
"Bizna yana butun dunyo sezadi" - "Andijon" va uning muxlislari Kubok finaliga qanday tayyorlanayotganini bilasizmi?
5 oktyabr kuni Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Kubogi finaliga qiziqish qanchalik kattaligini yaxshi bilasiz. Vodiy derbisidagi “Navbahor” hamda “Andijon” klublarining bosh sovrin uchun maydonga tushishi hamda unda qanday intriga yuzaga kelishini barcha yaxshi tushunib turibdi.
Ikkala jamoa muxlislari ham alohida tayyorlanishmoqda. Jumladan, “Andijon” fan-klubi raisi Nodirbek To‘ychiev boshchiligidagi muxlislar armiyasining tayyorgarligi har qachongidan ko‘ra jiddiy. Chunki o‘yinning mohiyati, uning ahamiyatini aniq va tiniq his qilib bormoqdalar.
“Andijon” 60 yillik yubileyida O‘zbekiston Kubogi finalida o‘ynash imkoniyatini qo‘lga kiritgani bejiz emas, albatta. Shunday ekan, nafaqat har bir futbolchi, jamoa a’zosi yoki oddiy muxlis uchun, balki barcha andijonliklar uchun bu hayotidagi unutilmas uchrashuvdir.
Fan-klubi etakchisi Nodirbek To‘ychiev Kubok finali oldidan “Andijon” matbuot xizmatiga ko‘rilayotgan tayyorgarlik hamda final oldi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Bu tarixiy o‘yin. Xudo xohlasa, g‘alaba qozonsak bu tarixda qoladi. Bundan keyin qachon finalni ko‘ramiz? Qachon chempionlikka kurashamiz? Biz bilmaymiz, faqat Alloh biladi. Shuning uchun bu tarixiy uchrashuv. Jamoamizdan iltimos qilamiz, jang, jang va yana jang qilishsin. Raqib tarkibida qimmat o‘yinchi bo‘ladimi yoki milliy termada o‘ynaydimi, bizning futbolchilar ulardan qolishmaydi, buni 100 foiz bilamiz. O‘yinchilarimiz ham bu narsalarni his qilib turishibdi.
Bu o‘yinga o‘ta qattiq tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Borasizlar, ko‘rasizlar! Stadionda barcha andijonlik muxlislar qizil futbolkada bo‘lishlari shart. Hammaga tekinga futbolka beramiz. Ishqibozlarimizga yana beriladigan boshqa narsalarimiz ham bor. Buning uchun hamma narsani vaqtida bajarishimiz shart. Yana qaytaraman: biz ishqibozlar juda qattiq va jiddiy tayyorgarlik ko‘rganmiz.
Stadionda bizga ajratilgan 10-20-sektorlarda o‘tiradigan barcha-barcha fan-klubga, fanatga aylanadi. U erga boradiganlar nima uchun ketayotganini bilib turishibdi. Bizni fanatlarni dunyo bilyapti. Yana bir bor “Andijon”ni dunyo his qilishi kerak. Bunda O‘zbekiston sha’ni ham plyusga ishlaydi.
Andijondan Farg‘onaga muxlislar uchun qulaylik yaratish maqsadida 30 ta avtobus xizmat qiladi. Bordi-keldisi tekin. Avtobusga chiptasi borlar chiqadi. Aytib o‘tganimdek, u erga borgan hamma fan-klubga aylanadi. Barcha muxlislar “Andijon” uchun, qo‘llab-quvvatlash uchun ketyapti. 5 oktyabr kuni soat 11:00 da “Bobur arena” stadionidan avtobuslar Farg‘ona tomon yurishni boshlaydi.
“Istiqlol” stadioniga borganda tartib-intizom birinchi o‘rinda bo‘ladi. Bizda bir kishi hamma uchun, hamma bir kishi uchun. Qizil futbolka berilgach, o‘sha kuni yomg‘ir yog‘adimi, qor yog‘adimi hamma qizil futbolkani kiyishi shart va majbur. Yana boshqa narsalar beriladi. Men aytgan vaqtda rejalarimizni amalga oshirishni boshlaymiz. Barcha meni aytganlarimni bajarsa bo‘ldi. Bizni dunyo sezib turibdi. Jahonning nufuzli nashrlarida ham biz haqimizda yozishyapti. O‘sha “Marca” jurnalida ham bizni chop etishdi. Xudo xohlasa, 5 oktyabr kuni Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida andijonlik muxlislarni yana bir bor butun dunyo sezadi. Olg‘a “Andijon”, faqat g‘alaba!!!”, - deya o‘z fikrlarini bildirdi, Nodirbek To‘ychiev.
Fikrlar