Boks bo‘yicha 75 va 81 kg vaznda Olimpiya o‘yinlariga kim boradi?

  • 10 mart, 2021, 21:53
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

Pandemiya sabab, ko‘plab musobaqalar qoldirilmoqda. Shu bilan birgalikda Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi qaroriga ko‘ra, Frantsiyaning Parij shahri mezbonlik qilishi belgilangan yakuniy jahon litsenzion saralash musobaqasi ham bekor qilindi.

Tecno

Yakuniy saralash musobaqasida kimlar ishtirok etishi kerak edi?

Ushbu musobaqada barcha mintaqalardan yig‘ilgan va Olimpiada litsenziyasiga ega chiqmagan bokschilar, qo‘shimcha yo‘llanmalar uchun kurash olib borishi kerak edi. Xabaringiz bor, Osiyo va Okeaniya saralash turnirida 8 vazn toifasi bo‘yicha qatnashgan erkaklar terma jamoamiz 6 vazn: -52 kg Shahobiddin Zoirov, -57 kg Mirazizbek Mirzaxalilov, -63 kg Elnur Abduraimov, -69 kg Bobousmon Boturov, -91 kg Sanjar Tursunov va +91kg Bahodir Jalolov litsenziyaga ega chiqqan bo‘lsa, ikki vaznda (-75kg Fanat Qahramonov, -81kg Dilshodbek Ro‘zmetov) yo‘llanmadan quruq qolgan edi. Aynan, Parijda shu ikki vaznda hamyurtlarimiz yakuniy yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun ishtirok etishlari kerak edi. Terma jamoa murabbiylari tanloviga ko‘ra, -75 kg vaznda Isroil Madrimov, -81 kg vaznda esa, Dilshodbek Ro‘zmetov musobaqaga jalb qilinishi rejalashtirilayotgan edi.

ol1_1

Yakuniy saralash bo‘lmasa endi litsenziyalar qanday taqsimlanadi?

Litsenziyalar taqsimoti bo‘yicha qo‘mita AIBAning yangilanadigan reytingida, har bir mintaqa bo‘yicha o‘z vaznida boshqalarga nisbatan eng yuqori bo‘lgan, ammo litsenziyasi yo‘q bokschilarga berilishini e’lon qilindi. Masalan, biron vaznda aniq bir mintaqa bo‘yicha 1 va 2-o‘rindagi bokschilarda yo‘llanma bor, ammo 3-o‘rindagi bokschida yo‘q. Bunday vaziyatda ushbu bokschining boshqalardan reytingi yuqori bo‘lgani uchun o‘sha mintaqa bo‘yicha yo‘llanma taqdim etiladi. Ko‘rib turganingizdek, bunday vaziyatda endi litsenziya olinmagan vaznlarda murabbiylar kimni olib borishlari bo‘yicha mustaqil qaror qabul qila olmaydilar. Chunki, endi barchasi AIBA tomonidan yangilanadigan reytingga va ushbu reytingda o‘zbek bokschilarining Osiyo va Okeaniya mintaqasi bo‘yicha boshqalarga nisbatan joylashish o‘rniga bog‘liq bo‘lib qoldi.

ol2

Reyting qachon yangilanadi?

Hozirda Amerika va Evropa mintaqasi bo‘yicha saralash turnirlari hali o‘tkazilmagan. Amerika mintaqasi bo‘yicha turnir may oyida, Evropa mintaqaviy saralash turniri esa iyun oyida bo‘lib o‘tishi belgilangan. Aynan, mana shu turnirlar yakuniga etib, Olimpiadaga yo‘llanma olgan asosiy bokschilar nomlari aniq bo‘lgach, ushbu davrgacha bo‘lgan musobaqalarda ishtirok etgan va kerakli reyting ochkolarini to‘play olgan bokschilar o‘rtasida yangilangan reyting e’lon qilinadi.

O‘zbek bokschilari reyting imkoniyatlari qanday?

Ayni vazqtdagi AIBA reytingiga nazar soladigan bo‘lsak, -75 kg vaznda o‘zbekistonlik bokschilardan Isroil Madrimov 200 reyting ochkosi bilan jahonda 23-o‘rinni egallab turibdi. Ammo ta’kidlab o‘tganimizdek, biz faqatgina Osiyo va Okeaniya bokschilari egallab turgan o‘rinlarni inobatga olishimiz kerak. Isroil Madrimovdan yuqori o‘rinlarda litsenziyaga ega bo‘lmagan bizning mintaqamizga tegishli bo‘lgan bokschilar ikki nafarni tashkil etadi. Ular turkmanistonlik Nursahet Pazzev (19-o‘rin) va qirg‘izistonlik Omurbek Bekjigitulu (22-o‘rin). Isroil Madrimov 2020 yilda musobaqalarga qatnashmagani bois, yangilangan reytingda ham keskin pastlashi yoki umuman chiqib ketishi ehtimoli yuqori. Fanat Qahramonov esa saralash turniri chorak finalga qadar borgani uchun bir qancha reyting ochkolari to‘plagan, ammo bu yangilanadigan reytingda mintaqa bo‘yicha kerakli o‘rinni berishi yo bermasligini vaqt ko‘rsatadi. Shuni hozirdan aytishimiz mumkinki, Isroil Madrimovdan ko‘ra, Fanat Qahramonovda imkoniyat yuqoriroq. Agarda kerakli o‘ringa chiqa olmagan taqdirda afsuski ushbu vaznda biznikilardan hech kim bormasligi ham mumkin.

ol3_1

81 kg vazn reytingida esa jahon chempionati kumush medal sohibi Dilshodbek Ro‘zmetov dunyo reytingida 5-o‘rinni egallab turibdi. Undan yuqorida esa mintaqadan boshqa bokschilar yo‘q. Bundan ko‘rinib turibdiki, Ro‘zmetovda imkoniyat ancha yuqori. Shu bilan birgalikda, saralash turnirini  erta tark etgani biroz xavotirli vaziyat bo‘lib qolmoqda. Agarda reyting faqatgina saralash turnirlari nuqtai nazardan kelib chiqib tuzilsa, u holda Ro‘zmetovning holatini ham yaxshi, deb bo‘lmaydi.

Bizda hozircha shular. Voqealar rivojini bizda kuzatib boring.

Jalol Ahmedov tayyorladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!