcha jamoalar uchun ham uchrashuvlar qiyin o‘tyapti.
- Pro liganing saviyasi ancha o‘sganmi?
- 2019 yili “Andijon” safida to‘p surib jamoani Superligaga olib chiqqandik. Lekin o‘shanda bu darajada kuchli bo‘lmagan. Jiddiy qiynalmaganmiz. Yaqin ta’qibchimizdan 6 ochkoga o‘tib ketgandik. O‘yinga chiqqanimizda bugungidek bosim bo‘lmagan. Hozir esa har bir uchrashuvda bosim bor. Bosimsiz o‘yin bo‘lmayapti. Intriga ancha kuchli. Superligadan faqatgina biroz pastroq xolos. Agar pro liga klublari elita vakillari bilan o‘ynasa yutib qo‘yishi ham mumkin. Mana, O‘zbekiston Kubogida pro liganing 4 ta klubi keyingi bosqichga chiqdi. Shuning uchun pro liganing saviyasini yuqori darajada deb o‘ylayman.
- Bu yil “Turon”ga qo‘shildingiz. Bu qarorga kelishingiz nima bilan bog‘liq?
- “Turon”dan avval ham oldimda 3-4 ta variantlar bo‘ldi. Ammo menga “Turon” rahbari qo‘ng‘iroq qilib maqsadlari jiddiyligini aytdi. Kelasi yilga ham bu klubning vazifasi ancha kuchli. Natijada ushbu jamoa bilan shartnoma tuzdim.
- O‘tgan yili “Navbahor”da to‘p surdingiz, ammo o‘zingiz kutgandek kechmadi. Nima deb o‘ylaysiz, bu faoliyatingizdagi eng omadsizimi?
- Unchalik omadsiz ham deb bo‘lmaydi. Hamma ham xato qiladi. “Navbahor”ga kelishimdan avval boshqacha va’dalar berilgan. Lekin hech qaysinisini ko‘rmadim. Rostdan aytamanki, u erda mening yarim pulim qolib ketdi. Lekin hech qaerga klub ustidan shikoyat qilib yozmadim. Qaytanga, jamoadan roziman deb yozib berdim va ketdim. Rahbariyat o‘zi biladi, hammasini. Ular bilan do‘stona xayrlashdik. Afsuski, jamoada o‘yin amaliyoti kam bo‘ldi.
Fikrlar