
Bitta o‘yinda 2 ta gol va 2 ta assist: Legionerlarimiz chempionga xos o‘yin ko‘rsatdi
Qozog‘iston Premer-ligasi bellashuvlari ham boshlandi. Bu mavsumda o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari uchta jamoa – “Ordabasi”, “Qayrat” va “Qaysar” jamoalari ishtirokini alohida qiziqish bilan kuzatib boradi.
Chunki “Ordabasi”dan Shahboz Umarov va Jasur Yaxshiboev, “Qayrat”da Ibrohimxalil Yo‘ldoshev, “Qaysar”da Shohnazar Norbekov to‘p tepmoqda.
“Ordabasi” o‘tgan mavsumda qo‘lga kiritilgan chempionlik unvonini himoya qilishda ikki nafar o‘zbek legioneri yordamiga tayanadi. Shahboz Umarov bu mavsumda chempion jamoa safida qolishga qaror qilgan bo‘lsa, “Nasaf”ga qaytishga qaror qilgan Bobur Abduxoliqov o‘rnini Jasur Yaxshiboev egalladi.
Bu ikki legionerimiz Qozog‘istonning ichki musobaqalaridan tashqari Evropa Chempionlar ligasining saralash bosqichida ham jamoasiga yordam berishi kerak. Chimkentliklar bu borada “ko‘hna qit’a”ning eng nufuzli musobaqasida Madridda “Real”ga gol urgan va Evropa Ligasida o‘ynash tajribasiga ega bo‘lgan Jasur Yaxshiboevga ko‘proq suyanmoqchi.
“Ordabasi” chempionatning yangi mavsumini yirik g‘alaba bilan boshladi. Aleksandr Sednyov shogirdlari o‘z maydonida Qarag‘andaning “Shaxtyor” jamoasini qabul qilib raqib darvozasiga javobsiz beshta to‘p kiritdi.
Chimkentdagi uchrashuvda hisobni mezbonlar vakili Igor Plastun ochdi. Buning uchun ukrainalik himoyachiga atigi besh daqiqa kifoya qildi.
Premer-liganing ilk uchrashuvida legionerlarimiz ham o‘zini ko‘rsatib, chempionatdagi dastlabki golini kiritdi va birinchi assistini ham amalga oshirdi.
O‘yinning 13-daqiqasida Jasurbek Yaxshiboevning pasidan keyin Shahboz Umarov raqib darvozasini ishg‘ol qildi va hisobni 2:0 ga etkazdi.
Bellashuvning 37-daqiqasida Jasurning o‘zi Qozog‘iston chempionatidagi birinchi golini kiritdi. Mohir hujumkor futbolchimiz Asxat Tagibergendan qabul qilib olgan to‘pni boshi bilan raqib darvozasiga joyladi.
Shahboz Umarov 61-daqiqada jamoadoshi Zlatan Shexovichni qulay pozitsiyaga chiqarib, serbiyalik futbolchining goliga hammualif bo‘ldi.
Chempion jamoaning beshinchi goli esa, Sergey Madiy hisobiga yozildi. Qiziq tomoni shundaki, “Ordabasi”ga yirik hisobda g‘alaba keltirgan beshta goldan uchtasini himoyachilar urdi. Hujum chizig‘i vakillari orasidan to‘p kiritishni faqat o‘zbekistonlik legionerlar uddaladi.
“Ordabasi” yirik hisobdagi g‘alabasi evaziga to‘plar nisbatiga ko‘ra, musobaqa jadvalida birinchi o‘ringa ko‘tarildi.
Aleksandr Sednyov shogirdlari navbatdagi bellashuvni 6 mart kuni “Atirau” jamoasi maydonida o‘tkazadi.
Raneri maydonga qaytgan Shomurodovga qanday baho berdi?
Fikrlar