Bizga o‘t, buyog‘iga faqat pul uchun o‘ynaysan!
“Manchester Yunayted”ning eng mashhur o‘yinchilaridan biri Harri Maguayr faoliyatini Saudiya Arabistoni chempionatida davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Daily Mirror nashrining yozishicha, tajribali himoyachiga “An-Nasr” va “Al-Ittifoq” jiddiy qiziqish bildirmoqda.
Ta’kidlash lozimki, Maguayr jahon futboli tarixida hamon eng qimmat himoyachi nomini saqlab turibdi. 2019 yili “Manchester Yunayted” Harrini olish uchun “Lester Siti”ga 80 million funt to‘lagan. Hozircha, biror himoyachining transferi bu qadar qimmatga tushmagan.
Aslida Maguayrning klub bilan shartnomasi o‘tgan yoz yakunlangan edi. Biroq klub o‘yinchi bilan shartnomani bir tomonlama 12 oyga uzaytirish optsiyasidan foydalanib, himoyachini tarkibida olib qoldi.
Tajribali o‘yinchi yanvar oyidan boshlab, boshqa klublar bilan muzokara o‘tkazish huquqiga ega bo‘ladi. “An-Nasr” va “Al-Ittifoq” bu vaziyatdan unumli foydalanib qolmoqchi.
32 yoshli futbolchi Angliya terma jamoasidagi o‘rnini ham yo‘qotgan. Kelasi yoz jahon chempionatiga borishdan umid qilmasa ham bo‘ladi. Endi Maguayrning oldida shayxlar taklifini qabul qilib, faoliyatining so‘nggi bosqichida mo‘may pul ishlab olish imkoni turibdi.



Fikrlar