
Bizga VAR kerak...mi?
“Andijon” – “Mash’al” o‘yinni ko‘pchilik jonli efirda kuzatgan bo‘lsa kerak. Uchrashuvning durang bilan yakunlangani ishqibozlarni u qadar xursand qilgani yo‘q. Buning ustiga “Andijon”ning o‘yini ham qovushmadi. Buni o‘yindan keyin bosh murabbiy Otabek G‘ulomxo‘jaev ham aytdi va tarkib tanlashda xatoga yo‘l qo‘yganini tan oldi.
Ko‘rgan bo‘lsangiz, Jasur Jaloliddinov etakchilikni o‘z qo‘liga olishga harakat qilmoqda va aksariyat hujumlar uning orqali uyushtirildi. O‘yinning yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, Andijondagi uchrashuvda ilk bor VAR tizimidan foydalanildi. Rosti, uchrashuvdan oldin bu borada ham turli mulohazalar bo‘ldi. Bellashuvning kulminatsion nuqtasi aynan VAR bilan bog‘liq bo‘ldi. Kechadan beri bu haqida ko‘pchilik gapiryapt. “Andijon” – “Mash’al” uchrashuvi naqd 104 daqiqa davom etdi. Bu g‘olib nomi aniqlanishi shart bo‘lgan biror-bir Kubok bahsi emasdi. Lekin O‘zbekiston Superligasida ham oddiy o‘yinning 104 daqiqa davom etishini tasavvur qilganmidingiz?
Bunga tabiiyki, VAR sababchi. Natijada u yana muhokamalar markaziga aylandi. Negadir Andijondagi o‘yinda VARdan foydalangan holda aniq qaror chiqarish juda cho‘zilib ketdi. Vaholanki, bunday uskuna bilan ishlaydigan hakamlar ancha tajribali edi. Aziz Asimov, Jahongir Saidov va Farhod Abdullaevdan iborat guruh VAR bilan ishlashdi. Lekin shunda ham uchrashuvning oxirgi daqiqalaridagi epizodni aniqlashda juda qiynalishdi. Bosh hakam Zokir Qodirov ham chiqargan qarorlarida keyinchalik ikkilanib qolgandek tuyuldi. Bu asosan qo‘shib berilgan daqiqadagi vaziyat bilan bog‘liq.
Hakam to‘xtalishlar uchun besh daqiqa qo‘shib berdi. “Andijon”ning hujumlaridan birida Jasur Jaloliddinov jarima maydoni ichida yiqitildi. Hakam o‘yinni davom ettirdi, ammo VARdagilar Zokir Qodirovga bu bahsli vaziyat ekanligini aytgan holda o‘yin to‘xtatildi. Aynan mazkur jarayon tufayli uchrashuv kamida besh daqiqaga to‘xtab qoldi. VARning o‘sha vaziyatni o‘ta jiddiy tekshirishidan go‘yoki “Mash’al” darvozasiga penalti belgilanadigandek tuyuldi. Avvaliga Zokir Qodirov maydonda turgan holda quloqchini orqali ichkaridagi hamkasblari bilan muloqot qildi. So‘ng yakuniy qarorga kelinmagach, Qodirovning o‘zi ekran orqali epizodni ko‘rdi, bu ham bir qancha vaqtni oldi. Bosh hakam joyiga qaytib, endi qandaydir ishorani ko‘rsatmoqchi bo‘lib turganida, yana VARdagilar unga nimadir deyishdi va bosh hakam ortiga qaytib takroran vaziyatni ko‘rdi. Xullas, u bo‘ldi, bu bo‘ldi, yakunda Zokir Qodirov o‘yinni kelgan joyidan davom ettirishni ko‘rsatdi. Bu nimadan dalolat? Aslida bosh hakamning o‘yinni to‘g‘ri davom ettirayotganidan darak edimi? Ammo VAR nima uchun bu qadar uzoq vaqt o‘yinni “ushlab” turdi?
Uchrashuvdan keyin komissar bilan bu borada gaplashganimizda vaziyatni tushuntirdi. O‘sha paytda penalti bo‘lgan va bosh hakam 11 metrli nuqtani ko‘rsatmoqchi bo‘lganida, keyin yana bir vaziyat ko‘zga tashlangan. Unga ko‘ra, Jaloliddinov yiqilishidan avval, “Andijon”ning yana bir a’zosi Kamron Saidazimovning qo‘liga to‘p tekkani ko‘ringan. Shu sababdan, qaror yana o‘zgargan. Xullas, shunday vaziyatlar maydondagi hamda VARdagi hakamlarga bir muncha qiyinchilik tug‘dirgan. Shuncha to‘xtalishga yarasha o‘yindagi vaziyatda hech nima o‘zgarmadi. Bu esa tabiiyki, “Mash’al” ustoziga manzur bo‘ldi. Ammo o‘yindan keyingi matbuot anjumanida Aleksandr Xomyakovning aytgan gapida jon bordek, u bugun o‘yin tugamasa kerak, deb o‘ylagandim, degan fikrni aytib o‘tdi. Shuningdek, murabbiy VAR haqida ijobiy fikr bildirdi. Lekin o‘yinning oxirida hakam “Mash’al” darvozasiga ikkinchi bor penalti belgilaganida Xomyakov nima degan bo‘lardi? Ishoning, u VAR haqida ijobiy fikr bildirmagan bo‘lardi. “Andijon” bosh murabbiyi esa o‘tgan safar aytganidek, bu gal ham ochiq-oydin gapirdi: “Bizning o‘yinlarimizga VAR kerak emas!”.
Oxirgi paytlarda savollar ko‘paymoqda. O‘zbekiston chempionati VARdan foydalanishga tayyormi? VARsiz futbol bilan VARli futbolning farqi nimada? Ha, futbolda texnologiyalar ko‘payib ketyapti. Bu kimgadir yoqyapti, kimgadir yo‘q. Buning o‘ziga yarasha ijobiy va salbiy tomonlari bor. Agar undan to‘g‘ri foydalana olinsa, buning salbiyligi ancha kamayadi. VARdan foydalanishda albatta sifatli tasvirlar, etarli kameralar bo‘lishi shart. Bizda qanday? Hammasi etarlimi? VAR bo‘yicha mutaxassislarimiz ham etarlimi? Ko‘ryapsizmi, savollar ketidan savollar! Bunga kim javob beradi? Bu bilan bizga VAR kerak emas, degan fikrdan yiroqmiz. Lekin o‘zimiz bu borada to‘liq tayyor bo‘lishimiz kerak. Chempionatimiz uchrashuvlarida ko‘ryapmizki, VAR tufayli to‘xtalishlar ortyapti va bu o‘yin “harorati”ga ta’sir ko‘rsatyapti. To‘g‘ri, dastlabki qadam tashlandi va bu yaxshi. Biroq shu bilan birga kamchiliklarimizni ham ko‘rsatib beryapti.
Ha, VARsiz o‘yinlarda hakamlarning qo‘pol xatolari natijaga ta’sir qilayotgan vaziyatlarga ham guvoh bo‘lyapmiz. Bir tomondan qaraganda, bu holat barcha uchrashuvlarga VAR kerakligini ko‘rsatadi. Lekin undan iloji boricha vaqtni cho‘zmasdan foydalanish naqadar muhimligi ham ko‘rinib qolyapti. Ana shunda futbolning jozibasi yo‘qolib qolmasdi.
Fikrlar