
"Bizni yoshimizda puldan ham ko‘ra, ko‘proq o‘yin amaliyoti kerak, jamoam bilan butunlay xayrlashdim, 2 ta klub shartnoma jo‘natdi" yoxud Sherzod Temirovga xaridorlar bor
Iqtidorli hujumchimiz Sherzod Temirov Eronning “Peykan” klubida to‘p surib kelayotgandi.
Yodingizda bo‘lsa, futbolchi o‘tgan yili fevralning oxirlarida “Paxtakor”dan “Persepolis” klubiga yo‘l olgan. So‘ngra avgust oyida “Peykan” safiga ko‘chib o‘tdi. Hozirda Temirov uyiga qaytgan va eshitishimizcha jamoasini tark etgan.
Barchasiga oydinlik kiritish maqsadida o‘zi bilan bog‘landik va Sherzod Sports.uz uchun intervyu berdi.
- Sherzod, ishlaringiz yaxshimi? Erondan qaytibsiz, u erdagi faoliyatingiz qanday kechdi? Klubdan ham ketibsiz-a?
- Chempionatni yaxshi kayfiyatda, sog‘-salomat holatda o‘tkazib oldik. Muhimi, barcha o‘yinlarda ishtirok etdim. Bizni yoshimizda puldan ham ko‘ra ko‘proq o‘yin amaliyoti kerak. Meni pulga unchalik qiziqishim yo‘q, ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishim yoqadi va shuni xohlayman. Eron chempionatiga, “Persepolis”ga shuning uchun borganman. “Peykan” klubiga ham shu maqsadda o‘tganman. Chunki amaliyot bo‘lsa, hammasi bo‘laveradi. Eron chempionati tugadi, transfer oynasi ochiq. Sizga oldin ham aytganman, jamoada hammasi joyida. Klub meni qolishimni istab yangi shartnoma berdi, ammo unga imzo chekmadim. Chunki boshqa rejalarim borligi sababli klubda qolishni istamadim. “Peykan”dagilar bilan butunlay xayrlashdim. Hammaga rahmat aytib, yaxshi kayfiyatda, do‘stona ravishda ketdim. Qaytishimni xohlashgandi, biroq buni istamadim va batamom xayrlashib keldim. Bilasizlar, Eron chempionati Osiyoda eng yaxshi ligalardan bittasi. Buni har bir futbol muxlisi bilsa kerak. Eron chempionatida o‘ynash ham oson emas. Buni hamma bilib, ko‘rib turibdi. Jismoniy tomondan juda qattiq. Mana shunday chempionatda to‘p surganimdan xursandman. Asosiysi, Osiyoning eng zo‘r jamoasida faoliyat olib borganimdan mamnunman. Hammasiga sabr va mehnat kerak, shunda barchasiga erishsa bo‘ladi.
- Hozir “Sho‘rtan” bilan birga shug‘ullanib turibsizmi?
- Yo‘q, bu yolg‘on. Agar to‘g‘ri bo‘lganida o‘zim bu haqida aytgan bo‘lardim. Agar qo‘shilsam “Nasaf” klubi ham bor, ikkalasi ham uyimning oldida. O‘zim alohida shug‘ullanyapman. Faqat stadion “Sho‘rtan”niki. U erda shug‘ullanayotganimni instagramdagi sahifamda video qo‘ygandim. “Sho‘rtan”ga qo‘shilib, biror marta shug‘ullanganim yo‘q. Chunki kelganimga bir hafta bo‘ldi. Biroz dam olgach, yakka tartibda mashg‘ulotni boshlaganman. Qolaversa, menga maslahat beradigan o‘zimning murabbiyim bor. O‘zi asli amerikalik, Eronda yashaydi. Undan ko‘proq maslahat olaman. Uni bergan dasturi bo‘yicha shug‘ullanyapman.
- O‘zbekiston chempionatiga qaytishingiz mumkinmi? Oldingizda yana qanday takliflar bor?
- Menga rasmiy ravishda ikkita jamoadan shartnoma kelgan. Faqat nomlarini ochiq ayta olmayman. Boshqa davlatlardan ham yaxshigina takliflar bor. O‘zbekiston chempionatiga keladigan bo‘lsak, hali noma’lum. Men hozir damdaman, o‘zingiz bilasiz, futbolchi oilasiga kamroq vaqt ajratadi. Chunki musofirchilikda, o‘z oilangizdan uzoqda to‘p surish oson emas. Ayni paytda oila davrasida vaqtimni ko‘proq o‘tkazyapman. Yangi jamoam to‘g‘risida asosan agentim shug‘ullanyapti. Agentim bilan bir to‘xtamga kelganimizdan so‘ng qaysi klubga o‘tishim aniq bo‘ladi.
- Ayting-chi, “Paxtakor”dagi Temirov va Eronda o‘ynagan Temirov o‘rtasida qanchalik farq bor?
- Eron chempionati qanaqa kuchliligini o‘zimizni murabbiylarimiz ham, futbolchilarimiz ham yaxshi bilishadi. Osiyoda Eron chempionati kuchlilar safiga kiradi. Agar kuchli uchtalik bo‘lsa, shulardan bittasi. “Paxtakor”ni o‘ziga xos uslubi bor. Eron klublarini esa o‘z uslublari bor. Ikkalasini o‘rtasida farqi bor. Eronda ko‘proq jismoniy tomondan tayyor bo‘lishingiz kerak. O‘zbekiston jamoalarida ko‘pincha texnikaga asoslangan futbol talab qilinadi. Legioner darajasiga etganimdan juda xursandman. Bilasiz, legioner bo‘lib to‘p surish oson ish emas. Jamoadoshlarimga, murabbiylarimga rahmat aytib qolaman. Bu darajaga etishishim uchun “Paxtakor” ham yordam bergan. Lekin “Persepolis”ni Osiyoning eng kuchli klublaridan biri deb bilaman, o‘zim uchun. Albatta, “Paxtakor” ham bundan qolishmaydi. Har jabhada “Persepolis”ga raqobat qila oladi. Ikkala klubga menga yaqindan yordam berib, qo‘llab-quvvatlashgani uchun rahmat.
- Yangi klubga o‘tish masalangiz qachon hal bo‘lib qolishi mumkin?
- Boya aytganimdek, agentim yangi klublar ustida ishlayapti. Eronni 4 ta jamoasidan qiziqish bor va 2 tasi aniq shartnoma bergan. Muzokaralar olib borilyapti. Shartnoma bandlari bizga ham, ularga ham ma’qul keladigan bo‘lishi kerak. Agentim shuning ustida ishlayapti. Keyin Tailandning top klublaridan yaxshigina variant bor. Janubiy Koreyadan zo‘r variant bo‘lgandi, keta olmasdan qoldim. U erda hozir transfer oynasi yopiq. Koreya klubi bilan kelishgandik, biroq Eron chempionati hali tugamagani sababli bora olmadim. Yana ba’zi takliflar bor, agentim ularni ham o‘rganib chiqyapti. Xudo xohlasa, transfer oynasi yopilgunicha yaxshiroq klubga o‘tib, qo‘ldan kelganicha yordam berishga harakat qilaman. Mashg‘ulotlarda o‘z formamni ushlab turibman. Nasib bo‘lsa, yaqin kunlarda yangi jamoam nomi aniq bo‘ladi. Agentim bilan kelishib, bir to‘xtamga kelmoqchimiz. Meni qo‘llab-quvvatlagan barcha futbol muxlislariga rahmat.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar