Bir kunda ikkita o‘yin. Birida "Spartak"ning sobiq futbolchisi, keyingisi Kaxa Kaladzeni tarbiyalagan klub yoxud "Andijon"ning raqiblari haqida nimalarni bilamiz?

  • 12 fevral, 2023, 02:07
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

“Andijon” jamoasi Antaliyada davom etayotgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini mobaynida navbatdagi o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazadi.

Tecno

Bu safar 12 fevral kuniga ikkita o‘yin rejalashtirilgan. Dastlab mahalliy vaqt bilan soat 11:00 da Rossiyaning “Veles” jamoasiga qarshi bellashuv boshlanadi. Kechki mahal soat 17:00 da Gruziyaning “Samterdia” klubi “Andijon”ning sparring-raqibiga aylanadi.

Raqiblar haqida tanishtiradigan bo‘lsak, dastlabkisi Moskvaning “Veles” jamoasi Rossiya birinchi divizion qatnashchisi sanaladi. 18 ta jamoa orasida 14-o‘rinni egallab turibdi.

Uy o‘yinlarini “Avangard” nomli stadionda o‘tkazadi. O‘z bag‘riga 5500 tomoshabinni sig‘diradi. Bu jamoaga mahalliy mutaxassis Artyom Anatolevich Kulikov bosh murabbiylik qilyapti. U 31 yanvar kuni 43 yoshini qarshiladi. Bunga qadar Kulikov Rossiyaning boshqa klublari – “Saturn”, “Rotor”, “Krasnodar-2” singari klublarida faoliyat ko‘rsatgan.

andijon antaliya

Muxlislar uchun yana bir ma’lumotni aytib o‘tmoqchimiz, “Veles” klubi sardori tajribali Evgeniy Makeev. 34 yoshli o‘yinchini zukko ishqibozlarimiz “Spartak”dagi o‘yinlari orqali yaxshi eslab qolishgan bo‘lsa ajab emas. “Qizil-oqlar” safida Evropa Chempionlar ligasida ham to‘p surgan. Makeev 2021 yili Bekobodning “Metallurg” klubiga taklif qilingan va O‘zbekiston chempionatida ham faoliyat olib borgan. Biroq Makeevning bekobodliklar tarkibidagi ishtiroki uzoqqa cho‘zilmagan. U faqatgina 4 ta uchrashuvda maydonga tushgan va 1 bor sariq kartochka bilan siylangan. Keyinchalik ortga qaytgan va shundan beri “Veles” sharafini himoya qilib kelmoqda.  

Ushbu klub Antaliyadagi yig‘ini davomida kimlarga qarshi o‘yinlar o‘tkazdi, degan savol tug‘ilishi ham tabiiy. Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, “Veles” 4 ta o‘yinda qatnashdi. “Ximki”ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi. “Volgar”ga xuddi shu hisobda engildi. O‘zimizning “Bunyodkor” klubi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “Veles” 0:1 natijasida mag‘lubiyatga uchradi. Oxirgi o‘yinini Moskvaning boshqa bir jamoasi  - “Chertanovo”ga qarshi o‘tkazib 4:0 hisobida raqibini tor-mor keltirdi.

"Andijon"ning keyingi raqibi – “Samtredia” klubiga to‘xtaladigan bo‘lsak, Gruziyaning “Erovnuli” ligasida ishtirokini boshlaydi. Bu xuddi o‘zimizni Superliga kabi. 2022 yilning 11 dekabr kuni pley-offda “Sioni” jamoasini 2:0 hisobida mag‘lub etib, kuchlilar orasiga qaytdi. Ularda bu yilgi chempionat 25 fevralda start oladi. Shu kuni “Andijon”ning bo‘lajak raqibi o‘z uyida “Telavi”ni qabul qiladi. Darvoqe, “Samtredia” raqiblarini “Erosi Mangaladze” nomli stadionda qabul qiladi. Bu 15 ming ishqibozga mo‘ljallangan.

andijon antaliya2

“Samtredia”ni mahalliy mutaxassis Giorgi Shashiashvili boshqarib kelmoqda. 43 yoshli mutaxassis 2022 yilning 1 yanvaridan bosh murabbiy lavozimiga kirishgan. Murabbiylik faoliyati mobaynida Gruziyada “Shukura” hamda “Dila” klublarida ishlagan. Uning “Samtredia” bilan shartnomasi shu yilning 31 dekabrgacha amal qiladi.

Darvoqe, Gruziya futboli yulduzlaridan biri – Kaxa Kaladze katta futbolga aynan “Samtredia” jamoasi orqali kirib kelgan. Ya’ni, u ushbu klub tarbiyalanuvchisi sifatida manbalarda qayd etilgan.

6 fevraldan Antaliyadagi yig‘inga kirishgan “Samtredia” ilk o‘rtoqlik uchrashuvini Toshkentning “Lokomotiv” klubiga qarshi o‘tkazib, o‘z darvozasidan 2 ta gol o‘tkazib yubordi va bunga gruziyaliklar javob qaytara olmadilar. Ikkinchi nazorat uchrashuvi esa “Andijon”ga qarshi bo‘lib o‘tadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Ботир
12/02/2023 13:52
Омад