Stol tennisining Bosh Kongressida vakillarimiz ishtirok etdi

CHERY AUTO

Kecha Vengriyaning Budapesht shahrida stol tennisi bo‘yicha jahon chempionati boshlandi. Chempionat doirasida Xalqaro stol tennisi federatsiyasining navbatdagi Bosh Kongressi ham o‘tkazildi.

Tecno

Nufuzli anjumanda dunyo stol tennisi federatsiyalarining mutasaddi rahbarlari bilan birgalikda O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi a’zolari ham ishtirok etdi.

Kongressda 2021 va 2022 yillarda o‘tkaziladigan jahon chempionatiga mezbonlik qiladigan davlatni ovoz berish yo‘li bilan aniqlash, Markaziy Osiyoda mazkur sport turini yanada ommalashtirish va ushbu davlatlarda yirik sport anjumanlari hamda turnirlarni o‘tkazish bo‘yicha qator masalalar ko‘rib chiqildi.

 
photo5328264306783005402.jpg

Anjumanda 2021 yilgi jahon chempionatiga mezbonlik qilish huquqini AQShning Xyuston shahri qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2022 yilgi dunyo birinchiligini o‘tkazishda Xitoyning Chengdu shahri eng ko‘p ovoz to‘plagan holda Yaponiya va Portugaliya davlatlarini ortda qoldirdi.

Shuningdek, Kongressda Xalqaro stol tennisi federatsiyasi Bosh direktori Stiv Dainton va Bosh kotib Raul Kalin hamda bir qator federatsiyalar rahbarlarining ma’ruzasi tinglandi.
 
photo5328264306783005403.jpg

– Kongress doirasida biz mamlakatimizga qo‘shni bo‘lgan davlatlar bilan stol tennisi bo‘yicha terma jamoalarimiz a’zolarini mahoratlarini yanada oshirish, birgalikda o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini o‘tkazish bo‘yicha kelishib oldik, – deydi O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi ijrochi direktori Odina Burxonxo‘jaeva. – Biz kelasi yili Yaponiyada o‘tkaziladigan Olimpiya o‘yinlarining yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun o‘tadigan musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Ispaniya va Janubiy Koreya federatsiyalari bilan hamkorlikda iyun hamda iyul oyida o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini o‘tkazishga kelishib oldik.
 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!