
Boshkovich va uning jamoasi qanday qilib g‘alabani qo‘ldan chiqardi?
Superliganing 19-turidan o‘rin olgan “So‘g‘diyona” hamda “Andijon” jamoalari ishtirokidagi uchrashuv kutilganidek juda shiddatli tarzda kechdi. O‘yinda ikkala jamoa ham maydonga faqat g‘alabani ko‘zlab tushgandi. Ayniqsa, “Andijon” jamoasi muxlislarini xursand qilish maqsadida bor e’tiborini faqat g‘alabaga qaratgan. Lekin unutmaslik kerakki, raqib ancha jiddiy bo‘lib, musobaqa jadvalida kuchli uchlikda borayotgandi.
Uchrashuv mezbonlarning nazorati ostida boshlandi va shuning fonida mezbonlar bo‘lim o‘rtalarida hisobni ochishga ham erishdilar. Lyupche Dorievning qanotdan uzatgan to‘pini Samandar Mavlonqulov boshi bilan darvozaga kiritdi. Shundan keyin “Andijon” o‘yin suratini tenglashtirdi. Tanaffusga 1:1 hisobida chiqib ketish imkoniyati tug‘ilgandi. Qanotdan jarima maydoni ichiga uzatilgan pasni Abdurahmon Komilov yaqin masofadan darvozaga yo‘lladi, biroq oxirgi lahzada mezbon himoyachisi to‘pni maydon tashqarisiga chiqarib yubordi.
Ikkinchi bo‘limda “Andijon” o‘yinini yanada kuchaytirdi. Endi Milan Mitrovich darvozasi oldida xavfli vaziyatlar soni orta boshladi. Ana shunday hujumlarning birida Rustam Turdimurodov o‘zi uchun yaratilgan imkoniyatdan foydalanib qoldi. U bir nechta raqib o‘yinchilarini ortda qoldirib, o‘zining aniq zarbasi bilan hisobni tenglashtirdi.
Albatta, bellashuv mobaynida “Andijon” darvozaboni Eldor Adhamov bir necha bor seyvlarini namoyish qilib, jamoasini gollardan saqlab qoldi. Chunki “So‘g‘diyona” ham imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Ammo “Andijon” qarshi hujumlarda yanada qulay vaziyatlarga ega chiqqanini ta’kidlash lozim. Zaxiradan maydonga tushgan Levan Arveladze qo‘shimcha daqiqalarda ketma-ket ikki marta juda qulay vaziyatga ega bo‘ldi. Avvaliga uning zarbasini darvozabon arang qaytardi va to‘p to‘singa tegib maydonni tark etdi. Ikkinchisida esa yana darvozabon mahorat ko‘rsatib, qiyinchilik bilan maydon tashqarisiga chiqarib yubordi. “Andijon” so‘nggi daqiqalarda g‘alabani ilib ketishi ham mumkin edi. Ammo biroz omad etishmadi.
Umuman olganda, “Burgutlar” mezbonlarga qarshi mardonavor kurash olib bordi. Maydonning har bir qarich erida qattiq kurash kechdi. Xomyakov jamoasi xarakter ko‘rsata oldi. Endi 25 sentyabr kuni “Andijon” “Bobur arena”da vodiy derbisi doirasida “Neftchi”ni qabul qiladi.
“So‘g‘diyona” – “Andijon” – 1:1 (1:0).
20 sentyabr. Jizzax. “So‘g‘diyona” stadioni. 4028 tomoshabin.
Hakamlar: Ahrol Risqullaev, Akmal G‘iyosov, Avazbek Abdullaev
Zaxira hakami: Jahongir Noraliev
VAR: Asker Najafaliev
AVAR: Zilola Rahmatova
Nazoratchi: Baxtiyor Tog‘aev
Komissar: Oybek Yunusov
“So‘g‘diyona”: Milan Mitrovich, Islom Qobilov, Otabek Axadov, Alisher Salimov, Vladimir Yovovich, Suhrob Izzatov (Sardor Hoshimov, 90+5), Oleg Zoteev, Nodir Soyibov, Stanislav Andreev (Umid Sultonov, 72), Lyupche Doriev, Samandar Mavlonqulov.
“Andijon”: Eldor Adhamov, Ildar Mamatkazin, Vladimir Bubanya, Abdulvohid G‘ulomov, Abdurahmon Komilov, Sardor Azimov, Muhammadkarim Toirov, Farhod Bekmuratov, Ilhom Abdug‘aniev (Shaxrom Samiev, 78), Farhod Sohibjonov (Bektemir Abdumannonov, 90+5), Rustam Turdimurodov (Levan Arveladze, 90+5).
Gollar: Samandar Mavlonqulov, 24 – 1:0. Rustam Turdimurodov, 55 – 1:1.
Ogohlantirishlar: Otabek Axadov, 73 – Sardor Azimov, 67. Abdurahmon Komilov, 82.
Fikrlar